Bush, Kerryning qizlari saylovoldi harakatlarida faol - 2004-09-05


Prezident Bushning va Senator Kerryning qizlarini shu kunlarda har yerda ko’rasiz. Prezidentning egizaklari, Barbara va Jenna Bush shu oy matbuotga ilk bor interview berishdi.

Aleksandra va Vanessa Kerry esa yaqinda Bostonda o’tgan Demokratlar qurultoyida so’zlashdi. Vanessa Kerry prezidentlikka intilayotgan otasiga ko’maklashish uchun tibbiyot olihgohidagi o’qishini bir yilga to’htatdi.

Bushning qizlari 2000 yilgi saylov kampaniyasida deyarli ko’rinishmagandi. Lekin bu safar, Oq Uyda qolish harakatidagi otalarining oldidan jilmayaptilar. Saylov kampaniyasida hissa qo’shmasam bo’lmaydi, deydi Jenna Bush.

"Bugun yaqinda oliygohni bitirgan qizlarimning biri bilan safar qilayotganimdan faxrlanaman," deya tanishtiradi Prezident Bush.

AQSh prezidentlarining farzandlari haqida kitob yozgan Doug Weadga ko’ra, nomzodlarning bolalari odatda saylov natijasiga ta’sir o’tkazishmaydi. "Farzandlar saylovda uncha rol o’ynashmaydi. Ammo, farqlar tor saylovda har narsaning ahamiyati bor."

Keksa Bush bilan ishlagan Weadning fikricha, farzandlar nomzodni insoniy tomonlarini namoyon etishadi. Saylovchiga ularni respublikachi yoki Demokrat emas, er va ota sifatida ko’rinishida yordam berishadi. Jumladan, Aleksandra Kerry otasini mehribon odam, deb ko’rsatish maqsadida bir hikoya aytib berdi: "Otam bir sakrab, suvga tushib ketgan qafasdagi jonvorni chiqarib, unga og'zi bilan havo bera boshladi."

Siyosatchilarning bolalari va ularning shaxsiy hayoti matbuot nazaridan tushmaydi. Uch yil avval Bushning yoshi yetmagan egizaklari spirtli ichimlik ichib, qo’lga tushishgandi. Voqea haligacha matbuot sahifalarida doston. O’tgan oy esa Jenna Bush kutilmaganda, tasvirchilarga qarab tilini ko’rsatdi. Bu kabi sho’hliklar endi boshlanyapti, hali ularning ko’pini ko’rasiz, deydi kuzatuvchi Doug Wead.

Uning fikricha, saylov kampaniyasining songi bir oyida, nomzodlarning bolalari xuddi ro’k yulduziga aylanishadi. "Men bunga keksa Bush bilan qilgan safarlarimda amin bo’lganman. Odamlar bu paytda gubernator yoki senator bilan ham, mashhur aktyorlar bilan ham qiziqishmaydi. Ular faqat nomzodga yoki uning qizi yoki og’liga yaqin kelishni xohlashadi, xolos."

Kerryning qizlari yangi orttirgan mashhurliklaridan foydalanib, otalarining g’oyalari va siyosatini tashviq qilishmoqda.

"Biz, qo’limizdan kelgancha, har bir amerikalikning sog’lig’ini saqlash, boshlang’ich ta’lim va mamlakatimizni kuchliroq qilish naqadar muhimligi haqida gapiryapmiz," deydi Vanessa Kerry.

Tahlilchi Weadning nazarida, nomzodning farzandi ommani "bu bizning umidimiz, maqsadimiz deb ishontira olishi kerak. Kerryning qizlari ana shu yo’ldan ketishmoqda. Ularning yoshi kattaroq."

Kuzatuvchi, qizlarning saylov natijasiga qanchalik ta’sir etishini bilish qiyin, deydi. Lekin haqiqat shuki, deya qayd etadi Wead, "saylov kampaniyasi ularning hayotiga chuqur ta’sir otkazmay qo’ymaydi."

XS
SM
MD
LG