Afg'onlar nazarida Hamid Karzay kamroq nolib, ko'proq ishlashi kerak


Afg'onlar nazarida Hamid Karzay kamroq nolib, ko'proq ishlashi kerak

Afg'onlar nazarida Hamid Karzay kamroq nolib, ko'proq ishlashi kerak

<!-- IMAGE -->

Amerika bilan aloqalar tarang

Kelasi hafta Barak Obama Oq uyda Afg'oniston prezidenti Hamid Karzayni qabul qiladi.

Afg'onistonlik tahlilchlar fikricha bu juda muhim tashrif. So'nggi payt ikki davlat orasida munosabatlar sovuqlashgan.

Hamid Karzay AQSh va G'arb davlatlarini o'tgan yilgi prezident saylovlarini soxtalashtirishga uringanlikda ayblagan.

Tabiiyki, bu Amerika rasmiylariga yoqmagan.

Prezident Barak Obamaning matbuot kotibi Robert Gibbs brifinglarning birida uni "AQSh ittifoqchisi" demasdan "Afg'onistonning demokratik ravishda saylangan prezidenti" deb atagan.

Kobullik tahlilchi Akmal Davining aytishicha, Karzayning Vashingtondagi uchrashuvlari uning AQSh bilan munosabatlarini tiklash va bu davlat ishonchini qaytarish uchun juda muhim tadbir.

"Amerikalik askarlar uning hukumatini Tolibondan himoya qilish uchun har kuni jonini fido qilmoqda. Amerika dollarlari uning soxta prezidentligini qo'llab-quvvatlashga sarflanmoqda. O'rtada afg'on xalqi ahmoq bo'lib qolmoqda", - deydi mutaxassis.

<!-- IMAGE -->

Afg'on xalqi o'zgarish kutmoqda

Davi fikricha, oddiy afg'onlarning matbuotda ikki tomonlama tortishuvlar bilan ishi yo'q. Ularning bundanda muhimroq va kattaroq tashvishlari bor.

"Vaziyat kundan-kunga og'irlashmoqda. Odamlar nobud bo'lmoqda. Korrupsiya chuqur ildiz otgan. Davlat xizmatchilarining saviyasi past. Xalq hayoti yaxshilanmagan", - deydi Davi.

Prezident Obama Afg'onistonga mart oxirida borgan edi. Atigi olti soatlik safari davomida Hamid Karzayni xavfsizlikni ta'minlash borasidagi harakatlari uchun maqtab, korrupsiyani yo'qotishga chaqirgan.

Afg'onistondagi Tahlil va siyosatni o'rganish markazi direktori Xarun Mir nazarida bu mavzu Vashingtondagi oliy muzokaralar chog'ida yana ko'tarilishi aniq.

"Karzay davlat boshqaruvini yaxshilamasa, korrupsiyaga qarshi kurashmasa bo'lmaydi. Hamma uni tanqid qilyapti. AQSh ham, o'z xalqi ham", - deydi u.

Bundan tashqari ikki rahbar yozda Qandahor viloyatida rejalanayotgan Tolibonga qarshi harbiy operatsiyalar xususida ham gaplashadi.

<!-- IMAGE -->

Karzay AQShdan qo'shimcha pul so'rashi mumkin

"Oy oxirlarida Karzay qabilaviy oqsoqollar bilan uchrashib, Tolibon bilan tinchlik rejasini muhokama qilishi kutilar ekan, unga moliya kerak. AQShdanmi, boshqa ittifoqchilardanmi, ahamiyati yo'q", - deydi Xarun Mir.

Afg'oniston parlamenti a'zosi Dovud Sultanzoy nazarida prezident Karzay bu ishda oqsoqollar yoki AQShga tayanmasdan, o'z boshqaruvidagi davlat idoralarini ishga solishi kerak.

"Oqsoqollar maslahati yoki jirg'aning o'ziga yarasha roli bor. Lekin hozir yangi tuzilgan davlat idoralarini kuchaytirish kerak. Qonuniy asosi yo'q parallel boshqaruv mexanizmlarini yaratish to'g'ri emas. Xalqni chalg'itgan bo'lamiz", - deydi qonunchi.

Afg'on tahlilchilarining umumiy fikri shuki, gapni kamroq gapirib, ishni ko'proq qilish lozim. Hozircha xalq siyosat mahsulini, natijalarini ko'rmayapti.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG