O'tgan saylovda "ovoz berishni eplolmagan" floridaliklar bu yilgisiga tayyorlanishmoqda - 2004-10-18


Florida shtati saylovchilari bu safar kompyuter orqali ovoz berib, 2000 yilgi prezident saylovida yo’l qo’yilgan xatolarni takrorlamaymiz, deyishmoqda.

Tereza LePore shtat saylov komissiyasi a’zolaridan biri. To’rt yil avval yuz bergan mash-mashani juda yaxshi eslaydi:

"Biz hamma ovoz berish uskunalarini ishlatishni, ovoz kartochkasini qanday teshishni biladi, deb o’ylagandik. Hamma saylovchilarga saylov kuni nima qilish kerakligi ayon, deya xotirjam o’tirgandik."

2000 yilgi prezident saylovini Florida hal qildi. Respublikachi Jorj Bush u yerda Demokrat Al Go'rdan ko’ra 537 ta ko’p ovoz oldi.

Ovoz berishda xatolarga yo’l qo’yilgan deya, minglab saylovchilarning ovozi bekor qilindi.

Saylovdan keyingi 36 kun davomida xizmatchilar ovoz berish kartochkasidagi butun va yarim teshiklarni sanab, aslida kimga ovoz berilganini aniqlashga majbur bo’lishdi.

Jarayon xalqni ga’zablantirib, uni ikkiga bo’ldi. Saylovchi Eddie Brannon voqeadan juda achchiqlanganini aytadi"

"Ish pishiq qilinmadi, chunki qancha qancha ovozlar hisobga olinmadi. Saylov natijasi xom bo’ldi." Brannon, bu safar odamlar sal ehtiyot bo’lishar, deb umid qilmoqda.

Florida saylov komissiyasi bu yilgi saylovlar silliq kechadi, deb va’da qilmoqda.

Shtat hukumati monitoriga qo’l tekkizib va optik tasvirga olish yo’li orqali ovoz beriladigan kompyuter sistemalarini qo’llash uchun 125 million dollar sarfladi. Ovozni qo’lda sanash maan etiladi; xavfsizlik kuchaytirilgan.

Tereza Leporega ko’ra, salylovchini ovoz berishga tayyorlash muhim saylovoldi masalasidir.

"Xatolardan saboq olish kerak. O’tgan kamchiliklar takrorlanmasin. Shu sabab, saylovchini o’qitishga qattiq bel bog’laganmiz. Harakatni davom ettiramiz," deydi u.

Saylovchi Diane Zinnanti o’zgarishlardan xursand:

"Bu safar o’tgan saylovdagidek uyatga qolmaymiz.Menimcha, bu yilgi saylov osonroq kechadi. Chunki, saylovchilarga ovoz berish jarayoni haqida ma’lumotlar berilyapti. Kichkina kartochkamiz bor. Menimcha, hech qanday muammo chiqmaydi. Buning ustiga aqlli odamlar ko’p. Bizni ahmoq deb adolatsizlik qilishgandi."

O’zgarishlarga qaramasdan, ba’zi saylovchilar o’ta takomillashgan kompyuter monitoridagi tegishli joyni bosib ovoz berish odamni juda jayajonlantiradi, deyishyapti.

"Men buni qadrlayman. Biz kompyuter asrida yashayapmiz, demak zamondan orqada qolish yo’q. O’zgarishni shu tariqa ovoz berib, boshlaymiz," deydi saylovchilardan biri.

Boshqa bir saylovchi esa "Ovoz berib bo’lganimni anglatuvchi belgi juda sekin chiqdi. Menga yordam kerak," deydi.

Florida AQShning saylov bo’yicha eng muammoli shtatlaridan biri bo’lib qolmoqda. Yuksak texnologiya masalaga yechim emas, deyishadi tanqidchilar.

Ovozlarni qayta qo’lda sanab chiqish nega maan etildi, deya hayron bo’layotganlar bor. Chunki, deydi saylov komissiyasi a’zosi, buning hojati yo’q.

"Kompyuter sistemasi bizga har bir saylovchining ovozi haqida ma’lumot beradi. Buni qog’ozga bosib chiqarish mumkin. Qarabsizki, hamma narsa ayon. Bu texnologiyadan maqsad shuki, saylovchining istagi tez va oson ravishda aniqlanadi. 2000 yildagidek qo’lma qo’l o’tmaydi," deydi mulozim.

Siyosiy tahlilchilarga ko’ra, hozirgi eng murakkab masala - bu umidi so’ngan Florida saylovchilarini saylovda qatnashishga ko’ndirish va ularni "shu yilning 2 noyabrida bergan ovozingiz albatta hisobga olinadi," deb ishontirishdir.

XS
SM
MD
LG