Breaking News

O’zbekistondagi qonli voqealarga matbuot kam o’rin berdi: Nega? - 2004-04-06


NI: Taiwanda chiqadigan Taipei Times gazetasi, Toshkentda o’tgan seshanba kuni ikki suiqasd bombasi portladi, militsiya va terroristlikda gumon qilinganlar to’qnashishdi, lekin Toshkentdagi axborot vositalari bu voqealarni to’g’ridan to’g’ri yoritgani yo’q, kechki yangiliklarda ozgina to’htab o’tildi, xolos, deya tanqid qildi.

Orangizda Taiwanda nima deyishlarining bizga nima ahamiyati bor, deya hayron bo’layotganlar bo’lsa, ajabmas. Bu yerda gap qaysi mamlakat matbuotining O’zbekiston haqida nima deyishida emas, matbuotning tezkor va ta’sirli emasligi jamiyat uchun qanchalik zararli ekanligida, deya ta’kidlaydi Washington shahrida joylashgan Xalqaro Jurnalistlar Markazining Yevropa va Yevroosiyoda jurnalistlar malakasini oshirish dasturi boshqaruvchisi Bob Tinsley. Tinsley, shuningdek, Washington Post va Dallas Morning News gazetalarida faoliyat ko'rsatgan.

Janob Tinsley, O’zbekistondagi voqealar xalqaro matbuot nazariga qanchalik ilindi?

B.Tinsley: Washington Post gazetasi hamda televidenie orqali berilgan qisqa xabarlardan tashqari, rostini aytsam, ko’p ma’lumot ko’rganim yo’q. Markaziy Osiyoga qiziqqanim uchun, xabarlardan ko’zini qochirmaydigan tanishlarimga murojaat qilib, O’zbekistondagi qonli voqealar haqida so’radim. Ular ham uncha bilishmadi. Balki Amerika matbuoti e’tibor bermayotgandir.

NI: Yirik gazetalarda O’zbekistonda mana bunday hodisalar yuz beryapti, degan xabarlar berilganini ham aytib o’tish kerak. Jumladan, New York Times, Christian Science Monitor, AQShning g’arbiy sohilidagi gazetalar, va qolaversa, yirik televidenielar NBC, ABC, CBS, CNN kabilar Toshkent va Buxorodagi voqealarga to’htalishdi, shunday emasmi?

B.Tinsley: Fikrimcha, Iroqdagi o’zgarishlar bizning axborot vositalarimiz nazarida eng asosiy mavzu. Shu sabab, afsuski, AQSh matbuoti O’zbekistonga arzigulik darajada o’rin bermadi.

NI: O’zbekiston matbuoti ahvolini yaxshi biladigan mutaxassis, Amerikaning ikki katta nashrida ishlagan jurnalist sifatida, O’zbekiston matbuoti mamlakatdagi terroristik hujumlarni tezkor va keng miqyosda yoritmagani uchun ayblanishi kerak, deb hisoblaysizmi? Kutilmagan fojea yuz bergan hollarda, mojarolarda, matbuotning roli qanday?

B.Tinsley: Yaqinda O’zbekistonda jurnalistlar uchun uchta seminar o’tkazdik. O’zbekistonlik jurnalistlar yangilikni yoritish uchun zarur professional salohiyatga, qobiliyatga, kuchga ega emas, demagan bo’lardim. Ularning jahon standartlari darajasiga chiqish uchun intilishayotganini ko’rdim. Afsuski, O’zbekistonda jurnalistlar o’zlarini-o’zlari tsenzura qilishadi. Muhim voqealar, fojealar sodir bo’lganida, fikrimcha, bu odat o’z kuchini ko’rsatmay qolmaydi.

Tsenzura rasman bekor qilingan bo’lsa-da, nazarimda hukumat va jurnalistlar orasida qandaydir ochiq aytilmaydigan o’zaro tushuncha bor. Tsenzura yo’q, ammo uning vazifasi endi muharrirlar zimmasida. O’zbekistonda jurnalistlar tzenzura bosimidan, avvalgi paytdagidek, xavfsirashda davom etishmoqda.

NI: O’zbek tilida havoga uzatuvchi chet eldagi ommaviy axborot vositalarini kuzatasizmi? Jumladan, Amerika Ovozi, BBC yoki Ozodlik Radiosi dasturlarini. Ular, O’zbekistondagi yangiliklarni xalqqa aniq va obyektiv tarzda yetkaza olishyaptimikan? Rus tilidagi matbuotlar haqida nima deysiz?

B.Tinsley: Ha, O’zbekistonga chet eldan axborot uzatuvchi manbalarni kuzatib boraman. Xabarlarning mazmuni va ko’lami menga yoqadi. Lekin O’zbekiston xalqi uchun Rossiya televidenielari asosiy axborot manbai, deb o’ylayman.

NI: Jurnalistikani haqqoniylik tebratadi, deyishadi. Har qanday voqeani yoritishda jurnalist o’z his-tuyg’ularini chetga qo’yishi va masalaga obyektiv yondashishi lozim, deyiladi professional qoidalarda. Qon to’kilganida, mudhish voqealar yuz berganida, jurnalistning ma’suliyati yanada oshadi...qiyinlashadi....

B.Tinsley: Albatta, har qanday voqeani yoritishda, jurnalistikaning asosiy qoidalariga amal qilinishi lozim. Mojarolarni yoritish juda nozik vazifa. Jurnalistdan har bir gapi, har bir so’zi ustida yanada ehtiyot bo’lish, yanada hushyor turish kutiladi. G’arbdagi jurnalistlar ega imkoniyatlar, erkinlar o’zbekistonlik jurnalistlarda yo’q. Bu degani ularning ishlari yanada og’ir va murakkab. Tasavvur qiling, bunday paytda, erkin bo’lmagan, imkoniyatsiz jurnalist nimalar bilan yuzlashadi.

NI: Jurnalistlar malakasini oshiruvchi bu xalqaro markaz haqida Internetda www.icfj.org sahifasiga kirib tanishishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG