Breaking News

AQShda qashshoqlar soni ko'paymoqda - 2004-09-20


Gretia Davis-Hill yolg’iz ona. Kechalari poytaxt Washingtonda qo’riqchilik qiladi. Besh farzandi bor. 15 yoshli Antonio ulardan biri.

Gretia oilasini boqish uchun ikki ishda, kuniga 16 soat ishlardi. Ikki yil oldin yuz bergan avtohalokat natijasida bir ishidan ajraldi. Shundan beri moliyaviy qiyinchilikdan chiqmaydi. Bir necha oy oldin tabiiy gazni qirqishdi. Chunki Gretia uning haqini to’lay olmayapti. Yaqinda suvni ham qirqishadi, degan tashvishda.

"Uyga kelarkansiz, bu yerda ham qiladigan ish ko’p. Harajatlar uchun zo’rg’a qurbim yetyapti. Ahvolni qanday tasvirlashni ham bilmayman. Yetarli pulim yo’q. Juda og’ir," deydi Gretia.

Bu muammolar ham yetmagandek, Gretianing besh nabirasidan biri- bir yoshli Shanti ichak kasalidan qiynaladi, doimiy tibbiy yordamga muhtoj. Tug’ilganidan beri tort marta amaliyotdan o’tdi. Beshinchisi yaqinda qilinishi kerak. Oila tibbiy to’lovlar uchun hukumatdan yordam oladi. Lekin Gretia boshi qarzdan chiqmaydi.

"Bir oylikdan ikkinchisigacha qarz olishga majburman. Keyin uni to’lash kerak. Keyin esa yana qarz olaman. Bu normal holga aylangan," gapiradi u.

Gretia bu borada yolg’iz emas. Sogliqni saqlash, ta’lim va boshqa zaruriyatlarning qimmatlashib borayotgani Amerikadagi ishchi oilalarini kambag’allik quchog’iga otmoqda.

Hezer Bushiy, Washingtondagi Iqtisodiyot va Siyosatni O’rganish Markazining ilmiy xodimi ahvolni shunday sharhlaydi:

"Shu yilning ikkinchi yarmidagi inflyatsiya darajasiga qarab, maoshlar miqdori ham pasaya boshladi. 2003 yilning noyabr oyidan beri ko’pchilik amerikaliklarning oyliklari pasayib boryapti."

Son’gi rasmiy hisoblarga ko’ra, kambag’al va soglig’ini sug’urta qilmagan amerikaliklar soni, uch yildirki, tobora ko’payib bormoqda. 2003 yilda 36 millionga yaqin amerikalik kambag’allik darajasidan quyida yashayotgan edi. 2004 yilga kelib bu son 1 million 300 mingga oshgan. AQShda qashshoqlik darajasi bu to’rt kishilik oilaning yiliga 18 ming 800 dollar daromad qilishidir. Yiliga bu miqdordan past daromad qilayotgan amerikaliklarning ko’pi yolg’iz onalardir.

"Daromad jihatdan tengsizlik yanada kengaygan. AQSh oilalarining beshdan biri, ya’ni kambag’al oilalarning yillik daromadi deyarli 2 foisga pasaygan, boy oilalarniki esa 1,1 foizga oshgan. Boylar yanada boyidi, kambag’allar yanada kambag’allashdi," deydi Hezer Bushiy.

Past va orta daromadli oilalarning moliyaviy masalalari yaqinlashayotgan president saylovida va saylovoldi kampaniyasida muhim rol o’ynasa ajabmas. Demokrat nomzod John Kerry, maoshlarni oshiraman va sog’liq sug’urtasini kengaytiraman, deydi. Prezident Bush esa rahbariyatim mamlakatni moliyaviy inqirozdan olib chiqdi va soliqlarni pasayirish hisobiga yangi ish o’rinlari ochdi, deydi.

Ammo, AQShda qashshoqlikning o’tgan uch yil ichida tinimsiz oshishi, siyosatning past daromadli oilalar foydasi uchun ishlamaganini ko’rsatadi.

Gretia 2000 yildagi president saylovida ovoz bermagan edi. Bu yilgi saylovda, albatta ovoz beraman, deydi u.

XS
SM
MD
LG