Afg'on qizlar Amerikada futbo'l o'ynashdi - 2004-09-05


Yoshi 11 dan 16gacha bo’lgan bu qizlar Afg’onistonning Kobul shahridan kelishgan. Ularning Amerikaga kelishiga esa Avista Ayub homiylik qildi. Avista xonim Afg’on yoshlar sporti almashinuvi degan tashkilot asosochisi. Tashkilot afg’on yoshlari o’rtasidagi sportga qiziqishni oshirish va ularni yetakchilikka chorlash ishlari bilan shug’ullnadi. Sportga nisbatan muhabbatim bu dasturni boshlashimga asosiy sabab bo’ldi, deydi Avista Ayub.

"Men Amerikada voyaga yetgan afg’onman. Bolaligimdan sport bilan shug’ullanib kelganman. Sport hayotimda juda muhim ro’l o’ynagan," deydi Ayub xonim. "Men Afg’onistondagi qizlarning yetakchi bo’lishlarida ko’malashishga ahd qildim. Sport bunda kuchli quroldir."

Bu afg’on qizlar AQShning Ohayo shtatida o’tgan Xalqaro Bolalar O’yinlarida ishtirok etishdi. Aytib o’tish kerakki, unda O’zbekistondan hech kim qatnashmadi. Xalqaro Bolalar O’yinlari 1968 yildan beri o’tkazilib kelinadi. Afg’oniston unda ilk bor o’ynadi. Safarlari davomida yoshlarga sportda yetakchilik qilish mavzusida darslar beriladi. Shuningdek, qiziqqanlar maxsus lagerlarda futboldan saboq olishlari mumkin.

Qizlarga Javed Sanie ustozlik qilmoqda. Javed aslida kobullik. 12 farzandli oilada eng kenjasi. Oila 1980 yilda Afg’onistonni tark etib, Germaniyadan vaqtincha panoh topadi. AQShga 1983 yilda kelgan. Yoshligidan sportni sevgan Javed o’rta maktabda va keyinchalik universitetda futbol o’ynadi. Shundan keyin 12 yil Washingtonda qizlarga shu soha bo’yicha trenerlik qildi. Afg’on bolalari juda tez o’rganishadi, deydi u. "Bu qizlar chuqur iste’dodga egalar. Har bir ko’rsatilgan narsani tezda ilg’ab olishadi. Ular bilimga chanqoq yoshlar."

Trener qizlar bilan ham forscha, ham inglizchada gaplashadi. "Maqsadim ularga futbol tilini o’rgatishga urinyapman, deydi Sanie, "...ularga turli terminlarni o’rgatishga harakat qilyapman."

Javed Sanie Amerikaga kelayotgan afg’on qizlarga saboq berishi haqida eshitib, Afg’onistonga futbol sohasida hayriya to’plashga qaror qildi. Kobullik o’smir sportchilar bilan ishlash imkoniyati, ona vatanini tez-tez qumsaydigan bu kishini hayajonga solmay qo’ymadi.

"Ishga kirishar ekanman, qattiq hayajonlanmaslikka urindim. Lekin, jayajonlanmay bo’ladimi, ahir? Uchta qizim bor. O’zim Kobulda o’sganman. Men afg’onman," deya so'zlaydi u.

Javedning jiyani Roya Zaka afg’onistonlik qizlar qatorida mashq qilyapti. Yoshi 13 da. Forschani Afg’onistonda tug’ilgan ota-onasidan o’rgangan. Mehmon qizlar bilan vaqt o’tkazib, o’ynab rosa maroq olyapman, deydi Roya: "Mahoratlari juda zo’r. Ba’zilariniki undan-da zo’r. Men ularni bunday deb kutmagandim. Qandaydir uyalchang qizlar bo’lishadi, deb o’ylagandim."

Qizlar futbo’l o’ynash sirlarini o’rganisharkan, ularga o’yinning har bir elementi tushuntiriladi. Ular orasida ko’proq suv ichish kerakligi ham bor. Sakkiz qiz orasida eng kattasi - Shamila. Inglizchani uncha gapirolmaydi. Ammo, o’yiniga qarab, maza qilayotganini ko’rasiz.

Tashkilotchi Avista Ayubga ko’ra, afg’on qizlarini Amerikaga kelishga tanlash, ularni oilalaridan uzoqda yashashga tayyorlash ham katta ish bo’ldi. "Ular uylarini so’g’inishadi. Lekin futbol maydoniga tushishgach, hammasining cherasida tabassum ko’rasiz. Yaqinlarini sog’inishganini, charchashganini, yoki uyquga to’yishmayotganini ham unutishadi. Futbol o’ynashni istashadi, xolos."

Amerikada bir yarim oylik mashg’ulotdan otib, bu mamlakatdagi bolalar sporti bilan tanishgach, qizlar vatanlariga qaytishadi. Avista Ayub, bu yoshlar sport elchilari, ulardan sportni tashviq qilish kutiladi, deydi.

XS
SM
MD
LG