Andijondan 5 yil keyin… AQShda panoh topgan qochqinlar taqdiri


<!-- IMAGE -->


Bu insonlar hayotni qayta boshlagan. Ba'zilar hunarmandchilik qilayapti, boshqalar taksi haydaydi, yana kimdir esa restoran biznesida non topayapti.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi “Human Rights Watch” tashkiloti Andijon voqealarining besh yilligi arafasida hisobot e’lon qildi.

Unda aytilishicha, 2005 yilning 13 mayida namoyishda qatnashgan odamlar qarindoshlari hali ham ta’qib ostida.

Andijon fojeasidan so’ng xorijda boshpana topgan fuqarolar oilalariga bosim avvalgiday davom etayotganini aytadi.

AQShda yashayotgan andijonliklar mash’um kunning besh yilligini xotirlamoqda.

Ulardan biri, Islomiddin Dolimov, Aydaxo (Idaho) shtatining Boizi shahrida istiqomat qiladi.

Islomoddin Dolimov: “2005 yil 14 mayida Andijondan Qirg’izistonning Teshiktosh nomli qishlog’iga 586 kishi bo’lib o’tganmiz. Shundan so’ng BMTning maxsus tuzilgan guruhi tashabbusi bilan Ruminiya davlatiga ko’chirilganmiz. So’ng ba’zilar Yevropaning boshqa davlatlariga, boshqalar, aniqrog’i 250 kishi bo’lib Qo’shma Shtatlarga kelganmiz. Hozir Aydaxo shtatida 52 odam bor. Arizonada 76 kishi. Oxayodan 36 nafar andijonlik qochqin yashaydi. 2009 yilda "Andijon Ovozi" nomli tashkilot ta’sis etdik. Qochqinlarning barchasini ro’yxatga olib, muntazam aloqadamiz”.

"Amerika Ovozi": Mana shu to'rt yil davomida AQShda nimalarga erishdingiz, qanday ishlar bilan bandsiz?

Islomiddin Dolimov: “To’rt yil davomida biz bir necha yerda ishladik. Misol uchun, Arizona shtatida qo’l mehnati bilan tayyorlanadigan ayollar va erkaklar uchun tapochka va tuflilar ishlab chiqarayapmiz. Albatta, juda katta ko’lamda emas, lekin boshlanishi uchun... Aydaxoda taksi kompaniyasi, Oxayoda esa “Oltin vodiy” nomli restoran ishga tushgan. Ular xaridor, mijozlarga xizmat ko’rsatib kelayapti”.

"Amerika Ovozi": 2006 yilda 40 nafar qochqin o’z xohishi bilan O’zbekistonga qaytgan edi. “Human Rights Watch” tashkiloti bu insonlar, ularning yaqinlari muntazam bosim ostida deb keladi. Ular bilan aloqadamisiz? Ahvoli qanday?

Islomoddin Dolimov: “Ular qaytganida Milliy Xavfsizlik Xizmati xodimlari tomonidan chaqirtirilgan. Ruhan, savollar bilan ezgan, qiynagan. Asosan, ish topishi qiyin bo’ldi bu kishilarning. Ish topgan do’stlarimiz ham militsiya, Milliy Xavfsizlik Xizmati xodimlari chaqirgani uchun ham tezda joyidan haydalgan. Ish bergan rahbarlar qo’rqqan chunki. Garchi qiynoqlar bo’lmasa-da, ishsizlik holatiga tushirib qo’yish usuli qo’llangan”.

“Arizona shtatida “Andijon Ovozi” tashkilotini tuzishdan maqsad fojeada o’lganlarni doimo yodda saqlash, mustabid tuzumlarga qarshi kurash, befarq bo’lmaslik, g’oyadosh hamkorlar bilan ishlash", - deydi Dolimov.

“Biz AQSh hukumatidan O’zbekistonda huquqiy vaziyatga e’tibor qaratishni so’raymiz. Andjion voqealari bobida adolat qaror topishini istaymiz. Javobgar shaxslar jazosini topsin, o’lganlarning ismi sharifi, haqiqiy soni e’lon qilinsin. Nohaq ayblanib, qamalganlar ishi qayta ko’rilsin, ozod qilinsin deymiz”,- deydi bu andijonlik.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG