"Amerika Ovozi" Televideniesi O'zbekistonga ko'rsatuvlar uzatishni yo'lga qo'ydi - 2003-12-25


“Amerika Ovozi” ning O’zbek Xizmati ilk marta O’zbekistondagi hamkor tele-markazlarni Amerika hayoti haqidagi lavhalar bilan doimiy ravishda ta’minlashni yo’lga qo’ydi.

Hozirgi kunda Amerika Ovozining mamlakatdagi to’rt hamkori, ya’ni Toshkentdagi 30-kanal, Gulistondagi Aloqa, To’rtko’ldagi To’rtko’l va Jizzaxdagi Baxtiyor telemarkazlari O’zbek Xizmati tomonidan tayyorlangan lavhalarni sun’iy yo’ldosh orqali qabul qilmoqda va o’z tomoshabinlariga uzatmoqda. Respublika bo’ylab mavjud boshqa bir necha hamkorlar ham yaqin kunlarda bunday faoliyat boshlash arafasida.

Yaqinda O’zbekistonda bo’lib qaytgan AQSH Senatori, tashqi aloqalar bo’yicha qo’mita raisi Richard Lugar, O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashuviga ishora qilib, o’zbekistonliklar Amerika va g’arbdan ko’proq xabar olishni istasharkan, deb ta’kidlagan.

Sentyabr oyida bo’lib o’tgan “Insoniyat uchun Terrorizmga Qarshi Kurash” anjumanida esa AQSh prezidenti nomidan ishtirok etgan Senator Lugar shunday dedi:

"Amerikaliklar demokratiya, qonun ustuvorligi, erkin iqtisod, hamda siyosiy va diniy erkinlik tushunchalarini yoyish bizning burchimiz ekanligini tushunishadi. Bizning jamiyatimiz asosi bo’lgan bu qadriyatlar butun dunyo bo’ylab turli xalqlar orzusi ekani ham amerikaliklarga ma’lum.

"Amerika Ovozi" Direktori David Jakson esa shunday deydi: “Telelavhalar va radio dasturlar bizning qadriyatlarimizni mintaqaga olib boradi. Bu vositalar AQSh ega bo’lgan boshqalariga qaraganda ham kengroq miqyosda muxlislarga yetadi".

Matbuot faoliyatini kuzatuvchi tashkilot-InterMediaining 2001 yilda o’tkazgan so’rov natijasiga ko’ra, O’zbekiston aholisining 61,9 foizi uchun kundalik xabarlarni olishda televidenie o’ta muhim ekan. Qolgan 21 foizi televidenie yangiliklar olishda muhim manba, deb hisoblagan.

"Amerika Ovozi" O’zbekistondagi hamkor tele-markazlarga haftaning besh kunida, Amerika Manzaralari turkumida, 5-6 minutli tasviriy lavhalar jo’natmoqda.

Ularda Amerikadagi turmush-tarzi, dam olish, sayohat, tarix, qishloq xo’jaligi, ilm-fan va texnologik taraqqiyot mavzusi asosiy o’rin egallaydi.

Bu lavhalar hamkorlarga seshanba kunidan shanba kunigacha Toshkent vaqti bilan soat 9:20 da sun’iy yo’ldoshli antenna orqali jo'natiladi. Amerika hayotini yorituvchi bunday lavhalarning yarim-soatlik jamlanmasi esa har dushanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da uzatiladi.

Shunday qilib, "Amerika Ovozi" haftasiga uch yarim soat radio orqali, bir soat esa televidenie orqali o’z muxlislarini topmoqda.

Amerika hayotini yorituvchi bu lavhalar tayyorlanishida "Amerika Ovozi" O’zbek Xizmati xodimi Navbahor Imamova faoliyat ko’rsatmoqda. Navbahor avval O’zbekiston Teleradiokompaniyasining Xalqaro Hayot redaktsiyasida ishlagan va so’ngi yillarda AQShda jurnalistika sohasida magistrlik unvonini olgan.

"Amerika Ovozi"ga 1942 yilda asos solingan bo’lib, endilikda bu tashkilot o’zining turli axborot vositalariga ega. Bu xalqaro televidenie va radio xizmati AQSh hukumati tomonidan moliyalanadi.

Amerika Ovozi televideniesi va radiosi har hafta 1000 soatdan ko’p miqdorda xabar, ma’lumot, hamda ta’limiy va madaniy dasturlarni havoga uzatib, jahon bo’ylab 94 million muxlisi tomonidan tomosha qilinadi va tinglanadi. Dasturlar ingliz tilida va boshqa 54 tilda tayyorlanadi.

Ko’proq ma’lumot uchun, "Amerika Ovozi"ning Jamoat Aloqalari bo’limiga (202) 401-7000 telefon raqami yoki publicaffairs@voa.gov elektron pochtasi orqali bog’lanishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG