Breaking News

KONGRESMEN ENGLISH: O'zbekistonda o'zgarishlar bo'lishi zarur - 2003-08-01


O’zbekiston va AQSh o’rtasidagi aloqalar juda mustahkam degan gap quloqqa tez tez chalinib turadi. Xo’sh, mana shu “juda mustahkam” aloqalar haqida Toshkentda emas, balki Vashingtonda nima deyishmoqda? Bu borada ma’lumot olish, hamda yiliga rivojlanayotgan dunyoga yordam berish maqsadida milliardlab pul ajratish qarorini ma’qullovchi, AQSh Kongresi a’zolarining O’zbekistonga nisbatan ayni damdagi munosabatini o’rganish uchun hamkorimiz Navbahor Imamova bir Respublikachi Kongresmen bilan suhbat qildi.

Vashington D.C. 24 iyun, 2003. Phil English AQSh Kongresidagi Vakillar Palatasida 1994 yildan beri Respublikachi a’zo sifatida hizmat qiladi. Kongresmen English AQShning sharqiy qismida joylashgan Pensylvaniya shtatining 23nchi kongressional tumanidan saylangan. 44 yoshli Kongresmen aslida Pensylvaniyada tug’ilib katta bo’lgan va Pensylvaniya Universitetidan siyosiy fanlar bo’yicha bakalavrlik darajasini olgan.

Kongresga saylanishidan avval Phil English pensilvaniyalik Senator Melissa Hartning idorasi boshlig’i bo’lib ishlagan. Kongresmen English AQSh Kongresidagi Mablag’ Ajratish Qo’mitasi, ya’ni soliq, savdo, so’g’liq, va ijtimoiy hizmatlar bo’yicha qonun chiqarish va bu hizmatlarga qancha mab’lag’ sarflash kerakligini ko’rib chiquvchi qo’mitada hizmat qiladi. Shuningdek, Kongresmen English vakillar va senatorlar birlashgan holda tuzgan Iqtisod Masalalari Qo’mitasiga ham a’zo. Bu qo’mita Amerika Kongresining moliya siyosatini belgilovci idoradir.

Xo’sh, Kongresmen Englishning O’zbekiston bilan nima aloqasi bor ? Uning O’zbekistonga nisbatan munosabatining ahamiyati nimada?

Kongresmen English O’zbekiston bilan juda qiziqadi; siyosiy, iqtisodiy, va ijtimoiy jarayonlarni yaqindan kuzatadi va O’zbekistonni Amerikaning yaqin savdo hamkori deb hisoblaydi. Kongressmenga savollarimni huddi ana shu savdo hamkori degan joydan boshlayman:

NI: Janob Kongresmen, O’zbekiston Amerika mahsulotlari uchun qanday bozor bo’lishi mumkin va agar bo’lsa, ohirgi yillar ichidagi savdo hamkorligi nima natija berdi?

Kongresmen English: O’zbekiston Amerika mahsulotlari bozoriga aylandi, deya olmaymiz. Balki biz , men xohlaganimdek, bizning mahsulotlarimizni O’zbekiston bozoriga olib kirish va O’zbekistonda ishlangan mollarni Amerika bozoriga kiritishga yetarli darajada harakat qilmayotgandirmiz. Ammo, savdo bo’yicha juda ko’p qirralarda hamkorlik qila olamiz, deb hisoblaymiz. O’zbekistonning jahon bozoriga chiqishi va ayniqsa, AQSh bilan savdo-sotiq qilishga kirishiga imkoniyatlari, albatta, bor. Bunga erishish uchun oddiy savdo rishtalari o’rnatishdan boshlash kerak. Biz yaqin kelajakda bunday aloqalar o’rnatishni rejalaymiz. O’zbekiston mustaqil davlat sifatida hali yetarli vaqt yashagani yo’q. Bundan tashqari Jackson Vanik rezolyutsiyasining (Sobiq Sovet Ittifoqidagi yahudiylar muhojiratini qulaylashtirish qonuni) bekor qilinishi bizning O’zbekiston bilan savdo aloqasi qilishimizga yo’l ochadi. Shu o’rinda ta’kidlab o’tish lozimki, O’zbekiston inson huquqlari bo’yicha muammolarni hal etishda uning tarafdorlari xohlaganicha yutuqlarga erishmayotgan bo’lsada, bir daraja harakat qilayotganini kuzatib turibmiz.

NI: Janob Kongresmen, siz O’zbekistonning eng go’zal joylari Samarqand-u Buxoroda bo’lgansiz. Shu qatorda siz, balki O’zbekistonning eng tashvishli nuqtalari bo’lgan Orol dengizi boyidagi hududlarga ham safar qilgansiz va bir necha shaharlar va qishloqlardagi ahvol bilan tanishgansiz. Mana shu safarlar natijasi o’laroq nima ishlarni amalga oshirdingiz?

