Breaking News

O'zbekistonda diniy erkinlikning torligi tanqid ostida - 2004-07-13


O’zbekistonda hukumat nazorati ostiga olingan masjidda juma namoziga minglab odamlar yig’iladi. Va’zu nasihatlar ham ko’proq inoqlik va to’at ibodatga qaratilgan.

Inson huquqlari fa’ollari va diniy jihatdan o’zgacha qarashdagilar Islom Karimov hukumatining nazorati ostida bo’lmagan masjidlarda yoki kishilar qo'lida saboq oladigan musulmonlar ta’qibga uchramoqda, deya shikoyat qilib kelishadi.

O'zbekiston hukumati terrorga qarshi global kurash bahonasida mo’min musulmonlarni ta’qib qilmayotganini ta'kidlaydi, ammo mulozimlar Amerika Ovozi Radiosi muxbiri bilan gaplashishni rad etishadi.

Juma namozidan chiqqan bir kishi ismini aytmaslik sharti bilan gapirar ekan, O’zbekistonda siyosatga aralashmagan musulmonlarga hech tazyiq yo’q, deydi. "Ko'rib turganingizdek, bemalol namoz o'qiyotganlar ko'p. Agar hukumatga qarshi chiqsangizgina muammoga duch kelasiz. Chunki bizda muxolifat yo’q. Bu siyosat. Lekin din jihatdan muammo yo'q. Istagan yerda namoz o’qishingiz mumkin.”

Inson huquqlari bo'yicha Human Rights Watch tashkilotining Toshkentdagi vakili Allison Gillga ko'ra, O'zbekistonda diniy erkinlik bor, lekin faqat hukumat qoidalari doirasida.

“O’zbekiston hukumati masjidlar va xutbalarni qattiq nazorat qiladi. Imomlarning xutbalari diniy idora ko'zidan o’tadi. Diniy ta’limot va diniy yozuvlar qattiq nazorat ostida. Nafaqat bular balki tinch yo'l bilan ibodat qilgan kishilar ham jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin,” deydi Gill xonim.

Uning aytishicha, dinni mustaqil tarzda o'rgangan, ro'yxatdan o'tmagan diniy adabiyot o'qigan yoki shunday masjidga borganlar jazolanishi mumkin.

Lekin O’zbekistonda tanilgan sobiq mufti Shaix Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bu fikrga qo’shilmaydi. O’zbekiston hukumati yaqindan beri, oz bo’lsada, inson huquqlari borasida ijobiy ishlar qildi, deydi u.

Allison Gill esa O'zbekistonda amnistiyaning qanday olib borilganini qat'iy tanqid qiladi. “Amnistiya doimo aylanib turadigan eshikka o’xshaydi. Ozodlikka chiqqanlar ko'pincha qayta hibsga olinadilar. Biz buni mart oyida ro’y bergan portlovlar va otishmalardan keyin ko’rdik. Amnistiya bilan chiqqanlar qayta ushlanib qamoqqa tashlanishdi. Yana kimlardir ushlandi. Bu qayta-qayta takrorlanadigan jarayon,” deb ta'kidlaydi Gill xonim.

O'zbekiston hukumati mamlakatda tinch yo'l bilan ibodat qilishni ta'minlash yo'lida ko'p narsa qilsa bo'ladi, deydi Human Rights Watch tashkiloti vakili.

Shaix Muhammad Yusufga ko'ra esa, agar hukumat bu borada aniq va izchil bir dastur bilan chiqsa, terrorizm va ekstremizmning oldini olishi va Islomning gullab-yashnashi uchun yo'l ochishi mumkin.

XS
SM
MD
LG