Breaking News

O’zbekiston Zamonaviy Zulmdorlik va Radikal Islom Qurbonimi? - 2004-04-05


NI: Markaziy Osiyo haqida bitgan so’ngi ilmiy maqolasida, Kaliforniya Universiteti professori Dr. Edward Walker, mintaqa xalqi zamonaviy zulmdorlik va radikal Islom qurbonidir, deya bahs yuritadi. Olim O’zbekistondagi bugungi ahvol yuqoridagi fikrning yaqqol isboti emasmi, deydi.

Dr. Walker: O’zbekiston hukumati hech qanday harakatga bardosh qilmaydi. Hattoki, tinch yo’l bilan e’tiqod qiluvchi musulmonlar ham ta’qib ostida. Mamlakakatda iqtisodiy ahvol og’ir. Xalqqa norozilik bildirish uchun yo’l yo’q. Bu hol kishilarning radikal tashkilotlar tomon yuz tutishi uchun zamin yaratadi. Afsuski, mintaqada hukumatdan norozi kishilarning birlashishi uchun Islomizm ayni damda eng kuchli yo’l bo’lib qolmoqda. Natijada Karimovning siyosati radikal musulmonlarning qozg’alishiga olib kelyapti. Biz ga’rbda aynan shu holning yuz bermasligini istaymiz.

NI: AQSh O’zbekistonni terrorga qarshi bizning yaqin va muhim ittifoqdoshimiz, deydi. Amerika harbiy sohada O’zbekiston bilan aloqalarimiz har doimgidan ham mustahkam, deb ta’kidlaydi. Nima bu O’zbekistonni terrorga qarshi kuchli kurashchi qilmaydimi?

Dr. Walker: Fikrimcha, yo’q. O’zbekiston terrorga qarshi urushda muhim rol o’ynayapti, deb juda bo’rttirib gapirishadi. Vaholanki, ba’zi jihatdan O’zbekistonda hukumat radikal Islomizmni rivoj topishida hissa qo’shayotgandek. Xonobod bazasi, Afg’onistondagi amaliyotlarda albatta, qancha qo’l keldi. Ammo, eng muhim rol o’ynadi, deya olmaymiz. Iroqdagi urushda Turkiya AQShga bunday yordam berishni rad qildi, ammo amaliyotlar o’sha ko’maksiz ham ta’sirli darajada olib borildi. O’zbekiton terrorga qarshi urushda ahamiyatli davlat, ammo hozirda strategik jihatdan ancha past o’rinda va siyosiy tomondan katta tashvish.

NI: Gapingizga ko’ra, unda, AQSh O’zbekistonga nisbatan ikki yoqlama, balki ikki yuzlama siyosat olib borayotgan ekan-da? Chunki, mudofaa vaziri Donald Ramsfeld so’ngi marta O’zbekistonda bo’lganida, mamlakatning AQSh bilan hamkorligi tobora o’syapti, deb maqtasa, AQSh davlat departamenti, O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq ahvol jar yoqasida, degan mazmunda bayon qildi. Siz siyosiy tahlilchisiz. AQSh O’zbekistonga qanday qarayapti? Bunday siyosat bilan AQSh O’zbekiston xalqiga nima demoqchi?

Dr. Walker: Ha, AQShning O’zbekistonga munosabati aniq emasdek tuyuladi. Bir tomonda O’zbekistonda inson huquqlari e’zozlanishi kerak, deyishayotgan bo’lsa, Amerika rasmiylari, ikkinchi tarafdan O’zbekiston bilan siyosiy yaqinlikda qolishga intilishayapti. O’zbekiston xalqi va boshqaruvi AQShdan mana shunday noaniq ma’lumot olmoqda. Menimcha, afsuski, O’zbekistonda AQSh bizning rejimni bir ovozdan quvvatlaydi, degan umumiy qarash bor. Agar AQSh bu borada biror chora ko’rmasa, bu qarash yanada kengayadi. O’zbekiston ommasi, juda repressiv bu hukumat nafaqat Karimovning shaxsan ma’qul ko’rgan siyosati mahsuli, balki bu rejim Washington tomondan ham quvvatlangan, degan xulosaga kelishni boshlayapti.

NI: Professor Walker, AQSh, davlat qurish, demokratik jamiyat yaratish haqida ko’p gapiradi. O’zbekistonda bunday jamiyat qurilishi uchun to’sqinlik qilinmoqda, deya bong uruvchilar kam emas. Balki, Amerika O’zbekistonda ana shu masalaga e’tiborni qaratishi kerakdir...

Dr. Walker: Yo’q, menimcha, O’zbekistonda muammo davlat qurishda emas. Davlat qurish deyilganda, odatda, mamlakatda tinchlik o’rnatish va fuqaro boshqaruvi tashkil qilish nazarda tutiladi. Bu hokimiyatga asos solish degani. O’zbekistondagi muammo esa mavjud hokimiyatning repressivligida, yulg’ichligida. Bu iqtisodiyotning rivoj topishi uchun yo’l bermaydi.

NI: Sobiq Sovet mamlakatlari rahbariyatlarini o’rgangansiz va umuman, sobiq SSSR haqida ko’p yozgansiz... O’zbekiston xalqining o’z hukumati haqida fikri qanday deb o’ylaysiz?

Dr. Walker: Fikrimcha, Karimov hukumatining xalq orasida obro’si ancha pasaygan. Bunda iqtisodiy tushkunlikning, yulg’ichlikning va ichki ishlar xodimlarining xalqqa o’tkazayotgan zulmi bilan bog’liq. Rejim ostida qiynalayotgan kishilar ko’p. Bular faqat vahobiy deb ayblanganlarning yaqinlari emas, balki hukumat vakillari tomonidan turli tomonlama azoblanayotgan oddiy fuqarolar. Nazarimda, bu hukumatga qarshilik tobora oshayotgandek.

NI: Dr. Walker Kaliforniya Universitetining sobiq Sovet jamiyatlarini o’rganuvchi Berkeley dasturiga rahbarlik qiladi.

XS
SM
MD
LG