Meksika bo'g'ozidagi halokat - neft dengizni zaharlamoqda






<!-- IMAGE -->

Yaqinda Meksika bo’g’ozidagi neft qudug’ida ro’y bergan portlash va uning oqibatlari Amerika xalqi boshiga mislsiz talofat keltirdi va keltirishda davom etmoqda. Janubiy shtatlar hayotiga katta zarar yetgan.

Sohilga yaqinlashib kelayotgan qora dog’ – neft suv, havo, yer, o’simlik dunyosiyu hayvonot olamini yemirmoqda.

“Ulkan, misli ko’rilmagan ekologik halokat bilan yuzlashib turibmiz hisob”,-deydi prezident Barak Obama. “Neft qudug’idan hali ham to’kilayotgan yonilg’i iqtisodiyotga jiddiy ziyon qilishi va sohilbo’yi shtat va davlatlar ekologiyasini shikastlashi muqarrar. Buning asorati anchaga yetadi. Amerika ahli – minglab fuqaro va ularning turmushi xavf ositda”,-deydi prezident.

<!-- IMAGE -->

Moy tarqalishini to’xtatish uchun bir necha hafta, oy kerak bo’ladi. Hukumat ofatning oldini olishga harakat qilib, odamlarni tinchlanishga undasa-da, har narsaga tayyor turish kerak, demoqda. Neft o’nlab kilometr suv maydonini qoplagan. Prezident Obama voqea tergov qilinadi, aybdorlar – BP petroleum kompaniyasi javobgarlikka tortiladi, deydi. Biroq asosiy diqqat qutqaruv-tozalash ishlarida.

“Amerika xalqi bir narsani bilishi kerak”,-deya uqtiradi AQSh rahbari. “Siz saylagan hukumat bu fojeani to’xtatish uchun jon-jahdi bilan ishlamoqda”.

20 aprel kuni Meksika bo’g’ozidagi bu neft qudug’ida portlash ro’y berib, 11 ishchi halok bo’lgan edi. Bu payt ichida millionlab litr qora oltin to’kilib ulgurgan.

AQShda jurnalistlar tomonidan so’roqqa tutilgan BP Petroleum kompaniyasi raisi Lamar Makkeyning aytishicha, bog’ozga qancha yonilg’i tushganini aniq aytish qiyin. Kimdir million barrel haqida gapiradi, kimdir 5 ming barrel deydi. Biroq janob Makket voqea uchun javobgar ekanini tan olmoqda.

Katta maydonda kechayotgan tozalash ishlari g’oyat murakkab, hatto jarrohlik bilan qiyoslanadi. Muhimi sizib chiqayotgan moyni to’xtatish, tarqalib ulgurganini yoqib, zararsizlantirish kerak.

Neft dog’i sohil hayotiga, dengizdagi jonivorlarga tahdid solmoqda. Nozik ekosistema tiklab bo’lmas darajada ziyon ko’rishi mumkin.

Zaharli oqimning yo’li to’silmasa, yonilg’i plyajlarga yetib boradi. Florida baliqchilik, turizm sohasi xatar ostida.

Bu halokat Obama ma’muriyati AQSh energiya siyosatini qayta ko’rib chiqayotgan paytga to’g’ri keldi.

Prezident chet el neftiga tobelikdan qutulish yo’llarini izlab, Atlantika okeani bo’yidagi ayrim hududlardan qora oltin qazishga ruxsat bergan edi. Biroq Meksika bo’g’ozidagi halokat tufayli bu ishlar to'xtatilgan.



XS
SM
MD
LG