Breaking News

Hollivud aktyori Kristofer Riv olamdan o'tdi - 2004-10-15


O’tgan hafta, 52 yoshida hayotdan ko’z yumgan Kristofer Riv kino olamiga –70 yillarda qadam qo’ygandi.

“Supermen”filmidagi ilk roli uchun 200dan ortiq yosh aktyor orasidan tanlangandi.

Keyingi 17 yil ichida u o’ndan ziyod filmlarda bosh rollarni ijro etdi.

Ammo, 1995 yilning bahorida uning hayotida katta fojea yuz berdi. Ot poygasida chiniqqan chavandoz musobaqada otidan yiqilib, bo’ynini sindirdi.

Uzoq davr mobaynidagi turli muolajaalar uncha samara bermadi.

Respiratorsiz nafas ololmay qolgan aktyor umurtqa pog’onasi bilan bog’liq ilmiy izlanishlar qilinishini tashviq qila boshladi.

AQSh qonun chiqaruvchilarini bu soha uchun ko’proq mablag’ ajratishga va negizli hujayra bo’yicha tadqiqotlarni quvvatlashga chorladi.

U, negizli hujayra nobud bo’lgan hujayralarni o’rnida yangisini hosil qilishga qodir, deya bong urayotgan olimlar safiga qo’shildi.

Kristofer Riv 1997 yilning 5 iyunida qilgan nutqida shudany degandi: "Xalq, qolaversa, biz saylagan vakillar, ilmiy izlanishlarning quruq gap emasligini, pulning bekorga sarflanmayotganini, bu, kishilarni azobdan qutqarish uchun yagona yo’l ekanini va uning Amerika iqtisodiga ham foyda qilishini anglashlari shart."

Riv, keyinroq, o’zini rejissyorlikka urdi. 1998 yilda chiqqan “Rear Window”, ya’ni “Yon Deraza” filmida o’ynadi. Bu ijrosi uchun Kristofor Riv Amerika kinochilari uyushmasining eng oliy mukofotiga sazovor bo’ldi.

Ammo, Rivning asosiy ishi so’g’liqni saqlash sohasini takomillashtirish, tibbiy izlanishlarni quvvatlash va ularga mablag’ yig’ish bo’ldi.

Vafotidan bir oy oldin, u Birlashgan Millatlar Tashkiloti qo’mitasi oldida dunyo nogironlarining huquqlari haqida nutq so’zladi.

Bir necha oy avval esa Tel Avivga safar qilib, ommaga, o’zining eng buyuk hayot darsi haqida gapirdi:

"Hayotiy saboq shuki, barchamizda, boshimizga tushgan har qanday og’ir kunni, faqat xastalik yoki nogironlik emas, balki hayotda uchraydigan har qanday mashaqqatga bardosh bera oladigan ichki kuch, quvvat va ishonch bor."

XS
SM
MD
LG