Breaking News

Qirg'iziston O'zbekiston bilan aloqalarni yaxshilashga tayyor


Qirg'iziston O'zbekiston bilan aloqalarni yaxshilashga tayyor
Qirg'iziston O'zbekiston bilan aloqalarni yaxshilashga tayyor
<!-- IMAGE -->

Qirg'izistonning Toshkentdagi elchixonasi tarqatgan bayonotga ko'ra, oy boshida bu xalq qo'zg'olon ko'tarib, urug'-aymog’chilikka asoslangan Qurmanbek Bakiyev rejimini ag’dargan.

Elchi Azizbek Madumarovning aytishicha, muvaqqat hukumat Toshkent bilan diplomatik aloqalarni davom ettirishga tayyor.

28 aprel kuni Qirg'iziston elchixonasida qisqa brifing o'tdi. 27 iyul kuni bu xalq konstitutsiyaviy islohotlar uchun ovoz beradi. 10 oktabrda esa parlament saylovlari o'tadi.

Qirg'iziston avvalgi hukumat davrida o'z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni bajarishga hozir.

“Vaziyat o'nglanayapti, muvaqqat hukumatni xalq qo'llab quvvatlamoqda",- deydi elchi Madumarov.

"Barcha regionlar muvaqqat hukumat nazorati ostida. Mamlakatda konstitutsiya loyihasi e'lon qilindi. Qirg'izistonda parlament tizimi joriy etilishiga urg'u berilmoqda. Hozircha Qirg'iziston parlament respublikasi bo'ladimi yoki yo'qmi aniq aytish qiyin, muhokamalar davom etmoqda”, - deydi Madumarov.

Elchi Qirg'izistonda vaziyatni barqarorlashtirishga hissa qo'shgan xalqaro tashkilotlarga, ko'mak ko'rsatgan davlatlarga minnatdorchilik bildirdi. Jumladan, yaqinda Qirg'izistonga insonparvarlik yordami ko'rsatgan O'zbekistonga ham tashakkur aytdi.

Bu ko'mak va ochiq diplomatik yig'in rasmiy Toshkent va Bishkekdagi muvaqqat hukumat
o'rtasida aloqa o'rnatilganidan darak.

Qirg'iz elchisi fikricha AQSh, Rossiya va Qozog'iston tashabbusida Bakiyevning mamlakatdan olib chiqilgani ziddiyatlarning oldini olgan.

“Bakiyev esa, bilasiz, 16 aprel kuni o'z vakolatlarini topshirishi haqida ariza yozdi”, - deydi u.

Qurmanbek Bakiyev ayni paytda Belarusda, prezident Aleksandr Lukashenko tomonidan unga siyosiy boshpana berilgan. Bakiyev Minskdagi so'nggi chiqishida prezidentlik vakolatlarini bosim ostida topshirishga majbur bo'lganini aytgan. Muvaqqat hukumat Bakiyevni ommaviy qirg'inlarda ayblamoqda va uni mamlakatga qaytarilishidan
umidvor.

O'zbek ziyolilari nazarida Qirg'izistonda ahvol hamon tarang.

“Belarus Qirg'izistondagi voqealar bo'yicha vositachilik qilmoqchimi yoki Rossiya bilan siyosiy savdo qilish yo'llarini maqsad qilganmi? Masalan, Qirg'izistondagi beqarorliklardan manfaatdor bo'lgan Rossiyadagi ayrim siyosiy guruhlar ham Bakiyevga boshpana berish
to'g'risida Lukashenkoga bosim ko'rsatgan bo'lishlari mumkin. Bakiyev da'vosidan voz kechmasa yoki janubdagi tarafdorlarini hukumatga qarshi undashda davom etsa, vaziyat og'ir tus olishi mumkin”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Qirg'izistonda 6 aprel kuni boshlangan namoyishlar ortidan hokimyat almashdi. To'polonlarda 100 ga yaqin kishi halok bo'ldi. Muxolifat muvaqqat hukumat tuzdi. Bu rahbariyat esa chet eldagi diplomatlarni o'zgartirmoqda, jumladan Vashingtonga yangi elchi tayinlanishi kutilmoqda. Lekin O'zbekistondagi elchi hozircha o'z vazifasida qolayotgan ko'rinadi.


XS
SM
MD
LG