AQShda o'qish: yangi qoidalar va o'zbekistonlik talabalar  - 2004-09-16


Amerika oliygohlarida o’qish maqsadida chet eldan bu mamlakatga yiliga minglab yoshlar kelishadi. Afsuski, o’tgan yillar ichida AQShda o’qishni istaganlar uchun viza olish jarayonlari va xavfsizlik tekshiruvlari ancha murakkablashdi. AQSh hukumatiga ko’ra, yangi qoidalar ish bermoqda va Amerikaga kelayotgan yoshlar soni uncha pasaymagan.

2001 yilning 11 sentyabrdagi terroristik hujumlardan beri AQShga kelayotgan chet ellik talabalar va mutaxassislarning mamlakatga kirishi qiyinlashdi. Ko’proq qog’ozlar, ko’proq interviewlar…

2003 yildan boshlab esa Amerika universitetlari va kollejlari xalqaro talabalarni ro’yxatga oluvchi SEVIS degan maxsus tizimni qo’llay boshlashdi. Bu tizim hukumatni chet ellik yoshlarning AQShda nimalar bilan shug’ullanayotgani haqida xabardor qilib turadi.

AQSh ichki xavfsizlik vaziri o’rinbosari Asa Hutchinsonga ko’ra, xalqaro talabalar qattiq tekshiruvlardan o’tishadi, ammo mamlakat darvozasi chet ellik yoshlarga hamisha ochiq.

"Xorijiy talabalar va almashuniv dasturlari orqali kelgan mehmonlar AQSh demokratiyasi uchun juda muhim. Ular Amerikaga oz’iga xos tajriba, dunyoqarash, bilim va ishtiyoq bilan kelib, mamlakatimizni boyitishadi. Bu hususiyatlarni universitetlarimizdagi tengdoshlari bilan baham ko’rishadi va butun Amerikaga ulashishadi. Qayd etaman, biz xalqaro talabalarni chegaralarimizdan qaytarib yuborishni istamaymiz," deydi Hutchinson.

Shunday bo’lsa-da, ayni damda AQShda o’qiyotgan 770 ming nafarga yaqin chet ellik talaba orasida Amerika qonunini buzayotganlar bor ekan. Tekshiruvlar natijasida minglab odamlar mamlakatdan chiqarilib yuborildi, 155 nafari esa qamoqqa olindi.

AQSh hukumatiga ko’ra, ichki xavfsizlik eng asosiy masala, ammo xorijiy yoshlarni quvib yubormaslik-chi? Axir ular mamlakat uchun nafaqat ma’naviy, balki katta moliyaviy boylikdir.

AQSh bilimgohlarida o’qiyotgan chet ellik talabalar bu mamlakatga yiliga 12 milliard dollarga yaqin daromad keltirishadi. Ammo, Amerika hukumati hisobidan bilim olayotgan minglab yoshlar ham bor.

"Mening ismim Elyorbek Abbosov," deya o'zini tanishtiradi talabalardan biri, "Men Farg’ona shahridan, O’zbekistondan kelganman. ACCELS tashkilotining Muskie dasturida qatnashib, AQShda xalqaro savdo va iqtisodiy aloqalar yo’nalishi bo’yicha dastur g’olibi bo’ldim. Hozirgi kunda Oklaxoma shtatidagi universitetlardan birida xalqaro aloqa sohasida bilim olmoqchiman."

Bahrom Yusupov ham bu yil AQShda o’qishni boshlagan yoshlardan biri.

" Men Oklaxoma shtatining Oklaxoma shahrida o’qishga ketyapman. AQShga kelishdan avval O’zbekiston Respublikasi Markaziy Bankining banklar nazorati bo’limida yetti yil ishlaganman. Umid qilamanki, Amerikada o’z sohamda bilim olib, ya’ni banklar sohasida yaxshi narsalarni o’rganib, nasib bo’lsa, O’zbekistonga qaytib borib, u yerda qo’llashga harakat qilaman."

Elyor, Bahrom va sobiq Sovet malakatlaridan kelgan boshqa yuzlab talabalar Amerikaning taniqli davlat arboblaridan biri bo'lgan Edmund Muskie nomiga qo’yilgan maxsus ta’limiy dastur asosida AQShda bilim olishmoqda.

AQSh Davlat Departamenti vakili Lucy Jilkaga ko'ra, Edmund Muskie dasturi 12 yildan beri yuritilib kelinadi.

"Uni AQSh davlat departamentining maorif va madaniyat bo’yicha byurosi boshqaradi. Dasturdan maqsad sobiq Sovet mamlakatlari bo’ylab demokratiya va fuqaro jamiyatini qurishni targ’ib etishdir. Bu yil dasturda 170 talaba qatnashyapti. Markaziy Osiyodan zukko talabalar kelishgan, ayniqsa O’zbekistondan," deydi Jilka.

Bu yil Edmund Maski dasturi orqali AQShning turli universitetlariga o’zbekistonlik 14 talaba magistraturada o’qish uchun qabul qilinishdi.

Maski dasturi boshqaruvchisi Andryu Segars, "Omadimiz bor ekan, bu yil O’zbekistondan dasturimiz taklif qiladigan 11 yo’nalishning barchasi bo’yicha yoshlarni o’qishga olishga erishdik," deydi.

"Jumladan, biznes boshqaruvi, iqtisodiyot, siyosiy fanlar, tibbiyot, jurnalistika, kutubxonachilik va boshqa sohalar. Bu fanlarning har biri bo’yicha O’zbekistondan kamida bitta talaba keldi." Uning aytishicha, dasturda qatnashish jarayoni ancha murakkab. "Ammo natija bunga arziydi. Shu yilning sentyabr-oktyabr oylarida anketa tarqatishni boshlaymiz. Qiziqqanlar anketamizni topib, to’ldirib, o’qishni istagan sohalari bo’yicha insho yo’zib, zarur tavsiyanomalarni olib, anketani topshirishlari kerak. Keyin esa bizdan javob kutishadi."

Amerikada bilim olish juda qimmat. AQSh akademiklari jurnaliga ko’ra, chet ellik talaba bu yerda yiliga o’rtacha 32 ming dollarcha sarflashi mumkin. Xo’sh, AQSh o’zbekistonlik yoshlarni tekinga o’qitib, nima foyda ko’radi?

"O’zbekistonlik yoshlar Amerikaga o’z vatanlari tarixini, madaniyatini, urf-odatlarini olib kelishadi," javob qiladi Segars. "Amerikaliklar, afsuski, O’zbekiston haqida ko’p bilishmaydi. Shunday ekan, biz o’zbekistonlik yoshlardan bilim olamiz. O’z o’rnida biz ham ularni o’qitamiz."

Qoidaga binoan, dasturda qatnashib, AQShda bilim olgan talaba o'qishdan keyin kamida ikki yil o'z vatanida yashashi va ishlashi kerak.

Markazi New Yorkda joylashgan Xalqaro Ta’lim Institutining ma'lum qilishicha, so'ngi hisoblarga ko'ra, AQSh bo’ylab kamida 386 nafar o’zbekistonlik talaba bor. Ularning ko’pchiligi AQSh hukumati tomonidan quvvatlanadi.

(Lavhada muxbirimiz Charlene Sarmientoning hissasi bor)

XS
SM
MD
LG