O'zbekiston diniy erkinlikni buzayotgan hukumatlar ro'yxatida


<!-- IMAGE -->

Diniy erkinlik bo’yicha AQSh xalqaro komissiyasi, e’tiqod bosim ostida bo’lgan davlatlar ro’yxatini e’lon qilgan. Unda O’zbekiston ham bor.

Komissiya dunyoda e'tiqod erkinligi bilan bog’liq vaziyatni kuzatib keladi.

Yangi ro’yxatda 13 davlat bor: Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Sudan, O’zbekiston, Iroq, Nigeriya, Pokiston, Turkmaniston va Vyetnam.

Komissiya Davlat departamenti, ya’ni tashqi ishlar vazirligiga tavsiya yo’llab, bu davlatlar alohida e’tiborga molik demoqda. Bu esa sanksiya ehtimolini oshiradi.

Komissiya raisi Leonard Leo nazarida Afg’oniston, Belarus, Kuba va Misrda ham ahvol og’ir. “Bu davlatlarda qonun yaxshi ishlamaydi. Odamlar e’tiqodi bois tahqirlanishi, o’ldirilishi mumkin. Ammo hech kim jinoyatchini javobgarlikka tortmaydi”,- deydi rasmiy.

Komissiya xulosasi shuki, ektremizm muammosi diniy erkinlik bilan chambarchas bog’liq. Qo’shma Shtatlar faqat xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot haqida emas, e’tiqod muammosiga ham diqqat qaratishi kerak. Biroq Obama ma’muriyati bu borada sust ishlamoqda, deydi Leonard Leo.

Oq Uy rasmiylari bu fikrga qo’shilmaydi. “Prezident Obama diniy erkinlikni qo’llab-quvvatlab kelgan va shu siyosatni davom ettiradi”, - deydi ular.

Diniy erkinlik bo’yicha xalqaro komissiya AQSh Kongressi buyrug'i bilan tuzilgan va davlat tomonidan moliyalaydi.

Joriy hafta AQShda asoslangan, inson huquqlari bo’yicha Freedom House – "Ozodlik Uyi" jahon bo'ylab matbuot erkinligi qanday ekani haqida hisobot e’lon qilgan edi. Unda aytilishicha, Markaziy Osiyoda ommaviy axborot vositalari qattiq nazorat ostida, ayniqsa Turkmaniston va O’zbekistonda. Ular matbuotni muntazam ravishda ezib kelayotgan 10 davlat qatorida.

XS
SM
MD
LG