Breaking News

Soros, Ochiq Jamiyat va O'zbekiston - 2004-04-26


AQSh davlat departamenti O’zbekiston hukumatining Ochiq Jamiyat Institutini mamlakatda faoliyat ko’rsatishi uchun qayta ro’yxatdan o’tkazmaganidan ranjiganini bildirdi. 23 aprel kuni davlat departamenti so’zlovchisi Richard Boucher, bu hol “giyohvandchilikka qarshi 16,7 million dollarlik dastur va ta’lim sohasidagi 12 million dollarlik dasturlarning amalga oshirilishini xavf ostiga qo’yadi,” dedi.

2002 yilda O’zbekiston-AQSh o’rtasida imzolangan o’zaro hamkorlik kelishuviga binoan, har ikki davlat O’zbekistonda demokratik muassasalarni kuchaytirish borasida ishlashga va’da bergan va Ochiq Jamiyat Instituti shu yo’lda xizmat qilayotgan edi, deyiladi AQSh davlat departamenti bergan bayonotda.

Bu orada, Toshkentdagi muxbirimiz Malik Mansur shunday xabar qiladi: O’zbekiston tashqi ishlar vaziligi Ilhom Zokirovga ko’ra, agar AQSh davlat departamenti Ochiq Jamiyat Instituti bilan bog’liq masalaga nisbatan e’tirozga ega ekan, bu e’tirozlarni O’zbekiston adliya vazirligi bilan muzokara yuritish orqali yechish mumkin edi. “Agar ular bizni hohaq deb hisoblashayotgan bo’lsa, bunday bayonot bermasdan, muzokara yuritish orqali bu narsani aniqlashtirish lozim edi,- deydi Ilhom Zokirov. Zokirovning aytishicha, O’zbekistonda Ochiq Jamiyat Institutining ro’yxatdan o’tkazilmaganini muhokama qilish yoki qilmaslik AQSh tomonining to’la huquqidir.

O’tgan hafta xalqaro filantrop George Sorosning jamg’armasi O’zbekistonda bekilishga majbur etilmoqda, degan xabarlar jahon matbuotida keng o’rin oldi. Associated Press axborot agentligiga ko’ra, O’zbekiston tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Ilhom Zokirov, “...agar Soros akreditatsiya qilinmagan bo’lsa, demak, mu’asassa O’zbekistonda istalmaydi. Soros bir oddiy odam, O’zbekistonni yoqtirishi yoki yoqtirmasligi uning shaxsiy ishi...,” deya bildirgan.

Xo’sh, George Soros o’zi kim? Soros 1930 yili Vengriya poytaxti Budapeshtda dunyoga keladi. Natsistlar hukmronligi ostida omon qolib, 1947 yili Angliyaga borgan Soros London Iqtisodiyot Oliygohini tugallaydi. Falsafa va iqtisodga qiziqqan Soros 1956 yilda AQShga yo’l oladi va o’zining yirik biznesiga - xalqaro sarmoya jamg’armasiga asos soladi.

George Sorosga ko’ra, jahon bo’ylab 50dan ortiq davlatlarda erkin va ochiq jamiyatlar barpo etishga ko’maklashuvchi jamg’arma O’zbekistonda 1996 yildan beri 22 million dollardan ortiq mablag’ sarflagan. O’zbekiston hukumatiga ko’ra, Ochiq Jamiyat Instituti mamlakatdagi oliygohlarga ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy islohatlar g’oyasiga zid materiallar tarqatib, milliy siyosatga qarshi ish qilishga uringan.

Ochiq Jamiyat Institutining Markaziy Yevrosiyo bo’yicha grantlar direktori Cassandra Canavaugh yuqoridagi ayblovni rad etgan holda, tashkilotning O’zbekistondagi kelajagi haqida shunday deydi: “Hukumatdan bizni akreditatsiya qilishni qayta so’rash yo’li bor. Advokatlarimiz hozir ana shu masala ustida ishlashmoqda. AQSh Kongresidan O’zbekiston hukumati qarorini qoralovchi maktublar kelishi kutilmoqda. Bilamizki, AQSh davlat departamenti ham bu holdan tashvishda. Yevropadagi bir necha davlatlar ham mu’asassamizning O’zbekistonda ishlashiga ruxsat berilmaganini qoralab, O’zbekiston hukumatidan o’z qarorini o’zgartirishni so’rashmoqchi. Albatta, biz juda umidvor emasmiz, ammo holatni o’zgartrish uchun qo’ldan kelgancha, urinishga tayyormiz.”

O’zbekiston hukumati o’z qarorini o’zgartirmagan holda, shu kungacha Ochiq Jamiyat Institutining mamlakatda boshlagan dasturlariga nima bo’ladi? Tashkilot vakili, “dasturlarni O’zbekistondan tashqarida turib, davom ettiramiz,”- deydi. “Belarusda ham hukumat bizga u yerda ishlashga yo’l bermagan edi. Ammo tashqaridan turib, demokratik islohatlarni quvvatlash yo’llari bor... Turkmanistonda idoramiz yo’q, lekin u yerda bir necha dasturlar bo’yicha ish olib boramiz... Jamg’armamizning asosi kuchli va mavjud sharoitdan kelib chiqib, faoliyatimizga chek qo’ymaslik uchun turli metodlardan foydalanamiz.”

Cassandra Cavanaughga ko’ra, O’zbekiston hukumati mamlakatda xalqaro tashkilotlarning faoliyati ustidan nazorat o’rnatishga urinmoqda. “Fuqaro jamiyati qurish yo’lida ishlayotgan turli muassasalar endi, O’zbekistondagi yangi tartibga ko’ra, adliya vazirligi tomonidan tekshib boriladi; ularning dasturlarida kimlar qatnashayotgani va nimalar haqida gap ketayotgani butunlay nazorat qilinadi,”- deydi Ochiq Jamiyat Instituti vakili.

Soros tashkiloti, mahalliy matbuotda xalqaro tashkilotlarga ishlayotgan O’zbekiston fuqarolari va dasturlarda ishtirok etayotgan o’zbekistonliklar sotqinlar shaklida tasvirlanyapti, deya tashvish bildirmoqda.

“Xalq So’zi gazetasida chiqqan maqolalarda xalqaro tashkilotlardan grant olayotgan o’zbekistonliklar chet ellik agentlardan haq olmoqda, o’z vatanini sotmoqda, degan fikrlar bildirilgan.... O’zbekiston hukumati xorijiy nohukumat tashkilotlarga nisbatan ana shu tarzda tashviqotchilik kampaniyasi olib bormoqda,”-deya ta’kidlaydi Cassandra Cavanaugh. “Buning ustiga davlatga taaluqli har qanday ma’lumotni xalqaro tashkilotga uzatish josuslikdir, degan qonun chiqqan,”-deb qo’shadi Soros jamg’armasi vakili, “Demak, hukumat yoqtirmagan ishni qilgan har qanday xalqaro tashkilotga yaqin kelgan kishi endi sudda tortilishi mumkin...”

Cassandra Cavanaughning aytishicha, Ochiq Jamiyat Instituti O’zbekiston hukumatiga bunday harakatga qarshi ekanini aytib, jamg’arma bilan aloqador kishilarni himoya qilishga shay ekanini bildirgan.

XS
SM
MD
LG