BBG- AQSh Xalqaro TV va Radio Boshqaruv Kengashi - 2004-09-08


AQSh xalqaro televidenie va radio boshqaruv kengashi 1999 yilning 1 oktyabridan beri mustaqil, avtonom boshqarma hisoblanadi.

Tashkilot AQSh hukumati tomonidan moliyalangan barcha noharbiy xalqaro ommaviy axborot vositalarini nazorat qiladi. Boshqaruv kengashi a’zolari AQSh prezidenti tomonidan tayinlanadi.

Ham Respublikachilar, ham Demokrat vakillardan iborat kengashda sakkiz doimiy a’zo bor. AQSh davlat kotibi kengashning faxriy a’zosidir.

Hozirda AQSh xalqaro televidenie va radio boshqaruv kengashi qo’li ostida yettita xalqaro televidenie va radio ishlaydi. Ular quyidagilar:

-“Amerika Ovozi” (VOA) TV, Radio va Internet tizimi www.voanews.com

Dunyo bo’ylab 44 tilda axborot uzatuvchi bu tizim 96 million muxlisga ega. Tashkilotning maqsadi mustaqil va mustahkam matbuoti yo’q mamlakatlarga xolis va ishonchli axborot yetkazishdir. Ma’lumotni ommaga rost, ob’yektiv va aniq tarzda uzatish “Amerika Ovozi” jurnalistining asosiy burchidir.

Shuningdek, “Amerika Ovozi” dasturlarida Amerika hayotining turli jabhalari va AQSh hukumatining siyosati yorqin va betaraf shaklda aks ettiriladi.

“Amerika Ovozi” TVsi shu kunda 20 dan ortiq tillarda faoliyat ko’rsatmoqda. Dasturlar kundalik yangiliklar; AQSh va xalqaro miqyosdagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy masalalar; ko’ngil ochar ko’rsatuvlar, turkumlar, va muloqotlarni o’z ichiga oladi.

AQSh Kongresi “Amerika Ovozi” TV, radio va Internet tizimi uchun 2004 yilga 151 million AQSh dollari ajratgan. Hozirda tashkilotning 1190 nafardan ortiq xodimi bor. Jahon miqyosida jami 41 muxbirga ega. Shtatsiz muxbirlarning soni esa 100 nafardan oshadi.

Eshittirishlar AM, FM va qisqa radio to’lqinlarida, ko’rsatuvlar esa sun’iy yo’ldosh orqali havoga uzatiladi.

“Amerika Ovozi” radio sifatida o’z ishini 1942 yilning 24 fevralida New York shahrida boshlagan. AQSh Ikkinchi Jahon Urushiga kirar ekan, suxandon William Harlan Hale nemis tilida shunday degan: “Xabar yaxshi yoki yomon bo’lishi mumkin. Ammo biz sizga haqiqatni aytamiz.”

-Al-Hurra televizion tizimi www. alhurra.com

Al-Hurra (arabchada “erkin”) tizimi yangiliklarni sun’iy yo’ldosh orqali Yaqin Sharq mamlakatlari bo’ylab arab tilida havoga uzatuvchi (24 soatli) televideniedir. www.alhurra.com

-Sava (Sawa) Radiosi www.radiosawa.com

Sava 24 soat davomida arab tilida axborot uzatuvchi va ko’ngilochar eshittirishlari bilan tanilgan radio tizimdir.

-Fardo Radiosi www.radiofarda.com

Fardo, (forschada “ertaga”) dasturlari “Ozodlik” va “Amerika Ovozi” radiolarining fors xizmatlari birlashuvidagi radiodir. 24 soat mobaynida tinimsiz eshittirishlar beradi. www.radiofarda.com -Ozodlik (RFE/RL) Radiosi www.rferl.org

“Ozodlik” radiosi Markaziy va Sharqiy Yevropa, Kavkaz, Markaziy va Janubiy Osiyodagi tinglovchilar uchun 29 tilda haftasiga 1000 soatdan ziyod dasturlar uzatadi. Markazi Chexiya poytaxti Pragada joylashgan.

-Ozod Osiyo (RFA) Radiosi www.rfa.org

Xitoy, Tibet, Birma, Vietnam, Laos, Kambodja va Shimoliy Koreyaga haftasiga 200 soatcha eshshitirish uzatuvchi 9-tillik radiodir.

-Marti TV va Radiosi www.martinoticias.com

Marti ispan tilida Kubaga axborot uzatuvchi televizion va radio tizimdir. Kuniga 24-soat eshittirish, hamda to’rt yarim soat ko’rsatuv beradi.

-AQSh Xalqaro TV va Radio Byurosi (IBB)

AQSh xalqaro TV va radio byurosi AQSh hukumati tomonidan moliyalanadigan televizion va radio tizimlarga ma’muriy va texnik xizmat ko’rsatadi.

Byuro ko’rsatuvlar va eshittirishlarni muxlislarga to’g’ri yetib borishini ta’minlash va dasturlarning dunyoning turli mintaqalarida ko’rsatilishi va tinglanishini yo’lga qo’yuvchi muassasadir.

Byuro texnik xizmatlar, marketing va dasturlarni joylashtirish, hamda siyosiy bo’limlardan iborat. Texnik xizmatlar idorasi mahalliy va xorijiy transmissiya stantsiyalarini, jumladan xususiy va ijaraga olingan inshootlarni boshqaradi, nazorat qiladi va yuritadi.

Marketing bo’yicha idora esa AQSh xalqaro TV va radio tizimlari qamrovini kengaytirish yo’lida ishlaydi. Hozirda AQSh xalqaro TV va radiolari dunyo bo’ylab 1300 dan ziyod stantsiyalar bilan hamkorlik qilishadi.

Siyosiy idora “Amerika Ovozi”i radiosi uchun kundalik tahririy dasturlar va AQSh hukumati siyosatini aks ettiruvchi maqolalar tayyorlaydi.

AQSh xalqaro TV va radio boshqaruv kengashi va uning nazorati ostidagi byuro sobiq Prezident Bill Klintonning 1994 yildagi maxsus qaroriga binoan vujudga kelgan. Bu borada chuqurroq o’rganish uchun www.ibb.gov va www.bbg.gov sahifalariga nazar tashlang.

XS
SM
MD
LG