Prezidentlikka nomzodlar - yuzma-yuz - 2004-09-29


Prezident saylovi oldidan kechadigan debatlar uzoq tarixga ega emas.

Ilk televizion debat 1960 yildagi prezident saylovi kampaniyasida, Demokrat John Kennedi va Respublikachi Richard Nikson o’rtasida o’tgandi.

Yosh chehrali Kennedi o’ziga juda ishongan holda gapirib, tomoshabin olqishini qozongan.

Nikson ekranda biroz mazasi yo’q, nima deyayotganini anglamayotgan kishidek ko’ringandi.

Kennedy, "Amerikaning olg’a siljish vaqti keldi," desa, Nikson, "Janob Kennedining gapiga ko’pchiligimiz qo’shilamiz," deya javob qilgan.

Ko’pchilik tahlilchilarga ko’ra, debatlar John Kennedining 1960 yilda prezidentga aylanishida muhim rol o’ynagan. Kennedi televidenie orqali xalqni o’ziga rom qila olgan. Nikson ham radio tinglovchilarning e'tiborini qozongan, xolos.

"...John Kennedi va Rochard Nikson o’rtasida birinchi debat bo’lganida, Nikson ancha tanilgan va tajriba orttirgan nomzod edi," deydi tahlilchi Stefen Hess. "Ammo John Kennedining xushsurat va yoqimtoyligi xalqni dilini oldi. Bildikki, farqlar tor saylovda har narsaning ahamiyati bor ekan."

Debatlar shunday keyin 16 yilcha o’tkazilmadi. 1976 yilgi saylov kampaniyasida Prezident Gerald Ford va uning Demokrat raqibi Jimmy Karter yuzma-yuz bahslashishga qaror qilishdi.

Fordning uch bahsning ikkinchisida aytgan mana bu gapi unga saylov kuni pand berdi: "Sharqiy Yevropa Sovet hukmi ostida emas. Ford rahbariyati ostida hech qachon bunday bo’lmaydi."

Fordning Sharqiy Yevropa haqida aytgan notog’ri gapi Karterning saylovdagi g’alabasi uchun zamin yaratgan bo’lsa ajabmas.

Oradan to’rt yil o’tib, Prezident Karter uni Oq Uydan chiqarish uchun bor kuchini ishga solayotgan Respublikachi Ronald Reagan bilan yuzma-yuz o’tirdi.

Saylov kampaniyasi qiziyotgan bu paytda, Reagan vaziyatdan foydalanib, raqibiga retorik bir savol bilan murojaat qildi: " To’rt yil avvalgidan kuchliroqman, deb o’ylaysizmi?"

Haqiqat shuki, ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, Reagan saylov oldidan xalq orasida keng olqishlanayotgandi.

1984 yilda Reagan qayta saylanish uchun urinar ekan, uning sog’lig’i va yoshi saylov kampaniyasidagi mavzuga aylandi. Raqibi Demokrat Uolter Mandeyl bilan bahslashar ekan, masalaga shunday nuqta qo’ydi:

"Yoshni saylov kampaniyasidagi masalasiga aylantirmoqchi emasman. Raqibimning yosh va tajribasizligidan foydalanmayman."

Uolter Mandeyl, "Reagan ana shu gapni aytgan zahotiyoq saylovda boy berganimni bilganman," degandi.

Prezident saylovi oldidan kechadigan debatlar odatda o’ta ahamiyatli voqealar sanaladi. Bahslar saylov kampaniyasini qizdirarkan, uni millionlab kishilar tomosha qiladi.

Ba’zida debatlarda aytilgan gap emas, gapning qanday aytilgani va nomzodlarning omma oldida namoyon bolayotgan shaxsiyati muhim rol o’ynaydi.

1988 yilgi George Bush va Demokrat Maykl Dukakis o’rtasidagi debatda, o’rtani olib borayotgan Bernard Shou Dukakisga shunday savol berdi:

"Gubernator Dukakis, agar rafiqangizga tajovuz qilishsa, o’ldirishsa ham o’lim jazosiga qarshimisiz?"

Dukakis o’lim jazosiga batamom qarshiligini bildirarkan, uning chehrasidagi sovuqlik, mabodo rafiqasi o’ldirilgan holda ham o’lim jazosini afzal ko’rmasligini qay tarzda gapirishi tomoshabinga yoqmadi.

Debatlardagi unutilmas voqealarning cheki yo’q. 1992 yilgi saylovoldi debatida Bill Klinton va raqiblaridan biri Ross Perot bahslashar ekan, ekranda Prezident Bushning soatiga qarayotganini ko’rasiz. Bu, ba’zi saylovchilar nazarida, Bushning oddiy xalq bilan yonma-yon emasligini, uni tushunmasligini ko’rsatgandi.

Tort yil oldin, Bushning o’g’li, Texas gubernatori Jeorj Bush vitce-prezident Al Go’r bilan yuzma-yuz bahslashdi. Go’r Bushga qaraganda ancha usta debatchi sanalardi.

Bu bahsdagi eng unutilmas voqea balki Al Go’rning Jeorj Bush javob berayotgan paytda uf tortganidir.

Ammo, bahsda Go’rning emas, Bushning qo’li baland keldi. Tahlilchilarga ko’ra, Bush o’sha bahsda o’zini kutilganidan yaxshiroq tarzda namoyish etgan.

Virginiya Universiteti professori Larry Sabatoning fikricha, Prezident Bush va Senator Kerri o’rtasidagi bu yilgi debatlar ham chuqur ahamiyatga ega.

"Debatlar odatda juda yirik ahamiyatga ega voqealar emas. Ammo bu yilgisi istisno hol bo’ladi," deya hisoblaydi Sabato. "Chunki, poygadagi farqlar juda tor. Partiyaning prezidentlikka nomzodi partiya a’zolarini ruhlantirishi lozim." Shuningdek, deydi u, kimga ovozini bilmay turgan kishilarning 2-3 foizini ham o’zlari tomonga qarata olish darkor. "Aynan o’sha odamlar o’zi bu debatlarga e’tibor berishadi."

Senator Kerri yaqinlashayotgan debat orqali ommaviy quvvatlanish bo’yicha Prezident Bushga yetib olmoqchi. Har ikki nomzod ham yuzma-yuz bahslarda boy bermaydigan siyosatchilar.

Kerrining bu borada uddaburonligi uni senatorlikka qayta-qayta saylagan. Bush esa bahslar yordamida avval Texas gubernatori, to’rt yil oldin esa mamlakat prezidenti etib saylangan.

XS
SM
MD
LG