Ilk debat: Bush va Kerri tashqi siyosatda to'qnashishdi - 2004-10-01


30 sentyabr kuni Florida shtatida kechgan saylovoldi debatida prezidentlikka nomzodlar Prezident Jorj Bush va Senator Jo’n Kerri Iroq masalasida butunlay qarama-qarshi fikr bildirishdi.

"Dushman ozod Iroq uning nafratga to’la ideologiyasi ustidan g’alaba qilishini tushunadi. Shu sabab ular jon-jahdi bilan kurashishmoqda. Ular bizni Afg’onistonda ham yengmoqchi bo’lishgandi, lekin yutqazishdi," deya ta'kidladi prezident.

"Endi esa xuddi shu sabab bilan Iroqda qarshi chiqishmoqda. Ular bizni yutishga urinishyapti. Biz maqsadni boy bersak, yutqazamiz. Kuchli tursak, dushmanni yutamiz," dedi Bush.

Javob uchun Kerriga 90 soniya berildi.

"Men kuchli, birdam va qat’iy turishga ishonaman. Men terroristlarni qayerda bo’lmasin tutib, o’ldiraman. Lekin biz aqlni ustalik bilan ishlatishimiz kerak. Bu degani Afg’onistonda Osama bin Ladenga qarshi olib borilayotgan urushni Iroqqa ko’chirish degani emas. 11 sentyabr voqeasini tekshirgan komissiya, Saddam Husseinning bunga aloqasi bo'lmagan, deb xulosa qildi. Iroqqa Saddam Husseinni hukumatdan olish uchun emas, ommaviy qirg’in qurollari sabab borilgandi. Bu prezident, afsus bilan aytamanki, qarorida katta xato qildi," dedi senator.

Kerri, Iroq urushi xato ish bo’ldi; u yerda ommaviy qirg’in qurollari yo’q ekan; Bush butun diqqatni Iroqqa qaratish bilan Shimoliy Koreya va Eronga o’z atom dasturlarini rivojlantirishga sharoit yaratdi, dedi:

"Bu rahbariyat Shimoliy Koreya bilan ikki yildan beri gaplashgani yo’q. Butunlay gaplashilmagan davr ichida yonilg’i rodalari chiqdi, u yerdan inspektorlar, televizion kameralar haydab chiqarildi, bugunga kelib Shimoliy Koreya qo’lida to’rtdan yettitagacha atom quroli bor. Buning hammasi Prezidentning ko’z o’ngida yuz berdi. Bu hukumatning bir-biriga mos kelmagan, eng noaniq nazar bildirishidir."

Senator Kerri Shimoliy Koreya bilan muzokaraga kirishga boshlashga chaqirdi. Bushga ko’ra, Shimoliy Korea avvalgi bitimlarni buzdi va hozirda olti-tomonli, Xitoy va boshqa davlatlar ishtirokidagi guruh Shimoliy Korea rahbariga bosim berishni rejalagan.

"Fikrimcha, bu ish beradi," dedi Bush. "Kim Yong Il bilan u istagandek gaplashsak, hech natija bermaydi. U, unga qat’iy so’zlayotgan olti-tomonli yoki besh davlatdan iborat koalitsiyani yo’q bo’lishini, istaydi. Eron bilan ham shunday qilish umidim bor. Eronning mulllalarini atom qurollaridan qaytishga ko’ndirish uchun dunyo bilan ishlayman."

Ikki raqib AQShni terrorizmdan qanday himoya qilish, Rossiya bilan qanday munosabatda bo’lish kabi mavzularga ham qarama-qarshi nazar bildirishdi.

Har ikkisi o’zini, urush davrida Amerikani yetaklay olish qudratiga egaman, deya bong urdi.

Bush va Kerrining navbatdagi debati 8 oktyabr kuni Missuri shtatining Sent Luis shahrida joylashgan Vashington Universitetida bo'lib o'tadi.

XS
SM
MD
LG