AQShda ro'za "Ramazonni baham ko'rish" shiori ostida boshlandi - 2004-10-15


15 oktyabr kuni Amerika musulmonlari Ramazon oyini boshlashdi.

Islom bu mamlakatda eng tez tarqalayotgan dinlardan biri. AQSh bo’ylab 6 million nafardan ziyod musulmon istiqomat qiladi.

Kaliforniya, Nyu York, Illinois, Indiana, Michigan va Virjiniya eng ko’p musulmon aholiga ega shtatlardir.

Amerika musulmonlarining ko’pchiligi qora tanlilar; Janubiy Osiyo va yaqin sharqlik muhojirlardir.

Amerika xalqi ongida Islom va Ramazon xususida ijobiy va keng tushuncha hosil qilish niyatida Amerika-Islom Aloqalari Kengashi bu yil “Ramazonni baham ko'rib” degan maxsus dastur ishlab chiqdi.

Dastur mamlakat musulmonlarini musulmon bo’lmagan kishilarni, jumladan qo’shnilarni, hamkasblarni va do’stu-birodarlarni iftorlarga taklif qilishga chorlaydi.

Amerikaliklarning Islomga nisbatan nazarini o’rganish uchun qilingan ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, har to’rt amerikalikning biri Islomga zo’ravonlik va nafrat tarqatuvchi din deb qarar ekan.

O’tgan yillar ichida, Prezident Jorj Bush mamlakat musulmonlarining ko’nglini olish umidida iftorlar o’tkazyapti.

AQShda 1200 tadan ortiq masjid bor, hamda o’nlab musulmon tashkilotlari ishlaydi.

Musulmon yetakchilar, jumladan, poytaxt Vashingtonda joylashgan Amerika-Islom Aloqalari Kengashi direktori Nihad Avad, musulmonlarni Ramazon paytida o’z dinlari haqida boshqalarga saboq berishga undamoqda.

"Bizning tashkilot har yili Ramazon paytida mamlakat musulmonlarini matbuot va omma bilan muloqot qilishga, odamlarga Islom haqida gapirishga, qolaversa, boshqalarni musulmonlar bilan aloqa qilib, ularning hayoti, dinini o’rganishga chorlab keladi," deydi u.

Nihad Avad, musulmon bo’lmagan kishilarni iftorga taklif qilishni tashviq qilamiz, deydi. Chunki, iftor payti odatda kechki ovqat payti.

Ramazon oyining ilk kuni Prezident Bush musulmonlarga, Islomning eng muqaddas ayyomi muborak bo’lsin, deya tabrik yo’lladi.

Bushga ko’ra, Amerika tarixdan turli din va elat vakillarini, erkinlik, oila va e’tiqodni e’zozlab kelgan. Musulmonlar AQSh jamiyatining farovonligida muhim rol o’ynaydi.

(Ma'lumotda muxbirimiz Amy Katzning hissasi bor.)

XS
SM
MD
LG