O'zbekiston senator va deputatlari AQSh safarini yakunladi


O'zbekiston senator va deputatlari AQSh safarini yakunladi

O'zbekiston senator va deputatlari AQSh safarini yakunladi

<!-- IMAGE -->

Uchrashuvlar

O’zbekiston Oliy Majlisining sakkiz a’zosi Vashingtonga kelib, Amerika arboblari bilan fikr almashdi.

Kongressning har ikki palatasi, Davlat departamenti va Mudofaa vazirligida muzokaralar o'tdi.

Mehmonlarni Senatda Tashqi aloqalar qo'mitasi a'zosi, Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha quyi qo'mita raisi, demokrat Robert Keysi (Robert Casey) qabul qilgan.

Shuningdek, inson huquqlari va demokratiyani targ'ib qiluvchi Xelsinki Komissiyasi raisi demokrat senator Ben Kardin (Ben Cardin) ham ular bilan muloqot qilgan.

Keysi ham, Kardin ham o'z bayonotlarida Islom Karimov va uning rahbariyatini xalq manfaatlarini ko'zlab siyosat yuritishga, oshkoralikni ta'minlashga chaqirib keladi.

Vakillar Palatasining mintaqa bilan munosabatlar uchun mas'ul a'zolari ham mehmonlar bilan suhbat qurgan.

Amerika qonunchilari degatsiyaga O'zbekistonning Afg'oniston bobida berayotgan yordamidan minnatdor ekanini aytgan.

Oliy Majlis a'zolari "Ozodlik Uyi" (Freedom House), "Xyuman Rayts Votch" (Human Rights Watch) va Bo'hronlarni o'rganuvchi xalqaro tashkilot kabi nohukumat muassasalari vakillari bilan ham gaplashgan. Bularning barchasi O'zbekiston hukumatini repressiyada ayblab keladigan guruhlar.

Sodiq Safoyev, Senatning Xalqaro aloqalar qo’mitasi raisi, sobiq tashqi ishlar vaziri va 1999-2001 yillar orasida AQShda elchilik qilgan namoyonda munozara va suhbatlarda hamkorlikka urg’u berdi.

<!-- IMAGE -->

Xavfsizlikni ta’minlash, Afg’onistonda tinchlikka erishish, diniy ektremizmdan tortib, qoradori savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash yo’lida AQSh va O’zbekiston dadilroq qadamlar tashlashi kerak degan fikrlar olg’a surildi.

Har tomonlama muloqotni jonlantirish kerak, deydi Sodiq Safoyev. Elchilik paytida, u Amerika siyosiy doiralarida iliq taassurot qoldirgan. AQShning hozirgi va sobiq rasmiylari uni ochiqso’z, zukko va zehnli diplomat sifatida eslaydi. Safoyev 2003-2005 yillarda tashqi ishlar vaziri lavozimida ishladi va undan keyin Senatga tayinlandi.

Delegatsiya: O'zbekiston to'g'ri yo'ldan ketmoqda

<!-- IMAGE -->

Sodiq Safoyev, Vashingtondagi tahlil markazlaridan biri Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg'armasida gapirar ekan, diplomatik faoliyatidan keyingi davrda “yurtimni obdon kezib, uning uzoq va chekka burchaklarida bo’lib, oddiy xalq hayoti bilan tanishdim, respublikadagi turmush haqida to’liq tasavvurga egaman va ana shu insonlar xizmatidaman”, dedi.

O’zbekistonda korrupsiya chuqur ildiz otgan, bu borada nima qilinmoqda degan mazmundagi savolga u, bu muammoga qarshi qonuniy choralar ko’rilmoqda deb javob berdi.

Qirg’iziston beqaror ekan, O’zbekiston AQShga harbiy baza ochish uchun ruxsat berishi mumkinmi degan savolga esa Safoyev “Yaqinda general Petreus bilan uchrashdik. Amerika tomon bu borada biror gap ochgan yoki taklif bilan chiqqan emas”, - deya javob qaytardi.

Akmal Saidov, xalqaro maydonda O’zbekistonning inson huquqlari bo’yicha vakili va deputat, “Mamlakatimiz demokratik me’yorlarga asoslangan, fuqaro boshqaruvidagi jamiyatga aylanish uchun sidqidildan harakat qilmoqda”, - dedi.

