Breaking News

Ahmad Rashid: O’zbekiston-mish-mishlar va gumonlar makoni - 2004-04-10


NI:Hukumat xalqqa vaqtida xabar beryaptimi? O’zbekiston Islomiy Harakatining kuni rostdan ham bitganmi? Islomiy Jihod kim, nima? AQShning Markaziy Osiyodagi xalq diplomatiyasi qayerda qoldi?

Pokistonlik jurnalist Ahmad Rashid bir necha yil avval chiqqan, Tolibon: Islom, Neft va Markaziy Osiyodagi Yangi Buyuk O’yin, hamda keyinroq, Jihod: Markaziy Osiyoda Jangari Islomning Ko’tarilishi deb nomlangan kitoblarida Markaziy Osiyo, jumladan O’zbekiston terrorizm xavfi ostida, va qolaversa kelasi yillar ichida mojaroli mintaqaga aylanishi mumkin, deya qayd etgan edi. Undan beri terrorizmga qarshi kurash ancha avjlandi. Janob Rashidni O’zbekistondagi bugungi muhit haqida suhbatga chorladik.

Mamlakatda yuz bergan so’ngi qonli voqealar sizni ajablantiradimi?

A. Rashid: Ahvol hali ham juda notinch, nazarimda. O’zbekiston ichki ishlar xodimlariga kim hujum qilgani hali ham no’malum. Hukumat nima bo’lgani va bo’layotgani haqida xalqiga vaqtida xabar bermayapti. Natijada mamlakat mish-mishlar va gumonlar makoni. O’zbekistonda sodir bo’lgan voqeaning o’z vaqtida xalqqa yetib bormagani salbiy ta’sir ko’rsatyapti.

NI: Portlashlar va otishmalardan so’ng, O’zbekiston hukumati fuqarolarni terrorga qarshi ogohlikda turishga chaqirdi. Toshkent hokimiyati davlatni, jamiyatni muhoafaza qilish har bir fuqaroning burchi degan mazmunda bayonot berdi. Mojarolar chiqqanda, fojealar yuz berganda, hukumatlarning xalqqa bunday deyishi normal holmi?

A. Rashid: Yo’q, menimcha xalqni terrorizmdan himoya qilish hukumatning vazifasi. Yuqoridagi gaplar xalqni yanada tushkunlikka soladi. Bundan tashqari, hukumat siyosiy jihatdan ham ochiqroq bo’lishi kerak, normal siyosiy muhitga, matbuotning normal, ya’ni erkin bo’lishiga, kishilarning axborot olish imkoniyatiga ega bo’lishlari uchun ruxsat berishi kerak. Shu yo’l bilan xalqni ogoh saqlash va terroristlarga qarshi kurashish mumkin.

NI: O’zbekiston hukumatiga qarshi harakat boshlagan extremist guruhlar haqida yaxshi bilasiz. 3 aprel kuni o’zini Islomiy Jihod deb tanituvchi guruh O’zbekistonda yuz bergan portlashlarni zimmamizga olamiz, degan bayonot tarqatdi. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, maktub Rossiyadan kelgan. Bu qanday guruh, yangi ektremistik guruhmi?

A. Rashid: Men ham bu guruh haqida bilmayman. Balki, O’zbekiston Islomiy Harakati yoki Hizb-ut-Tahrir partiyasiga tegishli biror kichik guruhdir. O’zbekiston Islomiy Harakati yashirin tizimga ega. Afg’onistonda AQSh boshchiligida olib borilgan hujumlarda bu harakatning harbiy kuchlari barbod qilingan bo’lsa-da, uning zimdan ishlovchi kuchlari hali ham harakatda. Hizb-ut-Tahrirga kelsak, partiyaning ichida jangarilik harakatini boshlash kerakmikan, degan bahs mavjudligini bilaman. Balki, Islomiy Jihod deganingiz boshqa bir tashkilotga qarashlidir, buni bilmayman.

NI: O’zbekiston rasmiylari ham, Amerika hukumati vakillari ham, ba’zi kuzatuvchilar ham O’zbekiston Islomiy Harakatining kuni bitganligiga ishonishadi...

A. Rashid: Yo’q, men bu firkga qo’shilmayman. Ayni damda Pokiston qo’shinlari Islomiy Harakatning yuzlab vakillarini Afg’oniston-Pokiston chegarasida quvib yurishibdi. Yaqindagi bo’lgan janglarda Tohir Yo’ldosh yaralandi, deb aytilgani ham bu tashkilotning mavjudligidan bir dalolat. Buning ustiga, Markaziy Osiyo bo’ylab, yashirincha faoliyati tugatilmagan. O’zbekiston ham, AQSh ham, yoki boshqalar ham bu harakatga chek qo’yisholmayapti.

