AQSh: Nyu-Yorkda rejalangan xurujda Tolibonning qo'li bor


<!-- IMAGE -->

AQSh Adliya vaziri Erik Xolder oy boshida Nyu-Yorkda rejalangan portlashda Pokistondagi Tolibonning qo’li bor deydi.

Uning aytishicha, buni tasdiqlovchi dalillar yetarli va Pokiston hukumati voqeani tergov qilishda AQSh bilan hamkorlik qilmoqda.

Nyu-Yorkning “Tayms” maydonida qo’lbola portlovchi moslama qo’yilgan mashinani qoldirgan shaxs yakka o’zi harakat qilmagan.

“Faysal Shahzod al-Qoidaga aloqador terrorchi guruh bilan ishlagan. Ulardan pul, ko’rsatma olgan”,- deydi vazir Erik Xolder.

Vazir deydiki, Pokiston hukumatining xuruj rejasiga aloqasi yo’q. “Bu davlat Amerika razvedka xizmati bilan axborot almashib, yordam bermoqda”,- deydi u.

Asli pokistonlik, AQSh fuqarosi, 30 yoshli Faysal Shahzod 3 may kuni Qo’shma Shtatlarni tark etishga uringan payt qo’lga tushgan edi.

<!-- IMAGE -->

Obama ma’muriyati avvaliga voqeada ajnabiy terrorchi guruhlar roli yo’q deb ta’kidlab kelayotgan edi. Biroq AQSh prezidentining terrorga qarshi kurash bo’yicha maslahatchisi Jon Brennan so’zlariga ko’ra, tergov jarayonida yangi dalillar aniqlangan.

Taxminlarga ko’ra, Faysal Shahzod sal oldin Janubiy Vaziristonda bo’lib, Tolibon qo’mondonlari, jumladan, Hakimulla Ma’sud bilan uchrashgan.

Pokistondagi toliblar esa Faysal Shahzodni tanimasligini, uni yollamaganini aytmoqda. Lekin Shahzod o’zi Pokistonga safar qilib, bomba yashashni o’rganganini aytgan.

XS
SM
MD
LG