Breaking News

Klinton yurak amaliyotidan sog'aymoqda - 2004-09-08


So'ngi xabarlarga ko'ra, 6 sentyabr kuni yurak amaliyotini boshdan kechirgan Bill Klinton, hech qanday yordamsiz nafas olishni boshlagan. AQShning 57 yoshli sobiq prezidenti yaqin kunlar ichida Nyu Yorkdagi kasalxonadan uyiga qaytadi.

Tibbiy ko’rik natijasida, Klintonning yurak tomirlaridan kamida uchtasi bekilib qolgani aniqlangan edi. Unga iloji boricha tezlikda koronar arteriyasi bilan bog’liq amaliyotdan o’tish tavsiya qilindi. Bunday amaliyotda, qon tomiri tananing boshqa joyidan, masalan oyoqdan olinib, yurakka ulanadi. Shifokorlarga ko’ra, bu ancha xavfli amaliyot, lekin undan o’tayotganlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Amerika Yurak Uyushmasining ma'lum qilishicha, AQSh bo'ylab yiliga 500 mingdan ziyod koronar ulash amaliyotlari qilinadi.

Kasalxonaga tushgan 3 sentyabr kunidan beri Klintonga salomatlik tilab yozilgan maktublar soni 30 mingdan oshib ketdi. Klintonlar ommaga minnadorchilik bildirishar ekan, Senator Hillari Klinton umr yo’ldoshining ahvoli haqida shunday dedi: "U tuzaladi, ko’p vaqt o’tmay, yana kuchga to’ladi, o’sha faol holatiga qaytadi."

Klinton bir-ikki oy ichida butunlay sog’ayib ketadi, deyishmoqda shifokorlar. Ammo, kuzatuvchilarning fikricha, Klintonning Demokratlarning saylov kampaniyasidagi faoliyati ancha pasayishi mumkin.

XS
SM
MD
LG