Tashqi siyosat - AQSh saylovoldi kampaniyasidagi muhim mavzu - 2004-10-13


Iroq AQSh prezident saylovidagi eng yirik tashqi siyosiy masala. Har ikki nomzod Iroqqa nisbatan qarama-qarshi nazarga ega.

Prezident Bush, Iroq terrorizmga qarshi urushning asosiy fronti desa, Kerri, yo’q, bu ortiqcha g’alva, deydi:

"Prezident bosib olmasidan avval Iroqning terrorga qarshi urushda ahamiyati yo’q edi."

Senator Kerri, Prezident Bushni urushni boshlashga shoshganlikda ayblaydi:

"So’ngi chora. Bu so’zlar men, urushda qatnashgan bir odam uchun, o’zgacha ma’noga ega. Oilalarning ko’ziga qarab, ota-onalarga: Men o’g’lingizni, qizingni hayotini saqlash uchun qo’limdan kelgan hamma narsani qildim, deya olish kerak. Menimcha, AQSh bunday qildik. Biz ittifoqdoshlarni ham chetga surdik."

Kerri, prezident bo’lsa, ittifoqdoshlar safini kengaytirish maqsadida xalqaro summit taskil qilmoqchi ekanini aytadi.

Prezident Bushga ko’ra esa, kuchli ittifoq allaqachon mavjud. Kerri bu hamkorlarni mensimayapti, deydi u:

"Raqibim, urushda hech qanday ittifoqdoshimiz yo’q, deydi. U Tony Blairga nima deydi? Polshaning Aleksandr Kvasnevskiysigacha? Iroqda Amerika qo’shinlari qatorida xizmat qilayotgan kishilarning mehnatini qadrlamasang, qanday ittifoq tuza olish mumkin?"

AQShning tashqi ishlar bo’yicha sobiq xizmatchisi Allen Keysvetter ham Respublikachi, ham Demokrat prezidentlar qo’li ostida ishlagan.

Uningcha, Kerrining ko’p-tomonlama siyosati katta o’zgarish bo’lishi mukin, ammo Demokrat nomzod dunyo rahbarlari ichidan Iroqqa nisbatan yetarli qiziqish topa olarmikan?

"U yangi odam. U rasman ko’proq internationalist bolishni tanlagan. Menimcha, u buning uddasidan chiqadi," deydi Keysvetter.

"Lekin, haqiqat shuki, qarshingizda nima bo’lsa, shunga ko’nikish kerak, odamlarning Iroq dab-dala bo’ldi, deganiga ham. Mana shu davomli mash-mashaga boshini tiqishga tayyor tomonlarni topish oson bo’lmaydi," deya qo'shadi sobiq diplomat.

Bush, Kerrining internatsionalistik qarashini keskin tanqid qilib, bu Frantsiyaga AQSh siyosatini veto qilishga yo’l ochadi, deydi:

"Menimcha, xalqaro jihatdan yaxshi nom qozonish uchun bizning manfaatlarimizni o’ylamaslik noto’g’ri ish. Men boshqa davlatlar bilan ishlashni istayman, ishlayapman ham. Lekin AQSh uchun noma’qul qarorlar qilmayman."

Bush, Iroqqa kirish Amerika uchun ma’qul ish bo’ldi, chunki davlat endi xavfsizroq va tashqi siyosat kuchaydi, deydi:

"Ozod Iroq dunyoning erkinlikka zor bu mintaqasidagi kuchli namuna bo’ladi. Erkin Iroq Isroilning xavfsizligida yordam beradi. Erkin Iroq Eron kabi mamlakatlarda islohatlar bo’lishiga undaydi."

Bush, Yevropadagi ittifoqdoshlar bilan, Eron hukumatini atom dasturidan voz kechishga ko’ndirish maqsadida ekanini aytadi.

Kerri esa, Eronning atom quroli yaratmasligi uchun prezident hech narsa qilmadi, deydi. Unga ko’ra, Bush Shimoliy Koreaning atom dasturi masalasini ham eplay olmayapti.