Kongresmen English: Orol bo’yi hududiga safarim rostakamiga ko’zni ochadigan sayohat bo’lgandi. Men Orol dengizi qurishini tabiatning 20-asrda uchragan eng dahshatli halokati deb hisoblayman. Dengiz va okeandan uzoq joylardagi suvning yo’qolishini, men, bir shunday joydan chiqqan kishi sifatida yakshi tushunaman. Biz bu erda Buyuk Ko’llardagi suvni asrashga harakat qilamiz. Agar suvni asrashga nisbatan befarq siyosatlar olib borilsa, buning natijalari qanchalik salbiy bo’lishini ham tushunamiz. Bunday siyosiy xatolarni tuzatishga yo’l yo’q. Ular natijasida hududdagi aholi sog’lig’iga zarar yetadi. Xalqaro hamjamiyat O’zbekistonga bu borada murojaat qilishi va u erdagi aholi hayotini saqlash borasida uzoq muddatga mo’ljallangan maqsad bilan chiqishi judayam zarur. Albatta, bu oson ish emas.

Ammo, men mutaxassislar ko’magida hududga yordam bersih uchun aniq rejalar ishlab chiqilishi tarafdoriman. Aholining ko’pchiligi ro’zg’orini paxta evaziga tebratadi. Ularning kundalik hayoti paxta bilan chambarchas bog’liq. Demak, bunday jiddiy masalani yechishda, O’zbekistonga katta tashkilotlar ko’p tomonli yordamlar berilishi kerak. O’zbekistonni do’st deb hisoblovchi, uni qo’llab-quvvatlovchi mamlakatlar yordamga kelishi kerak. Orol bo’yidagi tabiiy ahvol va uning kishilar sihatiga zarari eski tuzumdan qolgan mulk. Bu masalani yechish hammaning vazifasidir.

NI: O’zbekistonda iqtisodiy, savdo va soliq tizimlari, hamda ijtimoiy hizmat va sog’liqni saqlash hizmati, hatto ta’lim tizimi judayam qo’poruvchilikka asoslangan holda ish yuritishi kuzatiladi. Juda ko’p sarmoyachilar aynan qo’poruvchilikka chiday olmay, mamlakat bozoridan chiqib ketishgani va ketishayotganini aytishadi. O’rta Osiyodagi o’zgarishlarni kuzatuvchi Rossiyalik bir mutaxassis yaqinda O’zbekistonda qo’poruvchilikni tugatish mumkin emas, chunki bu allaqachon hayot tarziga aylanib bo’lgan deb bildirdi. Bu fikrni ma’qullovchi kishilar anchagina. Siz, Amerikada mana shunday hollardan saqlanish uchun, bunday tizimlar ustidan nazorat qiluvchi idora a’zosi sifatida, O’zbekistonda chuqur ildiz otgan bu muammoni yengishning qanday yo’llari bor deb o’ylaysiz? O’zbekistondagi ahvolni bilgan bir siyosatchi sifatida yuqoridagi fikrga qo’shilasizmi?

Kongresmen English: O’ylaymanki, hali aytganimdek, qo’poruvchilik masalasini yechishda yana O’zbekiston do’stlarining yordami zarur. O’zbekiston qo’poruvchilikdan qutulmoqchi bo’lsa, bu borada kurash olib borgan Osiyo va Amerika qit’alaridagi mamlakatlardan namuna olishi mumkin. Bu mamlakatlarga qaralsa, O’zbekiston ham qo’poruvchilikni yengishi mumkinligi; bozor iqtisodiyotiga to’liq kira olishi va tabiiy boyliklaridan foydalanishni rivojlantira olishi mumkinligini tushunadi. Bundan tashqari savdo bilan shug’ullanuvchilar va ishlab-chiqaruvchilar sinfini qo’llab-quvvatlanishi lozim. Asosiy qilinishi kerak ish, bu mamlakatdagi ishlab chiqarish kuchlariga erkinlik berish, ularni ruhlashtirish va ana shu kuchlarni jahon miqyosidagi sanoatlar bilan tanishtirish kerak. Bu yo’lda hozircha juda ko’p texnologiya va kapital ko’chirishga to’gri keladi.

O’zbek hukumati a’zolari bilan gaplashganimda menga ma’lum bo’ldiki, ular ega bo’lgan barcha imkoniyatlardan foydalanishga harakat qilishmoqda. Lekin, islohatlarni kuchaytirish zarur. Rivojlangan dunyoning, bizning, bu borada ularga yordam berishimiz - burchdir. Iqtisodni barqaror bo’lishi yo’li ancha uzun. Iqtisodiy muammolar faqat O’zbekistonga xos emas. Ammo, kerakli harakatlar qilinsa, natijalari yomon bo’lmaydi. Ayniqsa, O’zbekistondek tabiiy jihatdan boy va xalqi mehnatkash mamlakatda. Biz O’zbekistondagi ahvolni iqtisodiy islohatlar orqali tuzalishiga umidvormiz.

NI: Islom Karimov boshchiligidagi O’zbekiston hukumati ustidan mamlakatda inson huquqlarini poymol etilishiga dahldor tanqidlar kuchaygan. Xalqaro maydonda ham O’zbekistonda inson huquqlari va matbuot erkinligi vayron holda deya ko’p gapirishmoqda. Yaqinda hamkasblaringiz, AQSh Kongresi a’zolari ham O’zbekiston hukumatiga qarshi tanqidiy fikrlar bildirishdi. Tanqidlarga qo’shilasizmi?