Bir necha yil Bosh prokuraturada ishlab, so’ngra Senatga o’tgan Svetlana Ortiqova, hozirda adliya va qonunchilik bo’yicha qo’mita raisi ham O’zbekistonda erkin jamiyat va fuqaro faolligi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan deya bugungi siyosatni oqlashga harakat qildi. Bugun, deydi u, respublikada qariyb 5 ming nohukumat tashkiloti mavjud.

Nodir Jumayev, qonunchilik palatasida mehnat va ijtimoiy masalalar qo’mitasi raisi, amerikaliklarga O’zbekistondagi iqtisodiy vaziyatni tushuntirar ekan, respublika tashqi qarzini uzish uchun jon-jahdi bilan harakat qilmoqda va bu borada sobiq Sovet davlatlari orasida yetakchi o’rinda deya ta’kidladi.

<!-- IMAGE -->

Amerikaliklar nima demoqda?

Huquq va taraqqiyot sohasida ishlaydigan xalqaro tashkilotlar vakillari o’zbekistonlik yuqori martabali mehmonlarning yuqoridagi gaplarini “quruq maqtov” va “suvi chiqib ketgan rasmiy bayonot” sifatida ko’rishini aytadi.

“Bu qonunchilarga quloq tutsangiz, O’zbekiston bir jannat, ammo ahvol u yerda qanchalik og’ir ekani butun dunyoga ma’lum”, - deydi munozaraga kelgan amerikaliklardan biri.

G’arb nazarida O’zbekiston insonning uzviy huquqlari muntazam ravishda poymol etib kelinadigan mamlakat, xususan so’z, fikr, axborot va matbuot erkinligi butkul tazyiq ostida.

AQSh hujjat va hisobotlarida ham bu narsa qayd etiladi, rasmiylar huquq masalasi aloqalar rivojlanishini sekinlashtirayotgan muammo deya tan oladi.

O’zbekiston qamoqxonalarida minglab insonlar dindor bo’lgani uchun jazo o’tamoqda deb bong urib keladigan tashkilot, E’tiqod erkinligi bo’yicha AQSh xalqaro komissiyasi vakili mehmonlarga murojaat qilganida, Sodiq Safoyev “islomdek nozik masala bilan o’ynashmaslik kerak” dedi.

“Zamonaviy va dunyoviy demokratik jamiyat qurmoqchi bo’lsak, diniy uquvi yo’q, savodsiz odamlarga xalq diniy hayotini boshqarish, yetakchilik qilishga yo’l bermaslik lozim”,- dedi u.

<!-- IMAGE -->

Huquq hamon ziddiyatli masala

AQSh Kongressida O’zbekiston hukumatining ashaddiy tanqidchilaridan biri Kristofer Smit (Christopher Smith) fikricha diniy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy erkinliklar targ’iboti uning davlati tashqi siyosatidagi asosiy omillardan biri bo’lishi kerak.

30 yildan beri qonunchilik qiladigan bu respublikachi Obama ma’muriyatini bu masalaga ko’z yumayotganlikda ayblaydi.

Kongressmen Smit Markaziy Osiyoni diktatorlar boshqarmoqda deb keladi.

<!-- IMAGE -->

"Amerika bu yerda diqqatni asosan demokratik taraqqiyotga qaratishi lozim",- deydi u.

Baza va Afg’onistondagi harakatlar o’z yo’liga, deydi u, lekin xalqni qiynayotgan muammolarga ham e’tibor berish kerak.

Huquq himoyasi Qo’shma Shtatlar davlatchiligining asosi va bu uzoq muddatda butun insoniyat manfaati uchun xizmat qiladigan sarmoya, deydi Kristofer Smit.

“Qirg’izistondagi vaziyatni yaqindan kuzatayamiz. Saylov bo’lib, xalq o’zi istagan rahbariga ovoz beradi va kelajagini belgilaydi degan umiddamiz”,- deydi u.

Bu davlat, kongressmen fikricha, Markaziy Osiyoda demokratiya namunasi bo’lish uchun hali ham imkoniyatga ega.

Amerika rasmiylari safar va muloqotlardan mamnun.

Vashingtonda “O’zbekiston bilan til topisha olmasak, Markaziy Osiyodagi rolimizni oshira olmaymiz” degan qarash bor. Lekin amaldorlar bu respublika rahbariyati bilan ishlash qay jihatdan manfaat, qay jihatdan tanqidu-dashnom keltirishini ham biladi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG