Bloggerlar: Internetni cheklab haqiqatni yashirish qiyin


<!-- IMAGE -->

Informatsiya, axborot bu kuch. Atrofda, dunyoda nima bo'layotganini bilmaslik ko'z va quloqni yopib yashash bilan barobar.

Matbuot, televideniye va radiolar dunyoning ko'plab qismlarida hukumat nazorati ostida.

Internet asrida yangilik tarqatish, odamlar e'tiborini qaratish qiyin emasdek, ammo bu vositadan foydalanish ko'plab jamiyatlarda xavfli bir ish. Siyosiy faollar undan o'z fikr-qarashlarini olg'a surishda qo'llanar ekan, hukumatlar qo'l qovushtirib o'tirgani yo'q.

Internet senzura avjida. Xususan O’zbekistonda ham.

Jahon bo’ylab bloggerlar – internet sharhlovchila kun sayin ko’payib bormopda.

<!-- IMAGE -->

Eronda minglab fuqarolar ko’chaga chiqib, hukumat va siyosatni qoralaganini butun dunyo internetda tomosha qildi. Bu zamonda haqiqatni yashirish qiyin.

Repressiv muhitda ko’p hollarda ma’lumot internet orqali almashiladi. Yaqinda Texas shtatining Dallas shahrida yuzlab bloggerlar to’plandi. AQSh sobiq prezidenti Jorj Bush nomi berilgan yangi institut global tarmoqda ildiz otgan bu muhim sohani o’rganadi.

Kiber-muxolifatchilar deb ham ataladigan bu faollar o’z vatanida tazyiq ostida yashaydi. Ayrimlari mamlakatidan chiqa olmagani uchun internetga bog’landi.

"Bloggerlarni yo’q qilisha olmaydi. Bittasini qamashsa, o’rniga 10 tasi paydo bo’ladi”,- deydi Oleg Kozlovskiy, rossiyalik blogger.

<!-- IMAGE -->

U yurtida bu sohaga qiziqish katta ekani, internet asosiy axborot manbaiga aylanib borayotganini aytadi.

Xitoylik blogger Isak Maoning aytishicha, uning mamlakatida rahbariyat internetni cheklashga urinmoqda, ammo samarasiz.

Garvard Universiteti xodimi Etan Zukerman “Xitoy tarmoqni jilovlash uchun bor qudratini ishga solmoqda”, - deydi.

“Lekin Internet cheksiz tizim. Hukumat bir tomondan to’siq qo’ysa, uni boshqa tomondan yorib o’tasiz. Odamlar muqobil yo’llar topmoqda”.

Xitoyda internetga kirib, biror ma’lumot qidirish uchun Baidu.com saytiga kirishga majbursiz. G’arbda mashhur Youtube intertnet video manbai u yerda yopiq. Uning o’rniga Youku.com degan sayt bor.

Robert Guerra erkinlikni targ’ib qiluvchi Freedom House - “Ozodlik Uyi” xalqaro tashkiloti vakili. Global tarmoqni nazorat ostiga olishga urinayotgan hukumatlar xalqqa zulm o’tkazmoqda, deydi u.

“O’tgan yili iyun oyida Eronda namoyishlar internetda keng yoritilgach, bu davlat rahbariyati yangi texnologiyalarni ishga sola boshladi. Repressiya yanada kuchaydi. Hozir u yerdan turib, uyali telefonda ma’lumot uzatgan odam bir zumda qamoqqa olinishi mumkin. Video tasvirlar uzatish juda xavfli”,- deydi Guerra.

Suriyalik blogger Ahad al-Hindiy internetda xabar tarqatgani uchun qamoqda o’tirib chiqqan. Hozir AQShning Merilend shtatida yashaydi. U yerdan turib yozadi. "Syriyada mendek insonlar kun kechirishi qiyin",- deydi u.

“Yaqinda vatanimda yosh bir qizni hibsga olishdi. Maktab o’quvchisi. O’smir. Aybi internetda maqola yozgani. Panjara ortida o’tiribdi. O’nlab bloggerlar hozir shu ahvolda. Turmada qiynoqqa solinadi. Ular huquqiy himoya bilan ta’minlanmaydi. Advokat berishmaydi ularga”,- deydi al-Hindiy.

<!-- IMAGE -->

Venesuelalik Rodrigo Dianamti internetda sahifa ochib, prezident Ugo Chavezni tanqid qiladi. “Rahbarlarni savolga tutishga haqqimiz bor”, deydi u. U senzuraga qarshi yoshlar siyosiy harakatiga asos solgan.

“Tashkilotimiz kengayib bormoqda. Mana hozir kamida 20 davlatda a’zolarga egamiz. Maqsadimiz so’z erkinligidek fundamental huquq uchun kurashish, uning ta’minlanishini talab qilish. Agar sizga shu erkinlik berilmasa, boshqa huquqlaringiz ham bir pul”,- deydi Diamanti.

Kolumbiyalik Oskar Moralez Guevara internetdagi “Facebook” aloqa tizimi yordamida millionlab odamlarni o’ziga qaratgan.

“Men insoniyat qudratiga ishonaman. Uning dardi har yerda bir. Shuning uchun ham millionlab sherik topdik. Oshkoralik tarafdorimiz biz”,- deydi Guevara.

Raqamli texnologiya siyosiy maydonni o’zgartirib yubordi, deydi internetdagi faoliyat-o’zgarishlarni kuzatayotgan Deyvid Keyes.

“Internet demokratiya talabi bilan chiqayotgan odamlarga katta imkoniyatlar yaratib berdi. Tarixda bunaqasi bo’lmagan. Bir zumda dunyoning istagan nuqtasiga yetasiz, millionlab insonlar diqqati sizda. Lekin bu virtual dunyo, shuni unutmaslik kerak”,- deydi Keyes.

To’g’ri, deydi faollarning o’zi ham, internetda yangilik, ma’lumot uzatish mumkin, ammo o’zgarish u yerda emas, hayotda bo’lishi kerak. Yuzma-yuz fikr almashishga nima yetsin.


XS
SM
MD
LG