Breaking News

George W. Bush - prezidentlikka rasman nomzod  - 2004-09-05


2 sentyabr kuni AQSh Prezidenti George W. Bush lavozimga qayta saylanish maqsadida Respublikachilar Partiyasi nomzodligini rasman qabul qildi.

2001 yilning 20 yanvarida George W. Bush Amerika Qo’shma Shtatlarining 43 prezidentiga aylandi.

Uning prezidentlik kursiga o’tirishi Amerika tarixidagi eng bahsli va mash-mashali saylov natijasi bo’ldi. Xalq saylov natijasini sabrsizlik bilan kutar ekan, Florida shtati kimga ko’p ovoz berganini aniqlashni eplolmadi.

AQSh Oliy Sudi Demokratlarning ovozlar qayta sanalsin, degan talabini rad etdi. Bush prezidentlik qasamyodini qilar ekan, poytaxt Washington yomg’ir quydi. Ba’zilar qora bulutlar saylovdan ranjigan xalqning kayfiyatini aks ettirmoqda, deya tasvirlashdi.

"Amerikani qon yoki tug’ilgan maskan hech qachon birlashtirmagan. Bizni ulug’ g’oyalarimiz birlashtiradi. G’oyalarimiz manfaatlarni chetga surib, bizga fuqaro bo’lishga o’rgatadi," dedi Bush o'z innaugratsiyasi marosimida.

U prezident sifatidagi ilk nutqida xalqni umidvorlikka chorladi. Bushga ko’ra, Amerika siyosatida yangi davr boshlandi. Ichki siyosatini u mehr-shafqatli konsevatizm, deb atadi.

O’sha davr endi uzoq tarixdek tuyuladi. Saylovdan keyin bir yil o’tmay, Amerika kutilmagan fojeaga yuz tutdi.

2001 yilning 11 sentyabri. Mamlakat tong nurida erkalanar ekan, bir zumda hammasi o’zgardi. AQShga terroristik hujumlar qilindi. Qonli voqea xalqni ham, uning prezidentini ham butunlay o’zgartirdi.

Bush o'sha oqshom xalqiga murojaat qilar ekan, jumladan shunday dedi: "Buyuk xalq buyuk mamlakat himoyasiga chorlandi. Terroristlar bizning eng katta imoratlarimizni qaqshatishi mumkin, ammo Amerikaning asosini emas."

Uch kundan so’ng, Bush New York shahrida borib, jahon savdo markazining osmono’par egizak binolaridan qolgan chiqindi uyumi orasida kezdi. Vayrona ichida ishlayotgan xizmatchilar prezidentni olqishlashdi. Unga megafon tutqazishdi. "Sizlarni eshityapman. Dunyo sizlarni eshityapti. Bu binolarni qulatgan kishilar ham bizlarni yaqin orada eshitishadi."

Ko’p o’tmay, AQSh armiyasi Afg’onistonda Tolibon va Al-Qoidaga qarshi urush ochdi. Tolibon hukumati ag’darildi. 2002 yilga kelib esa, Prezident Bush yangi jang maydoni bo’lishi mumkin mamlakat- Iroq haqida gapira boshladi: "Men xavf oldida jim turolmayman. Xavfning yaqinlashishini tomosha qilmayman."

Masala Birlashgan Millatlar Xavfsizlik Kengashini parchaladi. AQShning yaqin ittifoqdoshlari - Frantsiya va Germaniya- unga qarshi chiqdi. 2003 yilning 19 martida Bush Iroqni ozod etish amaliyotini boshlaymiz, deb e’lon qildi: "Vatandoshlarim, ayni damda, Amerika va koalitsiya kuchlari Iroqni qurolsizlantirish, xalqini ozod etish va dunyoni xavfdan himoya qilish uchun harbiy amaliyotlar boshlashmoqda."

Saddam Hussein hukumatini yo’q qilish ko’p vaqt olmadi. 2003 yilning may oyiga kelib, prezident Iroqdagi yirik harbiy amaliyotlar tugaganini ma’lum qildi. "AQSh o’zining asosiy maqsadiga erishdi," deya ta’kidladi Bush.

Ammo Iroqda qon to’kilishi ana endi boshlanayotgan edi. Saddam Hussein qo’lga olinsa-da, mamlakat olov ichida. Bushning Iroq urushidan asl maqsadi nima edi, degan savollar tinmaydi. 2000 yilda mehr-shafqat haqida so’zlagan Bush endi urush prezidenti sifatida qayta saylanishga intilmoqda. "Qaniydi urush prezidenti bo’lmasam. Urush prezidenti bo’lishni kim ham istardi? Na chora bunga duch keldik."

Aynan shu masala saylov natijasini hal etishi mumkin. 11 sentyabr va Afg’onistondagi urushdan keyin Bushning reytingi juda yuqoriga chiqdi. Iroqda o’lim ko’payishi bilan pasaya boshladi.

John Fortier siyosat va prezidentlar bo’yicha izlanadi. Tadqiqotlari tufayli omma fikri bilan yaqindan tanish. Uning fikricha, Prezident Bushning reytingi yomon emas, ammo u xavf yoqasiga yaqinlashmoqda. "U hozir o’rtada turibdi. Uni olqishlaydiganlar hali ham juda ko’p. Saylovdagi ahvoli uncha kuchli emas. Boy berishi mumkin, deydi tahlilchi.

AQShda urush paytida prezidentlik qilganlar odatda qayta saylanishga muvaffaq bo’lishgan. Boshqalar esa yutqazishgan yoki kampaniya boshlanmasidanoq, ikkinchi muddatni istashmaganini bildirishgan. Xalqning Iroqdagi urushga nisbatan fikri Prezident Bushning taqdirini belgilaydi, deydi olim Steven Hess. "Bush 11 sentyabr voqealari uchun javobgar odam emas. Ammo, Iroq uchun albatta javobgar odam. Uning maqsadi, balki uning istagi mamlakatni qat’iy tarzda ana shunday ishga yetakladi. Bunga iymonim komil. Buni boshqacha tasvirlolmayman."

2001 yilning yanvarida AQSh tarixida ikkinchi marta sobiq prezidentning og’li mamlakatdagi eng yuqori lavozimga o’tirdi. Birinchi bor bunday hol 1825 yilda, John Quincy Adams prezidentlikka saylanganida yuz bergandi. Adams atigi bir muddat xizmat qilgan.

(Muxbirimiz Paula Wolsfonning shu borada bergan lavhasiga asoslangan.)

XS
SM
MD
LG