Amerika sportchilari Paralimpiadaga otlanishmoqda  - 2004-09-13


Paralympiadada ishtirok etuvchi sportchilar ham Olimpiada qatnashchilari kabi musobaqada yutishganida medallar olishadi, qadrlanishadi, qolaversa matbuot sahifalaridan tushishmaydi.

Maryland shtatilik 15 yoshli Tatyana McFadden bu yilgi Paralimpiada g’olibi bo’lishni istaydi. U nogironlar aravachasiggi poygada qatnashmoqchi. Tanya bu sohada dunyodagi eng tez sportchilardan biri. 100 metrlik poygada u jahon rekordi o’rnatishi mumkin, deyishmoqda sport sharhlovchilari. Tanya aslida Rossiyada tug’ilgan, 6 yoshida uni amerikalik bir ayol boqib oldi. Yangi onasining ismi Deborah McFadden.

"Yetimxonaga borganimda, bir-biridan shirin, chiroyli bolalarni ko’rdim. Tatyana esa yerda yumalab yotardi. Uning yuzidan qanchalik sezgir va zehnli ekanini ko’rish mumkin edi. Qo’limda kameram bor edi, uni Tanyaga ko’rsatib, inglizcha gapirdim. U bu nima, qanday qilasiz, deb so’ray boshladi. Biram zehnli. O’sha yerda kimgadir meni ko’rsatib, bu mening onam, debdi. Balki buni mendan oldinroq bilgandir," deydi Deborah.

Tatyana umurtqasi nogiron bo’lib tu’gilgan. Haqiqiy onasi uni tug’ruqxonada tashlab ketgan. Go’dak keyinchalik Sankt Peterburgdagi yetimxonaga ko’chiriladi. Unga Rossiyada qaragan shifokor Natalya Nikiforova deydi:

"16 yildan beri bolalar shifokori bo’lib ishlab kelyapman. Ko’p bolalarni tuzatdim. Ba’zida kuchli insonlarga duch kelasiz. Ular dunyoga shunday kelishsa kerak. Tatyana odamlar bilan bog’lanishni, chin dildan aloqa o’rnatishni biladi."

Tanya Deborahni ham oziga bog’lab qo’ydi. "U sportni sevadi. Sport uni sog’lom saqlab kelmoqda. Amerikaga kelganidan beri kasal bo’lgani yo’q. Juda sog’lom. Oyoqlarini qimirlata olmaydi, xolos," deydi onasi.

Tatyana sportga nisbatan muhabbatini Albaniyadan boqib olingan singlisi Hanna bilan ulashadi. Hanna bir oyoq bilan tug’ilgan. Hozirda sun’iy oyoq qo’yishgan unga. Opa-singil birga sport bilan shug’ullanishadi. Hanna ham Tanya kabi taniqli sportchi bo’lishni xohlaydi. Onasi qizlarining nogiron deb atalishiga tubdan qarshi ekanini yashirmaydi:

"Tanyaning bu yerga kelganiga 4 yil o’tgach, bir ajoyib voqea yuz bergandi. Qizimni uchta dugonasi bilan kinoga olib bordim. Mashinamni kinoteatr oldidagi nogironlar uchun ajratilgan joyga qo’ydim. Tanyaning dugonalari, voy, nogironlarni joyiga qo’ydingiz-ku, deb qichqira boshlashdi. Men bo’lsam, Tanya nogiron-ku, dedim. Ular esa, u nogironmas, Tanya sog’ bolalar o’qiydigan maktabga boradi, deyishdi. Ular qizimga nogiron deb qarashmaydi. Men ham."

Gerry va Gvenna Herman Baltimor shahridagi nogiron bolalar sporti bo’yicha maktabda Tanyaga 8 yoshidan boshlab ustozlik qilishadi. U sportni hamma turi bilan qiziqsa-da, ayniqsa basketbo’l va poygalarni sevadi. O’smir qiz Palaympiadani orziqish va hayajon bilan kutmoqda.

"Juda hayajondaman, chunki bu imkoniyat. Yagona imkoniyat. Qo’rqayotganim yo’q, faqat hayajonlanayapman," deydi Tanya.

Treneri esa shunday fikr bildiradi:"Tatyana qat’iy qarorli qiz. Maqsadi g’alaba qozonish. Shu istak uni ko’p mehnat qilishga undaydi."

"Gretsiyaga borishga tayyorman," deydi Tanya. Paralimpiada shu oyning 17-28 sentyabr kunlari Afinada bo’lib o’tadi. Unda 143 mamlakatdan 4000 sportchi qatnashishi kutilmoqda.

(Muxbirlarimiz Svetlana Prudovskaya va Irina Van Dusen bergan ma'lumotlarga asoslangan)

XS
SM
MD
LG