Nyu-Yorkda portlash rejalaganlik gumoni bilan pokistonlik hibsda


<!-- IMAGE -->

Nyu-York shahrida o’tgan shanba portlash rejalaganlik gumoni bilan bir shaxs qo’lga olingan.

30 yoshli Faysal Shahzod AQSh fuqarosi, pokistonlik. U Dubayga uchib ketish arafasida samolyotda hibsga olingan.

Faysal Shahzod kecha kechqurun Nyu-Yorkning Jon Kennedi nomli xalqaro aeroportida ushlangan.

AQSh politsiyasi shanba kungi voqeani tergov qilar ekan, “Tayms” maydonida, gavjum ko’chada qoldirilgan, portlovchi moslama o’rnatilgan mashina egasining iziga tushgan. Ko’p o’tmay uning ismi sharifi, tashqi ko’rinishi aniqlangan.

Politsiyaning aytishicha, Konnektikut shtatida yashagan Faysal Shahzod avtomobilni internetdan, “craigslist” nomli veb-sahifadan naqd pulga xarid qilgan.

U yaqinda Pokistonda bo’lib qaytgan. “Hech qanday sherik yoki hamrohim bo’lmagan”,-deydi Faysal Shahzod.

Kecha Pokistondagi toliblar “Tayms” maydonida rejalangan xuruj – “bizning ishimiz” deya da’vo qilgan edi.

Pokiston hukumati tergovda AQSh bilan hamkorlikka tayyor ekanini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG