Qurmanbek Bakiyev ommaviy qirg'inda ayblanmoqda


Qirg'izistonda muvaqqat hukumat lavozimidan chetlatilgan sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev mamlakatdagi g'alayonni qurol bilan bostirishga harakat qilib, ommaviy qirg'inga yo'l qo'ygan, deb unga qarshi rasman ayblov qo'ygan. Bakiyev ayni damda Belarusdan boshpana olgan.

Muvaqqat rahbar o'rinbosari Azimbek Beknazarovning aytishicha, Belarus hukumatidan Qurmanbek Bakiyevni ekstraditsiya qilish so'raladi.

Kecha Roza Otunbayeva hukumati Bakiyevni vakolati va daxlsizligidan ayiruvchi qaror qabul qilgan.

Rasmiy Minsk Bakiyevni Qirg'izistonga topshirmoqchi emas. Bakiyev esa o'zini hamon qonuniy prezident deb hisoblamoqda. Uning hukumatida oz vaqt bosh vazir lavozimida ishlagan Feliks Kulov nazarida Bakiyevning ruhiy ahvoli yaxshi emas.

"U hozir Belarusdan boshqa hech bir davlatga chiqa olmaydi. Kim ham uni qabul qilar edi", - deydi Kulov.

Bakiyev ayni damda Minskda davolanmoqda.

Qirg'iziston sobiq ichki ishlar vaziri Moldomusa Kongantiyev Moskvada qo'lga olinib, Bishkekka ekstraditsiya qilindi. Rossiya davlat to'ntarishining ilk kunlaridan muvaqqat hukumatni tan olib, Bakiyevni pisand qilmayapti.

Sobiq prezidentning ba'zi yaqinlari ham qidiruvga e'lon qilingan. Xususan, iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotgan o'g'li Maksim va namoyishchilarga qarshi o't ochishga buyurganlikda ayblanayotgan ukasi Janish Bakiyev. Jami yuqori lavozimli sobiq rasmiylardan 9 nafari qidirilmoqda.

Muvaqqat hukumat Ulug' Vatan urushida natsistlar Germaniyasi usidan erishilgan g'alabaning 65 yilligi munosabati bilan amnistiya e'lon qilgan. Azimbek Beknazarovning aytishicha, siyosiy sabablarga ko'ra qamoqda saqlanayotganlar hamda davlat tizimini ag'darishda ayblanib qamalgan 2008 yil Novqat voqealari ishtirokchilari ozodlikka chiqishi mumkin.

Qirg'izistondagi voqealar xarakteri o'rganilar ekan, ba'zilar uni inqilob, ba'zilar g'alayon, davlat to'ntarishi, isyon deb atamoqda. Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Almatida Yevrosiyo media forumida nutq so'zlar ekan, "aprel voqealari inqilob emas, chunki inqilobda bir tuzumdan boshqasiga o'tiladi, bu shunchaki hokimiyat uchun kurash yoki xalqning hokimiyatni almashtirishi" degan.

XS
SM
MD
LG