Amerika xususiy sektori davlat siyosatiga yordamlashadi


AQShning amaldagi va sobiq davlat kotibalari Xillari Klinton va Madlen Olbrayt jahon bo'ylab musulmon jamoalari bilan hamkorlikka qaratilgan yangi tashabbus haqida e'lon qildi. Salqin ichimliklar ishlab chiqarish bo'yicha jahondagi ilg'or Koka-Kola kompaniyasi va Davlat departamenti loyihani birgalikda yuritadi.

Koka-Kolaning hukumat bilan aloqalariga mas'ul vitse-prezidenti Barklay Rezlerning aytishicha, dasturga muvofiq, AQSh kompaniyalari musulmon dunyosi bilan hamkorlikni kuchaytiradi.

"Yirik korporatsiyalar mayda biznesni rivojlantirishda katta rol o'ynaydi. Qayerda ishlamasin, iqtisodiyotga ijobiy ta'sir qila oladi", - deydi u.

Rezlerning aytishicha, arab dunyosida Koka-Kola 58 ta zavodga ega, 40 ming odamni ish bilan ta'minlagan. Falastinda uchinchi yirik ish beruvchi bo'lib, sarmoyadorlar ro'yxatida beshinchi o'rinda turadi.

"Har bir mamlakatda mahalliy kompaniya sifatida ish yuritamiz, mahalliy an'analarga rioya qilamiz. Iqtisodiy foyda mahalliy jamoalar manfaatiga xizmat qiladi", - deydi Koka-Kola vitse-prezidenti.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, yangi dastur Amerika kompaniyalarini musulmon davlatlarida ishlashga, texnologiya va uskunalarni joylardagi ilmiy markazlarga berishga, xorijda biznes sohasida ta'limni kuchaytirishga da'vat etadi.

"Buning uchun davlat va xususiy sektor hamkorlik qilishi zarur", - deydi Klinton.

Sobiq davlat kotibasi Madlen Olbrayt nazarida musulmon davlatlarda iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ilmiy va texnologik izlanishlarga yordam berish, almashinuv dasturlarini ishga solish orqali Qo'shma Shtatlar islom dunyosi bilan munosabatlarini yaxshilashi mumkin.

"Bu ishlarning barchasi mushtarak manfaatlar, hurmat va g'oyalar asosida amalga oshirilishi kerak", - deydi Olbrayt.

XS
SM
MD
LG