Prezident ikki yil davomida Shimoliy Korea hukumati bilan muzokara qilmay, ko’p imkoniyatlarni boy derdi, deydi senator:

"Umuman gaplashilmagan paytda, uran qalamchalari chiqdi. Inspektorlarni, televizion kameralarni haydab chiqarishdi. Bugunga kelib, Shimoliy Korea qo’lida to’rtdan yettitagacha 4-7 tacha atom quroli bor. Buning hammasi Prezidentning ko’z o’ngida yuz berdi. Bu hukumatning bir-biriga mos kelmagan, eng noaniq nazar bildirishidir."

Kerri, Shimoliy Korea bilan ikki-tomonlama muzokara boshlash kerak, desa, Bush, bu Kim Yong-Ilning asl maqsadi; u Janubiy Korea, Xitoy, Rossiya va Yaponiya ishtirokidagi hozirgi muzokaradan qutulishni istaydi, deydi:

"Hozir Kim Yong-Ilga bir emas, besh tomon gapiryapti. Agar Kim Yong-Il bitimni yana buzadigan bo’lsa, u endi nafaqat Amerikaga, balki Xitoyga nisbatan ham adolatsizlik qilayotgan bo’ladi. Menimcha, bu muzokaralar ish beradi."

Afrikada, Bushning aytishicha, AQSh Sudandagi qonli voqealar natijasida boshpanasiz qolgan aholiga yordam berish maqsadida 200 million dollardan ziyod mablag’ ajratyapti.

U Sudanga Amerika qo’shinlarini jo’natishni istamaydi, ammo u yerda yuz berayotgan genotsitni to’htatish uchun mintaqadagi harakatlarni quvvatlaydi.

Kerri ham AQSh kuchlarini Sudanga yubormaslik fikrida, lekin kelajakda har narsa bo’lishi, deydi u. Uningcha, Washington Afrikaga ko’proq ko’maklashishi lozim.

"Hozir, prezident faqat insonparvarlik yordami ko’rsatyapti. Biz bundan ko’p ish qilishimiz kerak. Yo’lini topib, u yerdagi qotillikka chek qo’yishimiz lozim. Demak, bugungi harakatimiz kam, bu yetmaydi," deydi Kerri.

Ikkala nomzod nazarida ham, atom qurollarining yoyilishi Amerikaga nisbatan eng kuchli xavfdir.

Bunga qarshi nima qilish kerakligiga kelganda esa, ular turli fikrda. Prezident Bush buni terrorga qarshi urushning bir katta qismi, deb ko’radi.

Kerri esa AQSh, sobiq Sovet mamlakatlaridagi yadroviy materiallarni nazorat ostiga olishi kerak, deydi:

"Biz boshqalarga atom quroliga ega bo’lolmaysan, deymiz. O’zimiz esa yangi atom quroli yaratmoqchimiz. Lekin men prezident bo’lgan holimda emas. Men dasturni butunlay yopaman. Atom qurollarining yoyilishiga qarshi qanchalik jiddiy ekanimizni dunyoga isbotlaymiz."

Bush Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan atom qurollarining yoyilishi, hamda Putinning o’z siyosiy kuchini mustahkamlash borasidagi ba’zi qarorlari haqida gaplashganini aytadi.

"Menimcha, demokratiyada tekshiruv va muvozanat bo’lishi kerak. Men unga buni ochiq aytdim. Markaziy hukumatni kuchaytirish bilan, u balki G’arbga va AQShga, tekshiruv va muvozanatga ishonmasligini bildirayotgandir. Men unga buni aytdim," deydi prezident.

Prezident Bush, hamma ham mening tashqi siyosatimni ma’qullamasligi mumkin, ammo xalq mening qarashlarimni, nimaga ishonishimni va tinchlikni qanday asrash borasidagi fikrimni biladi, deydi.

Uning Demokrat raqibiga ko’ra esa, bilish boshqa, to’g’ri yo’lni tanlash boshqa.

Prezident bo’lgan taqdirda, Kerri Amerikaning, uningcha, Prezident Bush hukmronligida boy bergan xalqaro obro’ini qayta tiklashga so’z bermoqda.

XS
SM
MD
LG