AQSh elchisi Qozog'iston siyosatni eplayapti deydi


AQSh elchisi Qozog'iston siyosatni eplayapti deydi

AQSh elchisi Qozog'iston siyosatni eplayapti deydi

<!-- IMAGE -->

Richard Xougland AQShning Qozog'istondagi elchisi. Tojikiston va Turkmanistonda ham bosh diplomat bo'lgan. O'zbekistonda ishlagan.

Amerika siyosiy doiralarida Qozog’istonning nufuzi baland.

AQSh Markaziy Osiyoda eng ulkan sarmoyani mana shu davlatning neft sanoatiga kiritgan.

Global iqtisodiy inqiroz davrida Qozog’iston moliyaviy tizimi katta zarba yegani ham shu bilan izohlanadi.

Amerika 1991 yildan beri Qozog’istonga 30 milliard dollardan oshiq investitsiya olib kirgan.

G’arb investorlari Nursulton Nazarboyev rahbariyatini korrupsiyada ayblasa-da, mintaqadagi boshqa davlatlar orasida shu respublikada biznes qilish osonroq deydi.

Qozog’iston bu yili Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilmoqda. Bunga erishish uchun ham bu davlat Amerikadan siyosiy madad olgan. Huquq himoyachilari nazarida Qozog’iston demokratiyadan hali ancha yiroq.

<!-- IMAGE -->

AQSh rasmiylari ta’biricha esa bu davlatga erkinlikni targ’ib qiluvchi tashkilotni boshqarishdek og’ir vazifani yuklash uni demokratiyaga yaqinlashtiradi, rahbariyat oshkoralikka yol ochishga majbur bo’ladi. Bu sinov, bu imkoniyat, deydi ular.

“Amerika Ovozi” AQShning Ostonadagi elchisi Richard Xougland (Richard Hoagland) bilan suhbatda bo’ldi.

Bugungi hamkorlik asosan nimadan iborat deb so’raganimizda, elchidan “Qozog’iston AQSh bilan xavfsizlikni ta’minlash, qoradori va inson savdosiga qarshi kurash, mamlakatni Sovet davridan qolgan yadroviy chiqindilardan tozalash hamda iqtisodiy va demokratik taraqqiyot bobida yaqindan ishlab kelmoqda”, - degan javob oldik.

Richard Xouglandning aytishicha ikki davlat orasida ishonch baland.

Lekin, deya eslatamiz elchiga, Qozog’istonda siyosiy repressiya mavjudligi sir emas. Hukumatni tanqid qilgan jurnalistlar, korrupsiya va poraxo’rlik haqida yozgan mutaxassislar, muxolifat a’zolari tazyiq ostida.

<!-- IMAGE -->

Yaqinda prezident Nursulton Nazarboyev Vashingtonga tashrif buyurib, Amerika rahbari Barak Obama bilan uchrashganida, Qozog’istonda siyosiy faollar doimiy qo’rqinch ostida yashayotgani, to’qima ayblar bilan qamoqqa tashlanayotgani tilga olingan.

Elchi Richard Xougland buni rad etmaydi. Bu borada muloqot ketayotganini, Amerika huquq va erkinlik zaruriyati va ahamiyati borasida Qozog’iston bilan ochiq fikr almashayotganini aytadi. Bu davlat rahbariyati muammolarni tushunadi deya mulohaza yuritadi u.

“Qozog’iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilayotganiga to’rt oy bo’ldi. Bu davrga qarab, shunday xulosaga kelish mumkinki, bu davlat raislik rolini eplay olayapti. Masalan Qozog’iston o’tgan oy Qirg’izistondagi siyosiy krizisni yechishda muhim rol o’ynadi”,- deydi AQSh elchisi. Ya’ni, prezidentlikdan ag’darilgan Kurmanbek Bakiyev Qozog’iston yordami bilan vatanini tark etdi.

Prezident Nazarboyev fikricha bu bilan Qirg’izistonda qonli mojarolarning oldi olingan. Amerika bu borada Qozog’iston bilan hamkorlik qilgan.

<!-- IMAGE -->

Kurmanbek Bakiyev va Nursulton Nazarbayev Iyun, 2005, Moskva

Richard Xougland Markaziy Osiyodagi siyosat bilan uzoq yillardan beri tanish. Mintaqada birdamlik nozik masala ekanini yaxshi biladi. AQSh birdamlikka undasa-da, suveren davlatlar orasidagi aloqalarga aralashmaslikni ma’qul ko’radi. Elchi ham shuni qayd etdi.

Richard Xougland fikricha davlatlar zarur bo’lganida birga ishlay oladi. Lekin ikki-tomonlama aloqalarga ko’proq diqqat qaratilgan. Mintaqaviy integratsiya foyda berishi tayin, deydi u, madaniy, tarixiy jihatdan bir-biriga yaqin bu jamiyatlar birgalikda ishlasa, ko’p muammolarga yechim topishi mumkin. Lekin ular mustaqil davlatlar, o’z yo’lini tanlagan.

<!-- IMAGE -->

“Shu sabab ularga bir region sifatida umumiy nuqtai-nazardan qarash noto’g’ri. Ular o’z siyosiy xususiyatlariga ega besh respublika”, - deydi Richard Xougland.

Markaziy Osiyo hozir Afg’onistondagi xalqaro qo’shinlarga yuk tashilayotgan Shimoliy ta’minot tizimining muhim qismi. Amerikaning bu tranzit yo’lidan ko’ngli to’q.

AQShning Ostonadagi elchisi deydiki, hozirgi yo’nalish kelajakda savdo yo’liga aylanadi degan umid bor.

“Qozog’iston bu borada gaplashishga tayyor ekanini bilaman”,- deydi elchi, ko’p narsa mintaqadagi davlatlarning o’ziga bog’liq ekaniga sha'ma qilib.

Elchi Richard Xougland bildirgan yana bir fikr shuki, Qozog’iston Rossiya, Xitoy, Yevropa davlatlari va AQSh bilan aloqalarni muvozanatda ushlab turishni biladi.

“Qozog’iston tashqi siyosati ko’p-qirrali va yirik geosiyosiy o’yinchilar bilan bir paytning o’zida qanday munosabat yuritishni eplayapti”,- deydi u.

Qozog’iston, elchi fikricha, G’arb va Sharqni bog’lovchi nuqtada joylashgani va hamma bilan til topisha olgani uchun o’ziga Yevrosiyo davlati sifatida qaraydi.

Richard Xougland 2007-2008 yillarda Turkmanistonda AQShning bosh diplomati bo’lgan, 2003-2006 yillar orasida esa Tojikistonda elchilik qilgan. Amerikaning O'zbekistondagi elchixonasida matbuot kotibi bo'lgan. Undan oldin Davlat departamentida Markaziy Osiyo va Kavkaz idorasini boshqargan.

Eslatma: Suhbat "Amerika Ovozi" Rus xizmati xodimi Erika Marat bilan hamkorlikda qilindi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG