Breaking News

Toshkentda portlashlar va otishmalar davom etdi - 2004-03-30


O’zbekistonda no’malum jangarilar va hukumat kuchlari o`rtasidagi otishmalar davom etmoqda.

Chorsu bozorida kuzatilgan portlashlar 30 mart kuni ertalab Toshkent shahrining Traktor zavodi hududi va Qibray tumani tutashgan joyda O’zbekiston prezidentining Do`rmon qarorgohi yaqinida davom etdi.

Bu yerdagi birinchi portlash ertalab soat sakkizlarda kuzatilgan. Shundan so`ng militsiya posti yaqinida turgan Tiko rusumli avtomobil portlagani va natijada militsiya xodimlaridan bir nechta qurbonlar bo`lganligi haqida malumot bor.

Otishma boshlangan voqea joyini kuzatish shuni ko`rsatadiki, Traktor zavodi joylashgan hudud va Qibray tumani hududi maxsus xizmat xodimlari tomonidan o`rab olingan. Aholi o`rab olingan hududga qo`yilmayapti va davomli tarzda otishmalar, portlashlarning ovozi eshitilib turadi. Nomalum guruhning kimligi va ularning aniq soni haqida rasmiy malumotlar yo`q.

Aholi esa ularning soni va maqsadlari haqida turli taxminlarni bildirishmoqda. Mahallaning ba’zi vakillari bildirayotgan taxminlarga ko`ra, nomalum qurollangan guruh 17 –18 yoshli bolalardan iborat, ularni otishmaga undagan narsa O’zbekistonda yuzaga kelgan og`ir ijtimoiy muhit bo`lishi ham mumkin. Shuningdek, aholining ba’zilari nomalum qurollangan guruhni terrorchilar bo`lsa kerak deb aytishadi.

Hukumatning otishmalar yuzasidan berilayotgan rasmiy axboroti yo`q bo`lsada, biroq 29 mart kuni O’zbekiston bosh prokurori Rashid Qodirov o`tkazgan matbuot anjumanida bo`lib otgan voqealar terrorchilik harakati ekanligi va bu harakat oldindan diniy ekstrimizm vakillari tomonidan rejalashtirilgani haqida takidlab o`tgan edi.

Xullas, Chorsu bozoridagi portlashlardan so`ng davom etgan portlash va otishmalarda qanday qubonlar borligi haqida malumot yo`q bo`lsada, biroq otishmada jarahotlanganlar poytaxtdagi 16 tez tibbiy yordam ko`rsatish markaziga yetkazilayotganligi aytilmoqda.

Hukumat kuchlari va noma’lum qurollangan guruh o`rtasidagi otishmalar ertalabdan soat 17.00 larga qadar davom etdi va bu orada o`tayotgan otishma jarayoni haqida turli taxminlar vujudga keldi. Guvohlarga ko`ra, voqea joyiga O’zbekiston ichki ishlar vaziri Zokir Almatov kelib ketgan. Aholiga ko`ra, Yalang`och dahasida joylashgan masjid yaqinida, mahalladagi xonadonda ham portlash sodir bo`lgan. Noma’lum qurollangan guruh Traktor zavodi joylashgan hududdagi 4- bolalar bog’chasini garovga olganligi haqidagi ma’lumotlar ham bor.

Traktor zavodi massivi va Yalong`och dahasi tutashgan joylardan shaharni Chirchiq shahri bilan bog`lovchi temir yo`l o`tadi. Aholiga ko`ra, otishmalar aynan temir yo`l o`tgan joylarda ham kuzatilmoqda ekan. Militsiya halqasi bilan o`ralgan joyda yashayotgan aholi qaytib o`z uylariga kira olmayotganliklaridan tashvishda. Militsiya halqasi oldida turgan bir qizning aytishicha, noma’lum guruh besh kishidan iborat va ularning uchtasi bir hovlini oila azolari bilan garovda ushlab turibdi.

Noma’lum qurolli guruh bolalar bog`chasini, odamlar hovlisini garovga olganligi haqidagi bir birini rad etuvchi ma’lumotlar ko’p. Biz otishmalar bo`layotgan hududni oxirgi marta soat 17.00 larda borib ko`rganimizda ko`chalardagi to`xtatib qo`yilgan harakat nisbatan tiklangan va otishmalar ovozi eshitilmayotgan edi. Aholi bildirilayotgan fikrlarga ko`ra,nomalum qurollangan guruh va hukumat kuchlari o`rtasidagi otishmalar nomalum guruh joylashgan bolalar bog’chasini ishg`ol etish bilan tugagan.

Bular faqatgina aholi bildirayotgan munosabatlar, rasmiylar esa hech qanday munosabat bildirishmayapti. O`zbekiston ichki ishlar vazirligining matbuot xizmati boshlig`i Aziz Ernazarovga ko`ra, bo`lib otgan otishmalar yuzasidan rasmiy munosabat tayyorlanmoqda va jurnalistlarga oshkor qilinadi.

XS
SM
MD
LG