AQSh tarixidagi qora kunlar – yapon mahbuslarini xotirlab…


<!-- IMAGE -->

Shu kunlarda Vashingtonda o’tayotgan ko’rgazma AQSh tarixidagi qora kunlarni yodga soladi.

“Gaman San’ati” ekspozitsiyasida Qo’shma Shtatlarda tug’ilib o’sgan yapon rassomlarining ishlarini, 100 dan ziyod asarni ko’rasiz.

Bu insonlar Ikkinchi Jahon Urushi yillarida uyidan haydalgan, mudhish lagerlarda, qamoq sharoitida saqlangan.

Smisonyan muzeyida ochilgan ko’rgazmadagi buyumlar uzoq yillar sir saqlangan, deyarli unutilgan.

<!-- IMAGE -->

Muzey xodimasi Delfin Xirasuna ekspoztisiya mualliflaridan. “Hammasi otamning omboridan topilgan to’g’nog’ichdan boshlandi” deydi u.

“Igna to’g’nog’ichni taqib borgandim bir davraga. Do’stim qiziqib qaradi. Lagerda yasalgan, dedim. Do’stim “bunaqa buyumlar ko’p bo’lsa kerak” deb qoldi”,-deya tushuntiradi xodima.

Ikkinchi Jahon Urushi yillarida mana shunaqa 10 lager qurilgan. Amerikalik yaponlar saqlangan bu ovloq joylarda. 1942 yilning mayi… Yaponiya Perl Xarborga hujum qilgan kundan yarim yil o’tib, 120 ming yapon, ayollar va bolalar evakuatsiya qilinadi. Ularning ko’pi AQSh fuqarolari edi.

“Amerikaning g’arbiy shtatlarida ham tekshir-tekshirlar kuchaygan. Yaponlarning Gavay orolidagi Perl Xarborga qilgan hujumi sohilbo’yidagi g’arbiy shtatlarni qo’rqitgan edi”,-deydi Delfin Xirasuna.

Evakuatsiya jarayoni va lager hayoti haqida ko’plab arxiv materiallari saqlanib qolgan.

“Chiura Obata ismli odam lagerda san’at markazi ochgan. U avval Berkli universitetida san’atdan dars bergan, professor. Butun xotiralarini qog’ozga tushirgan. Mine Okuboning xotira daftari ham bor. Unda lagerdagi hayot tasvirlanadi”,-deydi muzey kuratori.

Vashingtonda o’tayotgan ko’rgazmada siz ko’radigan buyumlarning hammasi ham usta hunarmandlarning ishi emas.

“Odamlar majburligidan yasagan bularni – mebel, kundalik hayotda zarur jihozlar…Chunki lagerda faqat temir karovat bilan pichan solingan ko’rpalar bo’lgan. Odamlar uch yil yashagan shu sharoitda. Sekin-asta lagerni shinamroq qilish uchun bejirim mebellar yasashgan”,-deydi Delfin Xirasuna.

<!-- IMAGE -->

Odamlar qo’lga tushgan narsadan foydalangan. Mana bu savat aslida qog’oz salfetka.

“Lager yaqinida slanets koni bo’lgan. Odamlar o’sha tog’ jinsini olib kelib, idish yasagan. Ikki lagerning o’rnida qadimda dengiz bo’lgan ekan. Ustalar chig’anoqlardan keng foydalangan”,-deydi Xirasuna xonim.

Hunarmandlarning aksariyati tajribali, qariyalar bo’lgan. Ularni Issey deyishgan. Yosh avlod esa asosan maktab, sport bilan band bo’lgan. Ba’zilar ish izlab sharqqa, boshqalar armiyaga ketgan.

“Keksalar, katta yoshdagilar lagerda yolg’iz qolib, o’ziga mana shunaqa ovunchoq topgan nazarimda”,-deydi Delfin Xirasuna.

Bu insonlarning irodasi, g’ururi tillarda doston. Ko’rgazma nomi – Gaman. Bu bejiz emas. Mushkulotga sabr va matonat bilan chidash degani.

Jim Yamaichi lagerga olib ketilganida 19 yoshda edi. “Otam dardini unutish uchun duradgorlik qildi”, deydi u.

“Shunaqa go’zal buyumlar yasadiki otam, ko’rib hayronlar qolgan edik. Hozir ham bor ular. Lekin ozod bo’lganimizdan keyin otam bu ishni qaytib qo’liga olmadi. Dehqonchilik qilib kun ko’rdi hayotining oxirgi damlarigacha”,-deydi Yamaichi.

Boshqa hunarmandlar ham shunday yo’l tutgan deydi Delfin Xirasuna:

“Turmush juda og’ir bo’lgan. Ko’p oilalar bor butidan ayrilgan, hayotni qaytadan boshlashga majbur bo’lgan. San’atga vaqt yo’q edi”.

Bu insonlarning ko’pi buyumlar ko’rgazmaga qo’yilganini bilganida, hayratga tushishi aniq edi. Jim Yamaichi rost gap, deydi.

JanobYamaichi va Delfin Xirasuna kabi insonlar Gaman ko’rgazmasini ko’rib, ota-onani xotirlaydi, Amerika xalqi esa o’tmish xatosini toabad esda saqlaydi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG