Birinchi raketa-samolyot 10 million dollarga sazovor bo'ldi - 2004-10-08


SpaceShip One, ya’ni birinchi raketa-samolyot, Kalifoniyaning Moxavi dashtidan samoga ko’tarildi. 15 kmcha yuqori chiqqach, uni olib ketayotgan samolyotdan ajraldi va yer atmosferasining eng ustki qatlami tomon uchib ketdi.

Olimlarga ko’ra, fazo kemasi atmosferada 114 kilometr yuqoriga chiqqan. Bu borada bundan 40 yilcha avval qo’yilgan rekordni buzgan. Samoda bir yarim soatcha sayr qilgan raketa fazogir Brayn Binniy nazorati ostida rejadagidek to’g’ri qo’ndi.

Bir hafta ichida bu kabi ikki muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirgan raketa, 100 kilometr tepaga chiqish bo’yicha e’lon qilingan 10 million- dollarlik Ansari mukofotini qo’lga kiritdi. Fazogir Binniy yerning samodagi ko’rinishini tasvirlaydi:

"Los Angelesning janubi, Tinch okeani sohili bo’ylab, tog’lar, shimol va sharqdagi cho’llar yaqqol ko’rindi… ajoyib manzara… ajoyib tuyg’u… U yerda o’ziga xos erkinlikni, g’aroyibotni his etasiz. Buni, menimcha, hamma boshdan kechirishi kerak."

Xususiy donorlar beradigan Ansari mukofoti, fuqarolarning samoga safarini ommaviylashtirish maqsadida tashkil etilgan. Xuddi Charlz Lindbergning 1927 yilda Atlantika okeani ustidan uchib o’tgani fuqaro aviatsiyasiga yo’l ochganidek.

Raketa-samolyotga taniqli mutaxassis Burt Rutan muhandislik qilgan. Fazo kemasiga Mikrosoft kompaniyasi asoschisi Po’l Allen homiylik qildi.

Virgin Atlantik havo yo’llari rahbari Richard Branson fuqarolarning samoga uchishi yo’lida 25 million dollar sarmoya qo’yayapti.

Fuqaro raketasi SpaceShipOne shaklida bo’ladi. Undagi har bir parvoz yo’lovchiga 200 ming dollarga tushadi.

XS
SM
MD
LG