Aloqa TV: Rossiya ta’siridan qutilish qiyin - 2004-01-10


O’zbekistondagi mustaqil televideniyalarning akasariyati Rossiya telekanallari panohida o’z mavqe’larini saqlab kelishmoqda. Buning uchun o’zbek tomoshabinlarining rus jurnalistlari ko’rsatuvlariga qiziqishlari katta ekanligi ham bois bo’lgan.

Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahri va tumanlarda yashovchi 500 mingga yaqin tomoshabin bahramand bo’ladigan “Aloqa K” mustaqil televideniyasining har kuni ertalabki vaqt bilan soat 6.00dan kech soat 24.00ga qadar uzatiladigan ko’rsatuvlarning asosiy qismini (qariyb 80 foizini) Rossiya televideniyalari mahsulotlari egallaydi. Bu holat tomoshabinlarning rus telekanallariga ehtiyojlari katta ekanligini ko’rsatadimi, yoki buning boshqa sabablari bormi?

-Agar respublikamizdagi xususiy televideniyalar ham texnika va moliyaviy tomondan boy bo’lganlarida ular ham, biz ham efir vaqtlarimizni o’z dasturlarimiz bilan to’ldirgan bo’lardik,-deydi “Aloqa K” televideniyasi tashkilotchisi va rahbari A’zam Usmonov.

Televideniya orqali Rosssiyaning NTV va ORT telekannalari ko’rsatuvlari muntazam uzatib kelinmoqda va buning sababi Usmonov janoblariga ko’ra tomoshabinlarning bu kanallarning axbarot dasturlariga ehtiyoj juda ham katta ekanligi bilan bog’liqdir.

“Aloqa K” televideniyasi rahbarining fikricha shu paytgacha aksar Rossiya telekannalari ko’rsatuvlarini efirga uzatish uchun shartnoma qilinmagan. Sababi ayrim rus televideniyalari buning uchun anchagina katta mablag’ talab qilishgan. Bu mablag’larni to’lashga esa “Aloqa K” televideniyasining imkoni yo’q.

-Shunga qaramay Rossiya telekannalari ko’rsatuvlari O’zbekistondagi o’nlab mustaqil telekanallar kabi “Aloqa” televideniyasi orqali ham mahalliy aholiga uzatilmoqda va bunga Rossiyalik hamkasblarimizning e’tirozi yo’q,-deydi A’zam Usmonov.

Tahlilchilarga ko’ra yuz yildan oshiq vaqt davomida Rossiyaga qaram bo’lib kelgan o’zbeklarlarning rus matbuoti ta’siridan besh yoki o’n yilda qutilib ketishlari qiyin. Minglab aholi vakillari mahalliy axbarot vositalaridan o’zlariga kerakli ma’lumotlarni ola bilmasliklari ham, ularni nisbatan erkin bo’lgan Rossiya matbuotiga bog’lab qo’ymoqda.

Keyingi yillarda O’zbekistonliklar g’arb yoki Amerika hayotiga katta qiziqish bilan qaray boshlaganliklari kuzatildi. Imkoniyati bor odamlar sun’iy yoldosh orqali xorijiy mamlakatlar teleko’rsatuvlarini tomosha qilishni boshlashdi. Biroq asosan rus tiliga immunitet hosil qilgan o’zbeklar o’zlariga notanish tillardagi telelavhalardan tezda zerikishardi.

Keyingi yillarda O’zbekistondagi tomoshabinlarni garb davlatlari yoki Amerika hayoti bilan tanishtirish maqsadida mamalakatdagi yigirmaga yaqin mustaqil telekanallar “Nemis to’lqini” va “Amerika ovozi” televideniyalari ko’rsatuvlarini shartnoma asosida efirga uzata boshlashdi. Asosan rus tilida tayyorlanadigan bu ko’rsatuvlarda sobiq Sovet respublikalariga o’xshamaydigan, tamoman o’zgacha ijtimoiy hayot haqida hikoya qilinardi.

2003 yilning dekabr oyidan boshlab boshqa mustaqil telekanallar kabi “Aloqa K” televideniyasi ham o’zbek tilidagi “Amerika ovozi” ko’rsatuvlarini efirga olib chiqdi.”Amerika manzaralarti” deb nomlangan bu ko’rsatuvlarni uzata boshlagan ayrim mustaqil telekanallar mahalliy to’ralarning qarshiligiga duch kelishgandi.”Aloqa K” televideniyasi esa bu xildagi ta’sirlardan xoli ekan.

-Hozirgacha bu ko’rsatuvlar haqida mahalliy hokimiyat mulozimlari yoki oddiy odamlarning fikr-mulohazalarini eshitmadik,-deydi A’zam Usmonov.

1995 yilning 1-fevralidan boshlab o’z ko’rsatuvlarini efirga olib chiqa boshlagan bu telekanal avvaliga mahalliy hokimiyatdan moddiy va ma’naviy ko’mak olib turgan bo’lsa keyinchalik ularning ta’siriga duch kela boshlagandi. Hokimiyat mulozimlari televideniya rahbariyatiga qanday mavzudagi ko’rsatuvlarni efirga berish yoki bertmaslik haqida ko’rsatmalar berishar, jurnalistlarga esa ishonchsizlik bilan qarashardi.

-Oradan yillar o’tar ekan, A’zam Usmonovga ko’ra, O’zbekistonda “Ommaviy Axbarot Vositalari” to’g’risidagi qonunning qabul qilinishi va nihoyat 2002 yilning may oyiga kelib senzura rasman bekor qilinganidan so’ng bu ta’sirlar biroz kamaygan.

Bugungi kunda “Aloqa K” televideniyasi viloyatdagi maishiy muammolar haqidagi ko’plab tanqidiy materiallarni jamoatchilik e’tiboriga havola qilib kelmoqda. Jurnalistlarning bevosita qishloq joylariga borib oddiy odamlar turmushidagi qiyinchiliklarni yoritayotganliklari tomoshabinlar sonining oshishiga va televideniya mavqeining ko’tarilishiga o’ziga xos ta’sir etmoqda.

XS
SM
MD
LG