AQSh Prezidentini kim saylaydi - xalqmi yoki Saylov Kengashi? - 2004-10-18


Prezidentni kim tanlashi kerak, xalqmi yoki parlament? AQShda bu masala ikki asrdan ko’proq davr avval, konstitutsiya yaratilgan paytda hal etilgan.

"Mamlakatimiz asoschilari, Amerika xalqining o’z prezidentini saylay olishiga unchalik ishonishmagan. Shu sabab, Saylov Kengashi tashkil etishgan," deydi Kandis Nelson, Amerika Universitetining siyosiy fanlar bo’yicha professori.

Unga ko’ra, "prezidentni xalq saylasin, yo’q, parlament saylasin," deya bir-biri bilan kelisholmagan AQSh asoschilari Saylov Kengashi yaratib, muammoga nuqta qoyishgan.

Saylov Kengashi degan tizim ikki bosqichdan iborat. Saylov kuni saylovchilar ma’qul ko’rgan nomzodga ovoz berishadi. Ko’pchilik shtatlarda, eng ko’p ovoz olgan nomzod, saylov kengashidagi eng ko’p ovozni oladi.

Saylov Kengashida jami 538 ovoz bor. Har bir shtat AQSh parlamenti, ya’ni Kongresda nechta vakilga ega bo’lsa, kengashda ham shuncha ovoz berish huquqiga ega.

Masalan, Kalifoniyadek katta shtatning saylov kengashida 55 ta ovoz berish o’rni bor. Ba’zi kichik shtatlarda esa faqat to’rtta.

Kolumbiya okrugidan Kongresga hech kim saylanmaydi, ammo, saylov kengashida hudud 3ta ovozga ega.

"Saylov Kengashida 270 ta ovoz olsangiz, yutasiz. Ularni shtatma-shtat yig’asiz, jumladan Kaliforniyadek yirik shtatning Saylov Kengashidagi ovoz berish o’rni juda katta," deydi prezidentlar bo'yicha tarixchi Allan Liktman.

Saylov Kengashining ijobiy va salbiy tomonlari yillar davomida turli munozaralarga sabab bo’lib kelgan.

Siyosiy tadqiqotchi Norm Ornstaynning fikricha, bu kabi saylov tizimida, kichik yoki katta shtatlardan berilgan ovozlar birdek ahamiyatga ega.

"Saylov Kengashi bo’lmagan taqdirda, nomzodlar nima uchun mamlakatning o’rtasiga kampaniya o’tkazishardi? Aks holda Amerikaning tog’li mintaqalariga borishmagan bo’lardi. U yer da ovoz beradigan odam yo’q," deydi u.

Lekin saylov kengashi degan tizimning tanqidchilari ko’p. 2000 yili saylovda ko’rganimizdek, ko’pchilik ovozni ololmagan nomzod ham president bo’la olarkan.

Ammo, Jorj Bush bu borada birinchi emas. AQSh tarixida undan tashqari yana uch president davlat tepasiga ko’pchilik ovozni olmay kelgan.

To’rt yil avvalgi munozaralar, muammolarga qaramasdan, Saylov Kengashi degan tizim ishlashda davom etadi, deydi siyosiy tahlilchi Stefen Hess:

"Qizig’i shundaki, agar bu tizim yoqoladigan bo’lganida, allaqachon badnom bol’gan bo’lardi. Chunki, Saylov Kengashi ish bermayapti, deb chiqqanlar o’tmishda ko’p bo’lgan."

Prezident saylovi kampaniyasi o’zining so’ngi pallasiga kirarkan, nomzodlar shtatma-shtat yurib, ularni president qila oladigan eng asosiy narsa, Saylov Kengashidagi o’sha 270 ovozni qo’lga kiritishga urinishmoqda.

XS
SM
MD
LG