Keksa yoshdagi amerikaliklar - eng faol saylovchilar - 2004-10-15


Amerikaning yoshi keksa fuqarolari mamlakatdagi eng faol va ishtiyoqqa to’la saylovchilardir.

2000 yildagi saylovda yoshi 65dan 75gacha bo’lgan fuqarolarning 72 foizi ovoz bergan edi.

Jon Roter Amerika nafaqaho’rlar uyushmasi vakili. "Keksa saylovchilar Amerikadagi eng ishonshli saylovchilardir. Ovoz berish, ular uchun, fuqarolik burchidir," deydi u.

Uyushma no-hukumat tashkiloti, unga yoshi 50dan oshgan 35 million amerikalik a’zolikka kirgan.

Roterga ko'ra, Respublikachi Jorj Bush ham, Demokrat Jon Kerri ham shu keksa saylovchilarning dilini ovlayapti.

"Prezident saylovida, odatda keksalar ko’pchilik ovoz kimga tegishini belgilovchi saylovchilar. Demak, keksa saylovchilarning ko’pchiligi kimga ovoz bersa, o’sha odam yutadi. Biz hozir ko’pchilik Demokratlar yoki Respublikachilar tomonda ekanini ko’rmayapmiz. Odamlar, har bir nomzodning kimligi va masalalarga qanday yondashishiga qarab, qaror qilishyapti," deydi u.

Siyosiy tahlilchi Styuart Rotenbergning fikricha, prezidentlikka nomzodlar, hammadan ham, katta yoshdagi saylovchilarga e’tiborni qaratishi juda muhim.

"Kimdir AQShning shimoliy-sharqida, kimdir janubida yashaydi. Kimdir qora tanli, kimdir ispan kelib chiqishiga ega, kimdir oq tanli. Shu sabab, ba’zi shtatlardagi saylovchilar biror bir siyosiy partiyaga sodiq kishilar emas. Ular har bir nomzodning shaxsan kim ekaniga,mamlakatdagi hozirgi ahvolga qarab, ovoz berishadi," qo'shadi u.

Katta yoshdagi saylovchilarning roli shunchalik muhim ekani uchunmi, Prezident Bush va Senator Kerri o’z vaqtlarini keksa yoshdagi aholisi ko’p hududlarda sarflashmoqda.

Nomzodlar ularga soq’liqni saqlash, sog’liqni sug’urta qilish masalasi, keksalarga zarur dori-darmonni olishda hukumatning yordami kabi masalalar xususida ko’p gapirishadi.

Florida shtatida yashovchi Jerriel Drumnond uchun bularning ahamiyati katta:

"Dori-darmon masalasidan tashvishdaman. Hukumat yordamida hamma dorini olmayapman. Juda qimmat."

70 yoshli Art Palanoys Florida shtatidagi keksalar uchun ajratilgan uylardan birida, yashaydi. Bu keksalarning ko’pi sog’liq sug’urtasining narxi oshib borayotganidan, nafaqalarining qirqilishi mumkinligidan xavotirlanishadi.

10 yil burun nafaqaga chiqqan Art, retseptli dorilarning narxi oshib, ahvolimiz ancha qiyinlashdi, deydi:

"Dorilar qimmat, hammamizga dori kerak. Dori narxining pasayishini albatta xohlaymiz. Nafaqamizning kamaymasligini istaymiz. Unga tegishmasa, bo’ldi. Hozircha, yomonmas."

Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, keksa saylovchilar, hammadan ham, nafaqa miqdorining pasaymasligini, ta’lim tizimining yaxshilanishini istashadi.

Nafaqaho’rlar, hukumat so’q’liqni saqlash va xalq ta’limiga ko’proq pul sarflasin, deya bildirishadi. Jumladan, nyu jersilik Fillis Gatvetter shunday deydi:

"Biz hozirgi ijtimoiy yordamni olish uchun ko’p ter to’kkanmiz. Ular kelajak avlodga ham yetsin. Bizni xalq ta’limi masalasi ham qiziqtiradi. Floridadagi o’qituvchilar katta muammolarni boshdan kechirishayotganini bilamiz. Ularning bu ahvolda qolgani uyat emasmi?"

Mutaxassislar nazarida, keksa amerikaliklar faqat bir masalaga qarab ovoz berishmaydi.

Jon Roterning aytishicha, bu saylovchilarning ko’pi Iroqdagi urushdan, ishsizlikdan tashvishda.

"Ular iqtisodiyot, ularning sarmoyalari, farzandlarining ish topishda qiynalishayotganidan xavotirdalar, " deydi u.

Nyu yorklik, 74 yoshli Elizabet Berk, ana shu saylovchilardan biri. Ish o’rinlari yaratish uchun ko’proq pul ajratishsin, deydi u:

"Ko’p mutaxassislarga ishsiz yurishibdi. Ish y’q. Ishsizlikdan qiynalayotgan, yoki kam maoshga bo’lsa-da ishlashga majbur odamlar ko’p."

Senator Kerri ham, Prezident Bush ham keksa yoshdagi amerikaliklarga g’amho’rlik qilishga so’z berishyapti. Ammo, bularning hammasi keyin…

Ayni damda ular uchun eng muhimi, bu katta yoshdagi fuqarolarning ovozini qo’lga kiritishdir.

XS
SM
MD
LG