Gretsiyani qutqarishga doir yordam paketi ma'qullandi


<!-- IMAGE -->

Yevrozonaga kiruvchi 16 davlat rahbari Gretsiyani qarz iskanjasidan qutqarish uchun 145 milliard dollar yordam ajratishga kelishib oldi.

Bryusselda o'tgan majlisda Gretsiyadagi moliyaviy inqiroz yevro qiymatiga hamda Ispaniya va Portugaliya bank tizimlariga raxna solayotgani e'tirof etilgan.

Germaniya va Fransiya rahbarlari fikricha Gretsiyani qutqarish qarori bozorni tinchlantirish uchun kifoya emas - yevrozonaga kiruvchi barcha davlatlardan sarf-xarajatni kamaytirib, nazoratni kuchaytirish so'ralmoqda.

O’z navbatida Gretsiya parlamenti aholi e’tirozi va ommaviy namoyishlarga qaramasdan byudjet xarajatini keskin qisqartirmoqda. Grek inqirozi butun Yevropani qamraydi, degan xavotir hukmron. Investorlar vahimada.

Afinada shu kunlarda odam tirband edi – xalq hukumatning pensiyalarni kesish, maoshlarni kamaytirib, soliqlarni oshirish qaroridan norozi. Lekin Gretsiya parlamenti ilojsiz.

Yevropa Ittifoqi va Xalqaro Valyuta Jamg’armasi qarz va kamomaddan qaddi bukilgan bu davlatga 145 milliard dollar yordam ajratadi. Evaziga Gretsiya sarfiyatdan oyog’ini tortishi kerak.

<!-- IMAGE -->

Bundan tashqari, mamlakatda ayollar orasida pensiya yoshi 65 ga oshirilmoqda. Bu ayniqsa kambag’al aholiga ziyon qilishi aytilmoqda. Fuqaro orasida buni tushunganlar ham, g’azablanganlar ham bor.

Ba’zilar Gretsiya hukumatini bo’shanglikda ayblamoqda. “Nega krizisdan o’z kuchimiz bilan chiqa olmaymiz” deb xayron bo’ladi ular.

Yevropa Ittifoqi yordamiga qaramasdan, tanazzul regionni domiga tortadi degan vahima bor, avvalo zaifroq davlatlarni.

So’nggi izlanishlarga ko’ra, krizis Portugaliya, Ispaniya va Britaniya bank tizimiga ta’sir qila boshlagan.

Tahlilchilar fikricha, Yevropa safdosh davlat – Gretsiyaga yordam berishda sust harakat qilmoqda. Ayniqsa Germaniya bunga ro’y-xush bermay keladi, deydi ular.

Vaholanki, Germaniya parlamenti qattiq tortishuvdan so’ng bugun Gretsiya uchun 22 milliard dollarlik madad dasturini ma’qullagan. Aytish joiz, Yevropa ajratgan 145 milliard dollarlik yordamning eng ko’pini ko’tarayotgan – Germaniya.

Gretsiyadagi tanazzul jahon borozida ham aks-sado bermoqda. Yevro qiymati oxirgi bir yilda eng quyi ko’rsatkichga tushgan. Oltin bahosi oshgan. Neftning narxi esa keskin pasaygan.

Katta Yettilikka a’zo AQSh, Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya moliya vazirlari ham greklarda yordam qo’lini cho’zish xususida gaplashib olishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG