Jon Kerri -Demokratlarning prezidentlik uchun nomzodi - 2004-10-06


AQShning Boston shahrida kechayotgan Demokratik partiya saylovoldi anjumanining so’ngi kunida Senator Jon Kerri prezidentlik uchun nomzodlikni rasman qabul qildi.

Kerriga ko’ra, shu yilning noyabrida o’tadigan prezident saylovlari tarixda kechgan boshqalaridan tubdan farq qiladi:

"Bu hayotimizdagi eng muhim saylov. U ko’p narsani hal qiladi. Davlatimiz urushda. Tarixda hech ko’rilmagan dushmanga-terrorga qarshi urushyapmiz. Vatanimizda iqtisodiy ahvol o’gir, sog’liqni saqlash qimmatlashib bormoqda, o’rta sinf kichrayib bormoqda."

Qurultoydan oldin, Kerrining saylov kampaniyasi marosim orqali nomzodni Amerika saylovchilariga qayta tanishtirmoqchiligini bildirdi.

Kerrining Vietnam urushida qilgan qahramomona xizmati va AQSh xavfsizligi uchun ter to’kkani shu kunlarda Demokratlar tomonidan tez tez qayd etilmoqda.

Jon Kerri esa AQShning bosh qo’mondoini bo’lishga tayyorligini aytdi:

"Gapning to’g’risi shu: Talab qilinsa, harbiy kuch ishlatishdan tortinmayman. Har qanday hujumga o’ziga yarasha javob beramiz. Men hech bir davlat va xalqaro tashkilotga nisbatan, mamlakatim xavfsizligi sabab, veto qo’ymayman. Amerika armiyasini kuchaytiraman."

Kerry prezident bo’lsa, Amerika razvedka tizimini tubdan yaxshilab, uni siyosiy bosimdan himoya qilmoqchi.

2001 yilning 11 sentyaridagi terroristik hujumlar yuzasidan tekshiruv olib borgan mustaqil komissiya tavsiya etgan har bir ishni darhol amalga oshiraman, deydi senator:

"Razvedka tizimini tezlikkda isloh qilaman. Uning ishi faktlarga asoslanishini ta’minlayman. Faktlarning siyosatchilar qo’lida suiste’mol qilinishiga yo’l qo’ymayman. Amerika an’anasini tiklayman: AQSh xohlagani uchun emas, majbur bo’lgan taqdirdagina urushga borishi mumkin." Demokrat nomzod, shundan so’ng, saylovdagi raqibi Prezident Bushga qarata favqulodda shunday dedi:

"Quyidagi gapimni Prezident George Bushga aytaman: Kelasi kunlarda, faqat raqib emas, umidvor nomzodlar bo’laylik. Amerika oilasini bo’lmaylik, balki birlashtiraylik. Mamlakatning rang-barangligini qadrlaylik. Bir-birimizni xurmat qilaylik. Siyosiy maqsadlarimiz uchun AQSh tarixidagi eng bebaho hujjatni, konstitutsiyamizni suiste’mol qilmaylik." Kerriga ko’ra, Demokratlar optimist va uddaburonlardir. Sobiq prezident Bill Clinton davrida erushilgan iqtisodiy yutuqlarni sanab o’tarkan, Kerri u muvaffaqiyatlarga yana erishish qol’dan keladi, dedi:

"Yanada porloq kunlarimiz hali oldinda deb ishonuvchi hammangizga, Amerika xalqiga nisbatan chuqur ishonch bilan – AQSh prezidentligiga nomzodlikni qabul qilaman.

Qurultoy yakunlanar ekan, 100 ming qizil, oq va ko’k sharlar hamma yoqni qopladi. Demokratlar partiyaning birligini bildiruvchi ayyomni nishonlashdi.

Demokratlar har doimgidek, bunday saylovoldi qurultoylari Amerika xalqi bizning qanday g’oyalarni oldinga surishimizni va nomzodlarimiz kimlar ekanini yanada yaqqolroq ko’rsatadi, deb umid qilishmoqda.

Respublikachilar partiyasi esa shu turdagi qurultoyi avgust oyi so’ngida New Yorkda o’tkazadi.

Siyosiy tahlilchilarning fikricha, bu yilgi prezident saylovida hech bir partiya boshqasiga qaraganda uncha ko’p ovoz ololmaydi, chunki tarafdorlar soni o’rtasidagi farq uncha katta emas.

Senator Kerri va vitce-prezidentlikka nomzod Jon Edvards shu kunlarda Amerikaning, saylovda eng muhim rol o’ynovchi, shtatlaridagi saylovchilar bilan uchrashishmoqda.

Amerika Ovozi, O’zbek Xizmati.

XS
SM
MD
LG