Breaking News

Terrorizm, Iroq va iqtisodiyot - AQSh prezident saylovi natijasini belgilashi mumkin - 2004-10-25


AQShda prezident sayloviga bir necha kun qoldi. Nomzodlar Jo’rj Bush va Jo’n Kerri, ish o’rni yaratish va iqtisodiyotni mustahkamlash borasida xalqqa qator va’dalar berish bilan band.

Bush deydiki, uning kuchli soliq siyosati turli sabablar bilan inqirozga yuz tutgan iqtisodiyotni tiklayapti.

Soliqni qirqqanimiz tufayli, bugun, amerikaliklarning cho’ntagiga ko’proq pul tushmoqda, deydi prezident:

"Bizni eshitayotgan odamlar soliqni qirqqanimiz ularga foyda bo’lganini bilishadi. Bolalilar, oilali odamlar endi kamroq soliq to’lashyapti. Bundan, soliq to’laydigan har bir fuqaro foyda ko’rdi. Mening raqibim buning barchasiga qarshi chiqqan edi. Soliqni kamaytirish xalqning mahsulotga nisbatan talabini oshirish maqsadida qilindi."

Prezident Bushga ko’ra, uning soliq siyosati bir yarim million yangi ish o’rni uchun zamin yaratdi. Ammo, u hukumat tepasiga kelgandan beri Amerika 600 mingga yaqin ish joyini boy berdi.

Senator Kerri Bushga qarshi ishsizlik sonini qo’llamoqda. Uning aytishicha, AQShning hech bir prezidenti davrida mamlakatda shuncha ish o’rni yo’qolmagan.

"Prezident yaratgan ishlar, biz boy berayotgan ishlarga qaraganda, yiliga to’qqiz ming dollar kamroq maosh to’laydi. Bush, mamlakatni o’tgan 72 yil ichida boshqarganlar orasida, eng ko’p ishsizlikka yo’l qo’ygan rahbardir. AQSh uning qo’li ostida bir million olti yuz ming ish o’rnidan ayrildi. Undan avvalgi 11 prezident davrida ham urushlar, inqirozlar bo’lgan, lekin buncha ish yo’qolmagan," deydi Demokrat nomzod.

Senator Kerri, prezident bo’lsa, yiliga 200 ming dollardan ko’p daromad qiladigan oilalar uchun soliq miqdorini oshirmoqchi. O’rta va past daromadli oilalar uchun esa soliqni qirqmoqchi.

Demokrat nomzod, shuningdek, Prezident Bushni, xalqning salomatligiga e’tibor bermaganlikda ayblaydi.

Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, ko’pchilik amerikaliklar sog’liqni saqlash qimmatlashib borayotganidan juda tashvishda.

Kerrining aytishicha, soq’liqni sug’urta qilish o’tgan yillar ichida oddiy amerikaliklar uchun yiliga uch yarim ming dollarga oshdi.

"Mamlakatimiz bolalarining sog’lig’i sug’urta qilinmagan. Biz dunyodagi eng boy va rivojlangan davlat bo’lib ham, buning uddasidan chiqmaganmiz. Mening, bu borada barcha amerikaliklarni nazarda tutgan, rejam bor. Bu soq’liq sug’urtasini hammaning cho’ntagi ko’taradi. Xalq, siyosatchilar qo’llaydigan sug’urtani sotib olish imkoniyatiga ega bo’ladi," deydi senator.

Prezident Bush esa, soliqni kamaytirsak, keksa fuqarolarga dori-darmon sotib olishda yordam bersak, ayalgan pul evaziga odamlar istagan sug’urtalarini sotib olaverishadi, deydi.

Unga ko’ra, Kerrining bu boradagi taklifi juda qimmatga tushadi:

"Men odamlarga shu eslatmoqchimanki, reja bu shikoyatnoma emas. To’lay olmaydigan dasturni maqtab nima qilasan? Raqibim sizga senator va kongresmenlar ishlatadigan sug’urtani va’da qilyapti. Bu sug’urta davlatga har bir oila uchun yiliga yetti ming yetti yuz dollarga tushadi. Agar Amerikaning har bir oilasi bu sug’urtani olsa, unda bu 10 yilda besh trillion dollar pul degani. Bu quruq va’da, xolos."

Nafaqa jamg'armasi, ta’limni isloh qilish, qurolga egalikni nazorat ostiga olish, gomoseksual odamlarning o’zaro oila qurishi, abort masalasi, hamda tabiat muhofazasi bilan bog’liq muammolar ham saylov oldidan qattiq muhokamada.

Ammo, ommaviy so'rovlar natijasiga ko'ra, Amerika xalqini asosan iqtisodiyot, terrorizm va Iroq masalasi tashvishga solmoqda.

Siyosiy tahlilchi Larri Sabato, bu uch masala saylov natijasini hal qiluvchi omillardir, deydi:

"Bularning qaysi biri eng muhim rol o’ynashini bilish qiyin. Agar iqtisodiyot eng asosiy ahamiyat kasb etsa, Jo’n Kerri Bushni yutishi mumkin. Mabodo terrorga qarshi urush eng asosiy o’rinda tursa, u holda Bush qayta saylanadi. Agar Iroq birinchi o’rinda tursa, kimning prezident bo’lishini taxmin qilish oson emas. Iroqda ahvol keskinligicha qolsa, bu Bushga yomon. U yerdagi vaziyat ijobiylashsa, balki Amerika uning uchun ovoz berar…"

Ayni damda Bush va Kerrini xalq deyarli teng darajada quvvatlab kelmoqda. Qaror esa 2 noyabr kuni bildiriladi.

XS
SM
MD
LG