Breaking News

Kerri Senator Jon Edvardsni vitce-prezidentlikka ko'rsatdi - 2004-10-06


AQSh prezidentligiga nomzod Demokrat Jon Kerri: "Amerika qadriyatlarini tushunadigan va himoya qiladigan odamni tanladim."

Kerri shimoliy karolinalik Senator Jon Edvardsni vitse-prezidentlikka ko’rsatdi.

Demokratlar, saylovchilar Kerri va Edvardsni Amerikaning tashqi va ichki siyosatini o’zgartirishga qodir nomzodlar deb ko’rishadi, degan umidda.

Iroqqa qarshi urush tarafdori bo’lgan Edvards Prezident Bushni o’zboshimcha siyosatda ayblaydi.

Senator Edvards Iroq va Afg’onistondagi harbiy amaliyotlar uchun qo’shimcha 87 milliard dollar ajratilishiga qarshi chiqqandi.

Unga ko’ra, AQSh Iroqqa boshqacha yondashishi kerak. Iroqliklarga ko’proq erkinlik berilib, mamlakatni tiklash ishlari aynan kimning qo’liga topshirilayotgani yaqindan nazorat qilinsin, deydi u.

Yana bir muhim masala - savdo-sotiq. Sobiq siyosiy maslahatchi Dennis Jonson, Jon Edvardning bu soha haqidagi fikrini shunday tasvirlaydi:

"Senator Edvards Amerika ishchilarini, ularning ish joylarini himoya qilib chiqyapti. U tug’ilib-o’sgan shtatda ham ishsizlik katta muammo, ayniqsa to’qimachilik sanoatida."

Edvards xorijga ko’chirilayotgan ish o’rinlarini AQShda saqlab qolish uchun mamlakatdagi kompaniyalar vaqti-vaqti bilan soliqdan ozod etilsin, deydi. Shu sabab u 1998 yilda Shimoliy Amerikada erkin savdo shartnomasini tanqid ostiga olgandi.

Senator terrorga qarshi urushni jon-jahdi bilan quvvatlaydi. Ammo Bushning bu boradadgi siyosatini butunlay qoralaydi. Uning aytishicha, AQSh terrorizmga qarshi kurashda boshqa davlatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishi lozim.

Lekin, respublikachilar uning tanqidlarini rad etib, Edvards juda yosh siyosatchi, tashqi siyosat, mamlakat xavfsizligi masalalarida tajribasi kam, shu sabab vitce-prezidentlikni eplolmaydi, deyishmoqda.

Kongresga olti yil oldin saylangan Edvards Senatning Razvedka bo’yicha Qo’mitasi a’zosi. Yaqinda ichki razvedka tashkiloti tuzishni taklif qildi.

Prezident Bushdan Jon Edvards va vitce-prezident Dik Cheniyni qanday taqqoslaysiz, deb so’ralganda, u shunday javob qildi: "Dik Cheniy president bo’la oladi."

Vitce-prezident Cheniy mudofaa vaziri, Oq Uy apparati boshlig’i bo’lgan. Besh marta AQSh Kongressiga saylangan.

51-yoshli kelishgan va mehri issiq senator Jon Edvards oddiy amerikaliklarning qahramoniga aylangan. U mamlakat janubidagi bir shaharchada tug’ilib, voyaga yetgan. Onasining do’koni bor edi. Otasi esa to’qimachilik fabrikasida ishlardi.

Jon oilasida birinchi bo’lib universitetga borgan. Huquqshunoslikni bitirib, advokatlik qilgan. U kompaniyalar va kasalxonalarni sudga bergan odamlarni himoya qilib, shon-shuhrat orttirdi.

Bundan sakkiz yil oldin Edvardsning oilasida katta fojea yuz berdi. 1996 yilda o’smir o’g’li avtohalokatda o’ldi.

"Bu odamni hech qachon tark etmaydigan dahshatli voqea," deya bildiradi Edvards.

Senator, "siyosatim tarbiyam, men ulg’aygan muhit natijasidir," deydi. "Haqiqat shuki, biz ikki turli Amerikada yashaymiz. Biri nima istasa, qachon istasa. shuni qila oladigan odamlar uchun, ikkinchisi esa boshqa hamma uchun."

"Prezident Bush boylar uchun soliqni qirqdi, men buning aksini qilaman," deydi u.

Siyosiy tahlilchi Stuart Rotenburgga ko’ra, Jon Edvards oddiy amerikaliklar dardini sherigi Jon Kerriga qaraganda yaxshiroq tushunadi. Uningcha, Kerri fuqarolardan ancha uzoq odam:

"... Edvards saylov kampaniyasida kuchliroq. Shaxsiyati va ko’rinishi orqali odamlar ko’nglini oladi. Kerridan ko’ra, xushbichimroq, chaqqonroq."

"Men Jorj Bushga eng ko’p marta qarshi chiqqan yigitman. Bundan juda faxrlanaman," deydi Edvards.

Ichki masalalarda, senator Edvards abort qilish huquqi va o’lim jazosi tarafdori. Gomoseksual odamlarning o’zaro oila qurishiga qarshi. Saylovchiga vitce-prezidentning emas, prezidentlikka nomzodning kim ekani muhimroq, deyishadi.

"Pirovardida saylovchi Jon Kerri va Jorj Bushdan birini tanlaydi, ularning vitce-prezidentlikka nomzodlarini emas," deydi tahlilchi Rotenburg.

Jon Edvardsning prezident saylovida qanchalik muhim rol o’ynagani shu yilning 2 noyabrida o’tadigan saylov natijasidan keyin bilinadi.

XS
SM
MD
LG