Prezident Bush: Cheney Amerika ko'rgan eng ajoyib prezident - 2004-09-05


George Bushga ko’ra, Dick Cheney Amerika ko’rgan eng ajoyib vitce prezidentdir. Bush Demokratlarning vitce-prezidentlik uchun yosh va xushbichim siyosatchini tanlashganini yaxshi biladi. Ammo, deydi prezident, saylov go’zallik ko’rigi emas.

"Saylovdagi hamrohim Dick Cheney yaxshi odam. Buni Bush-Cheney guruhi deb atashadi. U bilan fahrlanaman," deydi Bush. "Endi gap bunday, Cheney saylovdagi eng kelishgan erkak emas. Lekin men uni ko’rinishi uchunmas, aqli va tajribasi uchun tanlamadim. U ishni eplay oladi."

Richard Bruce Cheney Washingtonda, siyosat o’chog’ida, pishgan odam. 40 yillik tajribaga ega bu yerda. Prezident Nixon paytida kichik yordamchi edi. 34ga kirganda, Prezident Ford qo’li ostida, Oq Uyning tarixdagi eng yosh boshqaruvchisiga aylandi. Keyinroq Cheney Kongresga saylandi va 10 yil Prezident Reagan tayangan konservativ qonun chiqaruvchilardan biri bo’lib xizmat qildi. Bir-biriga maktabda ko’ngil qo’ygan Lynne va Dick Cheney eng ko’zga ko’ringan Respublikachi jiftlik bo’lishdi.

1990 yilgi Fors Ko’rfazidagi urushda Cheney keksa Bushning mudofaa vaziri edi. Cheney ishlab chiqqan strategiya natijasida Saddam Hussein Quwaitdan chiqarildi. Bundan tashqari, deydi uning o’zi, Saudiya Arabistoni ham qutqarildi. "Shuncha harakatdan so’ng, tarixdagi eng katta yutuqqa erishar ekanmiz, amaliyotni ohirigacha olib borish juda muhim. Natijada Saddam Husseinning dumi pasayib, sharmandalarcha Bog’dodga qaytsin."

Oradan 10 yil o’tib, Dick Cheneyning Iroq bilan bog’liq tajribasi, uni, AQSh rahbariyatining Saddam Husseinga qarshi ochgan urushidagi eng asosiy kishilardan biriga aylantirdi.

"Saddam Husseinning ommaviy qir’gin qurollarga intilishi nafaqat Iroqning qo’shnilariga, balki AQShga ham katta xavfdir. Uning hukumati terroristlarni, jumladan Al-Qoidani quvvatlaydi va himoya qiladi," deya ta'kidlagandi Cheney.

Bog’dodning taslim bo’lganiga 18 oy bo’ldi, ammo ommaviy qirg’in qurollaridan darak yo’q. Bushning esa bunga javobi shunday:"Yalpi qir’gin qurollarini topolmagan bo’lsak-da, Iroqqa borib, to’g’ri ish qildik."

Prezident saylov kampaniyasida Iroq urushini oqlash bilan band, vitce prezident esa Iroqqa qarshi urush ochish uchun ovoz bergan raqiblarni, ya’ni Demokrat qonun chiqaruvchilarni tanqid qilishdan to’htamaydi.

Uning fikricha, Senator Kerry va Senator Edwards prezidentni o’zlari ko’rgan ma’lumotni ko’rgani va o’zlari qilgan qarorni qilgani uchun tanqid qilshmoqda. " Agar prezident haq bo’lsa, albatta haq, ular o’z siyosiy maqsadlari yo’lida tarixni qayta yozishga urinishmoqda."

Demokratik Partiya nazarida esa, vitce prezident Oq Uyda haddan tashqari katta kuchga ega. Lekin, deydi siyosiy tahlilchi John Fortier, terrorizmga qarshi urush, George Bush qo’g’irchoq prezident, aslida hamma narsa Dick Cheneyning qo’lida, degan gapni tamoman puchga chiqardi.

"Cheneyning tajribasi katta, Bushda bu narsa yo’q, deb 2000 yilda ko’p eshitganmiz. Fikrimcha, 11 sentyabr voqealaridan so’ng Bush kuchli rahbar ekanini ko’rsatdi. Cheney juda muhim odam, balki prezidentning eng yaqin maslahatchisi. Undan qutulish Bushga siyosiy foyda keltirishi mumkin, lekin prezident bunday qilmaydi. Bushga Cheneyning kundalik masalalar va terrorga qarshi urushdagi yordami zarur. Cheney juda muhim shaxs, ammo Bushning obro’siga soya solmaydi," deya fikrlaydi Fortier.

Vitce-prezidentlikdan avval, Cheney 44 million dollardan oshiq daromad qilgan. Halliburton neft va gaz kompaniyasini boshqarardi. Kompaniya Iroqda ishlarni bajarish uchun hukumat bilan 18 milliard dollarlik shartnoma imzolagan. Hozirda AQSh mudofaa vazirligi, Halliburton hukumatni 16 million dollardan ko’pga aldagan, degan ayblov ostida tekshirmoqda. Cheney men bu ishga aralashmaganman, deydi, ammo kompaniyani himoya qiladi: "Biror joyda biror narsa noto’g’ri qilinganini isbotlovchi dalil yo’q."

Prezident saylov oldidan saylovchilarga sog’liqni saqlash va maorif masalalari haqida gapirsa, vitce prezident Cheney ko’proq AQSh konservativ siyosatining muhim nuqtalariga to’htaladi. Jumladan, abortga qarshilik, dindorlik va fuqarolarning qurolga egalik huquqini saqlash. "Biz har bir amerikalikning qurolga ega bo’lish huquqini bor kuchimiz bilan himoya qilamiz."

Bushga sodiq vitce prezidentning boshliq bilan kelishmaydigan bir nozik tomoni borga o’hshaydi. Yaqinda bir yig'ilishda Cheney shunday dedi: "Men va Lynne hamjins odamlarning oila qurishi masalasini yaxshi tushunamiz." Cheneyning qizi Mary gomoseksual ekanini yashirmaydi. "Aloqalar haqida gapirganda, mening fikrim shuki, erkinlik hamma uchun birdek erkinlik degani," ta'kidladi vitce prezident. Bu Bushning siyosatiga qarshi gap. Bush hamjins odamlarning oila qurishini maan etishni istaydi. "Yuqorida aytganlarim mening shaxsiy fikrim. Lekin hukumat siyosatini prezident belgilaydi," dedi Cheney.

Oq Uyning bildirishicha, Prezident Bush saylovdagi hamrohining fikrlarini hurmat qiladi. Unga ko’ra, Bush va Cheney o’rtasida ajralish bo’lishi mumkin, degan mish mishlar tamoman bekor gap.

Cheney deydiki, "bu saylovda farq juda tor bo’ladi. To’rt yil avvalgi saylovda ko’rganimizdek, natijada har bir fuqaroning ovozi katta rol o’ynaydi."

Dick Cheney George Bushni Oq Uyda yana 4 yilga saqlab qolish uchun qattiq bel bog’lagan, deyishadi siyosiy sharhlovchilar.

XS
SM
MD
LG