AQSh yaqin ittifoqdoshi O'zbekistondagi vaziyatdan qattiq tashvishda - 2004-06-16


"O’zbekiston Markaziy Osiyoda muvaffaqqiyat kalitimi?" 15 iyun kuni AQSh Kongresining Vakillar Palatasi qoshidagi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo’yicha qo’mita raisi, Florida shtatidan saylangan Respublikachi Ileana Ros-Lehtinen, O’zbekiston terrorga qarshi urushda yaqin hamkor bo’lishiga qaramasdan, o’z tutayotgan yo’li bilan, AQShni qattiq tashvishga solayotgan davlatdir, dedi.

“Prezident Bush Yaqin Sharqda siyosiy islohotlar bo’lishiga, erkinlik va demokratiyani terrorga qarshi eng asosiy qurol deb, qanchalik katta urg’u berayotgan bo’lsa, AQSh O’zbekistonda ham siyosiy va iqtisodiy yangiliklar yuz berishi uchun shunchalik bosim o’tkazishi kerak,”-ta'kidladi Ros-Lehtinen.

Ros-Lehtinenning aytishicha, O’zbekistonda inson huquqlari ahvoli salbiyligicha qolayotganidan tobora umidsizlangan Kongres, kelasi yil uchun bu davlatga moliyaviy yordam berishdan avval, Davlat departamenti O’zbekistondagi ahvolni baholab, ko’makka munosib yoki nomunosib ekanini aniqlasin, degan qarorga kelgandi.

15 iyun kuni Kongres vakillari oldida javob bergan Davlat departamenti mulozimlari, Amerikaning O’zbekistonda inson huquqlari vaziyatini yaxshilash va demokratiyani tashviq qilish borasidagi harakatlari ijobiy natijalar bermoqda, deyishdi.

Ammo, davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat bo’yicha yordamchisi Lorne Cranerga ko'ra, O’zbekiston inson huquqlari cheklangan avtoritar mamlakat va hukumat haqiqiy islohotlar, barqarorlikni va xavfsizlikni mustahkamlovchi o’zgarishlar qilish yo’lini tanlamagan.

Xo'sh, O’zbekistonda shu kungacha qanday ijobiy o’zgarishlar bo’ldi, qabilidagi savolga javob berar ekan, Craner O’zbekiston boshqaruvida islohotlarga quchoq ochishga tayyor odamlar bor, ammo islohotlarga kam qiziqadigan boshqalar ularga yo’l berishmayapti, dedi.

Tinglovda AQShning, O’zbekiston armiyasini kuchaytirish borasidagi yordami ham tilga olindi. AQSh mudofaa vazirining xalqaro xavfsizlik ishlari bo’yicha yordamchisi Mira Ricardel, hozirda Amerikaning 1500ga yaqin askari xizmatda turgan O’zbekistonda, hukumat o’z armiyasini g’arb talablariga javob beruvchi kuchga aylantirishga bel bog’lagan, dedi.

Washingtondagi Nixon tadqiqot markazi vakili Zeyno Baran, tinglovda so'zlar ekan, radikal Islom O'zbekiston oldidagi eng katta tahdiddir va mamlakat Turkiya kabi dunyoviy musulmon davlatdan saboq olishi kerak, deb tafsiya qildi.

Olimaga ko’ra, O’zbekiston jamiyati juda murakkab va diniy erkinlik haqida gapirilganda, bu mamlakatdagi ahvolni Amerikaga taqqoslash noto’gri. Agar xavfning oldi olinmasa, mamlakat terroristlar o’chog’iga aylanishi turgan gap, dedi Zeyno Baran.

Bo’hronlarning oldini olish bo’yicha Xalqaro Guruh (The International Crisis Group) vitse-prezidenti Mark Schneiderning fikricha esa, O’zbekistonda islohatlar yuz bermas ekan, bu davlat hech qachon Markaziy Osiyoda muvaffaqiyat kaliti bo’lmaydi.

“AQSh davlat departamenti o'ziga nisbatan ishonchni saqlamoqchi bo’lsa, O’zbekistonni Amerikaning moliyaviy yordamiga nomunosib davlat deb topishi kerak, lekin Kongres O’zbekiston jamiyatiga madad bo’luvchi dasturlarni saqlab, ularni kengaytirishi lozim." O’zbekistonda inson huquqlari ahvoli yaxshilanmas ekan, siyosiy va iqtisodiy erkinlik berilmas ekan, AQSh O’zbekiston hukumatiga moliyaviy yordam berishni to’xtatishi kerak, deya undadi Mark Schneider.

XS
SM
MD
LG