Washingtonda Amerika Hindulari Muzeyi ochildi - 2004-09-21


Amerika hindulari milliy muzeyi Washington shahri markazida ochilgan eng so’ngi muzey. AQShning boshqa joylari kabi, bu yer ham bir zamonlar hindular oyog’i ostida titragan zamin edi. Hindular bu yerlarda ov qilishgan, baliq tutishgan, oilalarini boqishgan.

Endi esa, o’n yillik mehnatdan so’ng, Shimoliy va Janubiy Amerika bo’ylab yashagan tub aholi sharafi uchun yangi muzey ochildi. Maskan hindular madaniyati, san’ati, tarixi haqida hikoya qiladi. Muzey loyihasi ustida amerikalik to’rt hindu, ikki erkak va ikki ayol ter to’kishdi. Me’mor John Po’l Jones, o’ziga xos, noyob manzara yaratishni istadim, deydi.

"Biz boshidanoq bu yerga qadam qo’ygan kishi o’zini tamoman o’zga yerda his qilsin, degan maqsadni olg’a surdik. Biz bu joyni organik, tabiiy tusda bunyod etishni xohladik," deya bildiradi u.

Maskan haqiqatda tabiiy chiqqan. AQSh poytaxtidagi markaziy hiyobon atrofida joylashgan rasmiy, grek va rimliklar me’morchiligiga asoslangan boshqa muzeylardan tubdan farq qiladi. Imorat hindu qabilalari yashagan joylarda uchraydigan, tabiat qudrati ostida shakllangan, qoyani eslatadi. Loyihachilardan biri, aslida etno botanik Donna Haus, muzeyda, tabiatning hindular hayotidagi rolini ko’rsatmoqchi bo’lganini aytadi.

"Biz, ya’ni Shimoliy va Janubiy Amerikaning tub aholisi uchun yer, tabiat, toshlar, osmon, borliq va ularning bir-biri bilan aloqasi muhim ahamiyat kasb etadi," ta'kidlaydi dizayner.

Muzeyning hovlisida turli hajmdagi toshlarni ko’rasiz. Ba’zi hindular ularni, “bobo toshlar,” deyishadi. Tabiiy manzara. Hovlidan Tiber degan ariq bor. O’tmishda bu yerlardan shu nomli suv oqqan ekan. Me’morlar muzey eshigini sharq tomonda, kunchiqar tomonda bo’lishini istashdi. Imoratdan chiqar ekansiz, qarshingizda Kapitoliya ko’rinadi.

AQSh yerining ko’p qismi bir zamonlar hindularning yeri edi. Amerika shtatlari, shaharlari va suvlariga hindu qabilalarining nomi, hinducha so’zlar qo’yilgan. Masalan Kanzas, Yuta, Chikago, Chesapik... Muzey amerikaliklar va boshqalarga tub aholining mag’rur tarixini xotirlashda yordam beradi.

"Bu maskan orqali biz xalqqa ota-bobolarimiz kimlar bo’lgani haqida hikoya qilamiz. Biz hali ham hayotmiz, turmush kechiryapmiz, deymiz. Muzey shu maqsadda qo’llaniladi. U hindu elatlarining barchasini namoyish etadi," deydi Jones.

XS
SM
MD
LG