Breaking News

Vashingtonda AQSh-Yevropa Ittifoqi hamkorlik istiqbollari muhokamada


Vashingtonda AQSh-Yevropa Ittifoqi hamkorlik istiqbollari muhokamada
Vashingtonda AQSh-Yevropa Ittifoqi hamkorlik istiqbollari muhokamada

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Vashingtonda Yevropa Parlamenti prezidenti, Polsha sobiq bosh vaziri Yeji Buzek bilan uchrashib, AQSh-Yevropa Ittifoqi munosabatlarini muhokama qilgan.

Klintonning aytishicha, ikki tomonlama hamkorlik energetika xavfsizligi, iqlim o'zgarishi, terrorizm kabi global muammolarni hal etish uchun juda muhimdir.

Biroq, deydi rasmiylar, tomonlar muammolarga doim ham birday qaramagan. Ayni damda Yevroparlamentda terrorchilar moliya tarmog'ini aniqlash dasturi ko'rilmoqda. Yevropa qonunchilari shu paytgacha Qo'shma Shtatlarga xalqaro moliya hisob-kitoblariga doir axborot, xususan Yevropa banklari mijozlarining ismlari, hisob raqamlari va boshqa turdagi ma'lumotlarni olishga imkon bergan bitimni bekor qilgan.

Klinton nazarida dastur muhim bo'lib, ko'p insonlar hayotini saqlab qolishga yordam bergan.

"Terrorga qarshi kurashda zarur vosita edi", - deydi u.

Yevropa Ittifoqi nazarida bitim shaxs daxlsizligini buzadi. AQSh va ittifoq ayni damda vaziyatdan chiqish yo'lini izlamoqda.

Buzekning aytishicha, tomonlarning iqlim o'zgarishi va global barqarorlikni ta'minlashga doir siyosati ham farq qiladi.

"AQSh bilan munosabatlarimiz ko'p yil turmush qurgan juftlikni eslatadi. Ba'zida fikrimiz bir joydan chiqmay, qattiq tortishamizu, lekin bir-birimizdan hech ajramaymiz", - deydi Yevropa Parlamenti prezidenti.

Payshanba kuni Buzek AQSh Kongressida Yevroparlament idorasining ochilish marosimida ishtirok etadi. Parlamentlararo aloqalar juda muhim, deydi Xillari Klinton.

XS
SM
MD
LG