Yevropa yevro qadrini oshirish uchun 1 trillion dollar ajratmoqda


<!-- IMAGE -->

Yevropa Ittifoqi va Xalqaro Valyuta Jamg’armasi yevro qadrining pasayib ketmasligi uchun salkam 1 trillion dollar ajratmoqda. Jahon bozorida bu xabar iliq kutib olindi.

Gretsiyadagi moliyaviy tanazzul butun Yevropani domiga tortadi degan vahima fonida bu haqiqatan ijobiy xabar.

Yevropa moliya vazirlari pul ajratish haqida bir to’xtamga kelgach, jahon qimmatbaho qog’ozlar bozori, jumladan AQSh moliya markazi – Vol Strit jonlangan.

Bir yil ichida zaiflashgan, investorlar e’tiboridan qolgan yevroning bahosi bugun biroz ko’tarilgan.

960 milliard dollarlik yordam paketi Gretsiya qarzini yopish, yevroga ishonchni tiklash, krizis boshqa davlatlarga tarqalishining oldini olish uchun sarflanadi. Mablag’ning katta qismini Yevropa Ittifoqi, qolganini esa Xalqaro Valyuta Jamg’armasi, xususan Kanada va Qo’shma Shtatlar ko’taradi.

Yevropa Ittifoqining pul siyosati bo’yicha bosh rasmiysi Olli Renning aytishicha, yevro ishlatadigan 16 davlatning moddiy taqdiri xavf ostida.

Gretsiyadagi moliyaviy tanglik asoratlari Portugaliya, Ispaniya, Irlandiya va Britaniyada ham sezila boshlagan.

Umumiy iqtisodiy ahvol og’ir bir sharoitda Gretsiyaning qarzini ko’tarish Germaniya singari yirik davlatlarga ma’qul emas. Bu mamlakat parlamenti uzoq tortishuvdan so’ng o’tgan hafta yordam berishga rozi bo’lgan edi. Biroq oqibatda kansler Angela Merkelning partiyasi mahalliy saylovlarda mag’lub bo’lgan.

XS
SM
MD
LG