Jorj Bush - kim? - 2004-10-25


Prezident Jorj Bush boy oila farzandi. U AQSh senatorining nabirasi va sobiq prezidentning o’g’li.

Bolalik yillarida Jorjga uncha qobiliyatli bola sifatida qarashmagan. Maktabni o’rtacha bahoga bitirsa-da, Amerikaning eng yirik va tanilgan ikki oliygohida bilim olishga muvaffaq bo’ldi- Garvard va Yel’ Universitetlarida. U talabaligida beyzbo’l o’ynagan.

AQShning shimoliy-sharqiy qismida voyaga yetgan bo’lsa-da, Jorjni hamisha Texasga tortardi.

Bush Vietnam urushiga safarbar etilmagan Texasdagi havo kuchlarida xizmat qilgan. O’qishi va xizmatini tugatgach, u o’zini neft biznesiga urdi.

Cho’ntagi pulga to’lib, keyinchalik Texasdagi beyzbo’l guruhining egasiga aylandi.

Vaqt o’tib, Bush, hukumat idorasiga saylanishni istayman, deya ochiq bildira boshladi. Bu orada, otasi prezidentlikka ikkinchi muddat uchun saylana olmadi.

1995 yil esa Jorj Bush Texas gubernatori bo’ldi.

Bushning otasi izidan ketib, Oq Uyni egallamoqchi ekani haqida turli taxminlar, shov-shuvlar ko’p edi. Respublikachilar 2000 yilda Jorj Bushni prezidentlikka nomzod etib ko’rsatishdi.

O'shanda u, "Amerika istiqboli uchun kurashishga tayyormiz, deya va’da beramiz. Buyuk maqsadlar yo’lida ter to’kamiz," degandi.

Saylov kampaniyasi mojaroli hollarga boy bo’ldi- Klintonni prezidentlikdan olish uchun kurash va undan keyingi davr, Jorj Bushning bir paytlar aroqho’r bo’lgani va boshqa masalalar.

"Kimdir ichishni tashlaganimni bildi. Kimdir esa nega ichmay qo’yding, deb so’radi. Chunki, rosa ichayotgandim, deb javob qildim," degandi u.

Hayotimni o’zgartirganimning ikki sababi bor, deydi Bush: biri xudoga nisbatan ishonchining kuchaygani va ikkinchi, rafiqasi Laura. O’qituvchi va kutubxonachi bo’lgan bu ayol siyosatga umuman qiziqmasdi.

Saylov kompaniyasida u o’zini mehrli konservativ va samarador islohatchi, deb ta’rifladi. 2000 yilgi saylov ham tortishuvlar bilan tugadi. Bir necha kunlik tahlildan so’ng, Oliy Sud Jorj Bushni g’olib deb topdi.

Saylovdagi mash-mashalarga qaramasdan, Bush, prezidentlikni mahalliy muammolarga yechim izlash bilan boshladi. Xalq ta’limini isloh qilish haqida gapira boshladi.

Bir kun erta bilan Floridadagi maktabda o’tirarkan, mamlakat va uning prezidentligi birdaniga o’zgardi.

Bir lahzada, Jorj Bush urush prezidentiga aylandi.

"Hamyurtlarim, bugun bizning turmush tarzimiz va erkinligimizga qator terroristik, qonli hujumlar qilindi," deya xalqqa murojaat qildi Bush, o'sha kecha.

2001 yilning 11 sentyabridagi Nyu York va Vashingtonga qilingan hujumlar prezidentni ko’p jihatdan o’zgartirdi.

Uning atrofidagilarga ko’ra, Bush yanada jiddiylashdi, o’ziga nisbatan ishonchi kuchaydi, har narsada yanada qat’iylashdi.

Siyosiy tadqiqotchi Jon Fortierning fikricha, Afg’oniston va Iroqda urush ochilarkan, terrorizmga qarshi urush kecharkan, Jorj Bush dunyo nazarida yangi ruhga kirdi.

"Menimcha, biz Bushning avval hech ko’rsatmagan jihatlarini ko’rdik. Bush tashqi siyosatga berilgan prezident emasdi, uning bu borada tajribasi kam edi. Texasdan chiqqan odam. Saylov kompaniyasida ham tashqi siyosat haqida kam gapirilgandi. Lekin uning hujumlarga qilgan javobi, Jahon Savdo Markazi binolarining o’rnida turib aytgan gaplari, Kongresga qilgan nutqlari, uning kuchli ekanini namoyon etdi," deydi tahlilchi.

Ammo, boshqa bir siyosiy tahlilchi, Stefen Hessga ko’ra, ba’zi yangiliklar bo’lgandir, ammo prezidentning asl shaxsiyati o’zgargani yo’q.

Bushning Texasdagi gubernatorlik idorasida ot’kirlagan o’ziga xos boshqaruv usuli bor, deydi u:

"U odamlarga aniq vazifalar beradi, ularni javobgarlikka tortadi, ularga javobgarlikni topshiradi, uning aniq bir maqsad ketidan chopadi. U aniq bir qarashga, nazarga ega."

2000 yilgi saylovda, AQShga xos muammolarni yechaman, deya va’da bergan prezident, ikkinchi muddat uchun intilarkan, urush paytidagi yetakchiligi haqida tinimsiz gapirmoqda.

Jorj Bush, "Men Amerikani xavfdan saqlay olishimni isbotladim," deydi.

XS
SM
MD
LG