NI: Qiziq, shu yerda yana bir savol tug’iladi: AQSh va O’zbekiston o’rtasidagi terrorizmga qarshi harbiy hamkorlik samarali ketmayaptimi?

A. Rashid: AQSh Afg’onistondagi amaliyotlarda O’zbekistondagi harbiy bazadan foydalanyapti. Bu katta yordam. Amerikaliklar O’zbekiston kuchlarini chiniqtirishda ham ko’maklashishmoqda. Terrorga qarshi qo’llanadigan usullarni o’rgatishyapti, foydali uskunalar berishyapti. Lekin bu juda siyosiy. Faqat harbiy sohada hamkorlik qilish yaramaydi. Faqat rahbariyatlararo aloqalar emas, xalq diplomatiyasiga kengroq o’rin berish kerak. AQSh O’zbekiston hukumatiga xalqaro chaqiruvlarga javob berish va mamlakatdgai siyosiy muhitni erkinlashtirish muhimligi haqida bildirishi lozim. O’zbekiston hukumati ektremistik guruhlarni yo’qotish, ularni ishlarini fosh qilish va eng muhimi, bu haqda xalqqa ochiqdan ochiq xabar berib turishi kerak. Xalqni har qanday xavfdan muhofaza qilish, asrash har qanday davlatning, rahbariyatning asosiy vazifasi.

NI: Markaziy Osiyo rahbarlari “biz terrorga qarshi birlashganmiz, birgalikda uni yengamiz, bu borada yaqindan ishlayapsiz,” deb ko’p gapirishadi. O’zaro muzokaralarda ham bu mavzuga yuqori o’rin berilyapti, deyishadi. Terrorizm yangilik emas. Bugungi kunda mintaqadagi davlatlar, sizningcha, terrorga qarshi ta’sirchan kurashchilarmi?

A. Rashid: Afg’onistonda, Pokistonda terrorizmni qurol orqali yengib bo’lmasligiga guvoh bo’ldik. Tolibon va Al-Qoida Afg’onistonda mag’lub bo’ldi, deyilgan edi, ammo bugun ular yana qayta qozg’algan. Chunki, Afg’onistonni qayta tiklash, u yerda davlat qurish ishlari xalqaro hamjamiyat tomonidan yaxshi e’tiborga olinmayapti. Afg’onistondagi jarayonlardan O’zbekiston saboq olishi kerak. Demak, O’zbekiston siyosiy tomondan ijobiy qadam tashlashi, iqtisodiyotni rivojlantirishi kerak. Qilinishi zarur ishlar ko’p.

NI: AQSh davlat departamentining bu oy O’zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni qayta ko’rib, unga moliyaviy yordam berish borasida bir qarorga kelishi kutiladi. Bu qaror qanday bo’ladi, deb o’ylaysiz?

A. Rashid: Menimcha, AQShning xalq diplomatiyasida yaxshi ahamiyat bermayotgani katta muammo. Amerika O’zbekiston boshqaruviga va xalqiga biz demokratiyalashtirish, matbuotni erkin bo’lishi, inson huquqlari e’zozlanishi, mahbuslarning qiynoqqa solinmasligi tarafdorimiz, deya ochiq aytishi kerak. AQSh rasmiylari biz O’zbekiston rahbariyatiga bu borada qattiq gapiryapmiz, deya qayd etishadi. Lekin, menimcha, bu gaplar xalqqa yetib bormayapti. Bush rahbariyati xalq diplomatiyasini yetarli darajada amalga oshirmayapti. Shu sabab ham Amerikaga qarshi fikrlar vujudga kelmoqda. Amerikaga nafrat oshmoqda. Chunki, oddiy odamlarga Amerikaning maqsadi boshqacha tusda yetib boryapti. Vaholanki, Bush hukumati terrorga qarshi kurashni demokratiyalashtirish orqali qilamiz, deb ta’kidlagan. Gap, ochiqcha siyosat yurgazishda; turli hukumatlar bilan faqat harbiy hamkorlik qilish bo’lmaydi. Ularga qarata ochiqcha gapirish va ochiqcha choralar ko’rish kerak.

NI: Rashid sohib, suhbat uchun sizga katta rahmat. A. Rashid: Sizga ham tashakkur.

NI: Ahmad Rashid The Far Eastern Economic Review, Daily Telegraf va The Wall Street Journal nashrlarining Pokiston, Afg’oniston va Markaziy Osiyodagi muxbiri. Janob Rashid Pokistonning Lahor shahrida yashaydi.

XS
SM
MD
LG