Kongresmen English: O’zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq masalalar haqida mamlakatning do’stlari ochiqchisiga gapirishi kerak va bu borada tashvishda ekanliklarini, mulohazalarini oydin ravishda O’zbek hukumatiga bildirishlari kerak. O’zbekistonda inson huquqlariga rioya qilinishi borasida ijobiy o’zgarishlar bo’lishi zarur va bunday o’zgarishlar, hukumatni qo’llovchi boshqa hukumatlar ko’z oldida, ro’y berishi so’raladi. Ayniqsa, bugungi kunda xalqaro hamjamiyat, va aynan AQSh hukumati, inson huquqlarini hurmat qilishga qay darajada bosim o’tkazayotganini hisobga olsak, O’zbekistonning to’liq hamkorga aylanishi uchun inson huquqlarini e’zozlashga erishishi g’oyat jiddiy masala. O’zbekistonda inson huquqlariga xalqaro normalarga binoan riyoya qilinishi zarur. To’gri, biz O’zbekiston hukumatining mintaqada diniy extremistlar va musulmon fundamentalistlari tomonidan bosim ostida ekanligini tushunamiz. O’tgan yillarda bo’lgan terroristik voqealar hukumatdan qanday javob talab qilganini ham tan olamiz. Shunday bo’lsada, O’zbekiston inson huquqlarini poymol etilishi bo’yicha hisobini kamaytirishi o’ta muhim talab. O’zbekiston bu muammoni hal qilish yo’llarini izlashi kerak. O’zbekistondagi inson huquqlariga doir ahvol xalqaro hamjamiyat nazari tushadigan darajada yaxshilanishi kutiladi. O’zbekistonga nisbatan qilinayotgan tanqidlar, uning foydasi uchun, mamlakatning jahon miqyosida o’ziga yarasha rolga ega bo’lishi uchun, hukumat yo’l qo’yayotgan kamchiliklarni tuzatish kerakligini bildirishdir.

NI: O’zbekiston AQShning terrorismga qarshi urushida hamkorga aylangach, “erkalanib” ketib, demokratik qadriyatlarga rioya qilmayapti, degan fikrlarga nima deysiz?

Kongresmen English: AQShning O’zbekistondagi roli judayam ijobiy bo’lib kelmoqda. Bizning O’zbekistondagi elchilarimiz inson huquqlari doirasidagi kamchiliklarga qarshi qat’iy harakatda. Elchilarimiz O’zbek hukumatiga tanqidiy fikr bildirib, hukumatning to’g’ri yo’lga solishga harakat qilish bilan band. Do’st sifatida biz, amerikaliklar, O’zbekiston jamiyatida o’ta ijobiy ro’l oynaganimizga shubha yo’q. Biz O’zbekistondagi huquqni tiklash tizimini va fuqarolarning fundamental huquqlari himoya qilinishi yo’lida chuqur islohatlar qilinishiga undash maqsadi bilan chiqqanmiz. Bu maqsadlarimizga hali to’liq erishganimiz yo’q, buning uchun vaqt kerak. Ammo, boshqa mamlakarlarning O’zbekiston Amerikaga hamkor bo’lib, o’zidan ketdi degan tanqidiga hech qanday o’rin yo’q.

NI: Ho’sh, O’zbekiston borasida bunday fikrlar bilan chiqayotgan bu Amerika Kongresmeni yaqin orada yana O’zbekistonga safar qilmoqchimi?

Kongresmen English: O’zbekistonga borish niyatim bor. O’zbekistonda ohirgi marta 2001 yil bo’lgan edim. Undan beri, nafaqat 11 sentyabr voqealari natijasida, balki boshqa sabablar bilan ham juda ko’p o’zgarishlar yuz berdi. Biz hozir O’zbekiston iqtisodida yaxshi imkoniyatlar borligini ko’ryapmiz va yaqindan hamkorlikka yo’llar borligini tushunyapmiz. Men O’zbekistonning Washingtondagi elchixonasi bilan doimiy aloqadaman. Ularning manfaatlari Capitoliyda, ya’ni AQSh Kongresida e’tiborga olinishini tekshirib turaman. O’zbekiston va Amerika ko’p sohalarda bir qarashga ega va shuning uchun ham O’zbekiston bizning do’stligimizga va yordamimizga judayam arziydi. Men, ikki mamlakat uchun, ayniqsa O’zbek hukumatiga ko’mak beradigan masalalar yuzasidan muzokara qilish uchun va aniq ma’lumotlar to’plash uchun O’zbekistonga do’stona tashrif buyurishni xohlar edim.

NI: Kongressmen English, avvalombor sizga bu suhbat uchun chuqur minnatdochilik bildiramiz va Amerika Ovozining O’zbek tilidagi tinglovchilari bilan fikrlaringizni o’rtoqlashganingiz uchun juda hursandmiz.

Kongresmen English: Tashakkur.

XS
SM
MD
LG