Eron uranni boyitish masalasida BMT bilan murosaga rozi


<!-- IMAGE -->

Eron, yadro dasturi bobida BMT bilan Braziliya orqali murosa qilishga tayyor. Gap Eron uranini Rossiyaga uzatish, evaziga islomiy davlatni yonilg’i bilan ta’minlash bitimi haqida ketmoqdqa.

AQSh Davlat departamenti Braziliya diplomatiyasi ish beradi degan umidda.

BMT olg’a surgan rejaga ko’ra, Eron uran rudasi Rossiyaga, so’ng Fransiyaga uzatiladi. U yerda boyitilib, Tehronga yonilg’i holida qaytadi.

Muhimi – jarayon shaffof o’tishini ta’minlash. Shu paytgacha Eron uranni faqat o’z hududida almashaman, deb kelgan edi.

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden kecha Bryusselda Yevropa Parlamentida so’zlar ekan, Eronni ogohlantirdi. “Tehron yashirin, xatarli yadroviy izlanishlardan voz kechmas ekan, jazo bilan yuzlashishi aniq” deydi AQSh rasmiysi.

Jo Bayden Eronni xalqaro qonunlarga amal qilishga, mas’uliyatli davlatlar safiga qaytishga chaqirdi.



AQSh va Yevropa Ittifoqi Eronni atom bombasi yaratayotganlikda gumon qilib keladi. BMT Xavfsizlik Kengashida islomiy davlatni to’rtinchi bor sanksiya bilan jazolash masalasi muhokamada. Eron esa yadroviy izlanishlar faqat tinch maqsadni ko’zlaydi, demoqda.

Shu hafta AQShning “Nyu-York Tayms” gazetasiga intervyu bergan Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod fikricha, sanksiya Tehron-Vashington aloqalariga tuzatib bo’lmas ziyon yetkazishi mumkin. Eron hech qanday sanksiyadan qo’rmaydi, deydi prezident.

Jo Bayden nazarida hozir qo’l qovushtirib o’tiradigan payt emas.

Eng notinch mintaqada qurol-aslaha poygasi boshlanishiga yo’l qo’yib bo’lmaydi. “Bu xato butun dunyoga qimmatga tushadi”,- deydi Bayden.

AQSh Vitse-prezidentining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi o’rnatish qarorida qat’iy. “Tizim Erondan kelayotgan xavfdan himoya vositasidir. Sistema AQSh va uning ittifoqchilarini xatardan pana qiladi” - deydi u.

XS
SM
MD
LG